Xalqimizda ana shunday goʻzal ibora bor. Shuningdek, yana “toʻgʻri soʻzning toʻqmogʻi” degan matal ham bor. Toʻgʻri soʻzni aytishga hammaning ham jurʼati yetavermaydi. Chunki, toʻgʻri soʻzni aytib kaltak yeganlar qancha! Shuning uchun Fuqarolar qabulxonasi tashkil etilgani ayni muddao boʻldi. Xalq dardini aytib kiradigan eshik davlatimiz rahbari nomidan tinglaydigan mutaxassislarning borligi mamlakatimizdagi har bir kishini bagʻoyat xursand qilmoqda. Xalq qabulxonasi tashkil etilishi bilan birga qabulxonalar yetakchiligida ishchi guruhlari tuzilib, ularning har bir xonadonga kirib fuqarolarning dardlarini tinglashayotgani, masalalarning, muammolarning yechimini birgalikda topishga harakat qilinayotgani yanada aholini xursand qilib, dardlari yengillashtirmoqda.
Men ham ana shunday guruhga qoʻshilishim lozimligini taʼkidlab, poytaxtdan Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumaniga yoʻllashdi.
Oʻzbekiston tumaniga hech bormaganman. Qoʻyluqdagi viloyatga yoʻl oladigan mashinalar toʻxtash joyiga kelib, yoʻnalishni aytganimda, “Prezident qabulxonasidanmisiz, Yaypangami, unday boʻlsa arzimagan boʻlsa ham skidka qilamiz, xalq dardi bilan ketayotgan ekansizku”,-deyishdi shofyorlar. Mamlakatdagi yangiliklardan avvalo yoʻlda yuruvchi shofyorlar xabardor boʻlishadi. Fuqarolar qabulxonalari amalga oshirayotgan ezgu ishlarni xalq tan olayotganining misoli boʻlgani uchun ushbu suhbatni kiritdim. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi fuqarolar murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish va xolisona hal etishga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston tumanining Tangob qishlogʻidagi Fayziobod va Farovon mahallalaridagi tadbirlarda qatnashdim. Menga maʼqul kelgani Toshkentdan borgan vakillar tuman mutaxassislari bilan birga yurib muammolarni maslahatlashib, oʻz oʻrnida, oʻz vaqtida yechilayotgani va nazorat daftarlariga qayd qilib qoʻyayotgani edi.
Xonadonma xonadon kirib yurganimizda roʻparamizdan bir amaki chiqib, “bu yigit Toshkentdanmi?” deb soʻradi. Mahalla oqsoqoli boshini chayqab tasdiqladi. Menda ham yechimini topa olmayotgan muammo bor. Meni uyimga navbat kelganida aytaman deya, guruhimizga qoʻshilib oldi. Nihoyat u fuqaroning eshigi oldiga, saranjom-sarishta hovliga yetib keldik. U yerdan qishloqlarga xos boʻlgan tanish ifor, yangi uzilgan non hidi ufurib turardi. “Bu meni uyim qani mehmonlar supaga chiqinglar” – deya yumshoq koʻrpachalar, oppoq dasturxon yoyilgan moʻjazgina supaga fargʻonacha mulozamat bilan chorladi. Ayoli va kelinlariga qarab, issiq non bilan qaymoq keltirishni buyurdi. ”Avval bir piyola choy ichsangizlar xursand boʻlardim, keyin dardimni aytaman”, -deya turib oldi. “Qaymoq-u qatiqlar oʻzimizning mini firmamizdan. Prezidentimizning qishloq tadbirkorlariga, fuqarolarning oʻz tomorqalaridan unumli foydalanishga alohida eʼtibor berayotgani aholining farovonligini taʼminlashga munosib hissa boʻlib qoʻshilmoqda.” dedi u minnatdorchilik ohanggida. Suhbat orasida uning bir umr ishchi payvandchi mutaxassis boʻlib ishlaganligi, tomorqasidan unumli foydalanib, roʻzgʻoriga kerak barcha narsani yetishtirishini bilib oldik. Fayziobodlik Mamasoli Kimsanovning dardi xalqning dardi ekan.
U shunday dedi: Qishloq yoʻllari oʻnqir-choʻnqir na mashina yura oladi, na piyoda. Ayniqsa, yogʻingarchilik kunlari yanada aholi qiynaladi. Bu haqida besh yildan beri turli tashkilotlarga yozaman, poytaxtga ham xat joʻnatganman. Biroq natija yoʻq. Shu masalani yechib berishingizni soʻrayman”. Murojaatingizni olish uchun poytaxtdan kelib, huzuringizla turibmiz-da, dedik biz. Bu masala shu yerning oʻzida mutaxassislar bilan birga oʻrganib chiqildi. Shikoyat etiborga olindi va nazorat daftariga qayd qilindi. Bir kun oʻtib telefonim jiringlab qoldi. “Sizlarga rahmat, masala hal boʻldi. Mahallamizning ichki yoʻllarini tekislash va asvalt qilish ishlari 2019 yil rejasiga kiritilganini maʼlum qilib, aholining roziligini soʻrab kelishdi. Orzuim eʼtiborga olingani uchun raxmat. – Dedi fayziobodlik Mamasoli Kimsanov.
“Ushbu minnatdorlik fuqarolar qabulxonasi tashabbusining sohibi mamlakatimiz Prezidentiga tegishli. Ularni duo qilavering”.- Deya javob qildim.
Ushbu qishloqdan Mansurjon Hamdamov qishloqqa oʻtgan elektr liniyasining tirgovichlari (taxta stolbalar) chiriganligi va ular ekinzorlardan, hovlilar ichidan oʻtganligi, ularni yoʻl yoqasiga koʻchirib, tartibga solish va yoritgichlar qoʻyilishni iltimos qildi. Bu masala ham oʻz oʻrnida hal etildi. Ayni kunda bu muammo boshqa qishloqlarda ham mavjudligi, shuning uchun Toshkentdan Fargʻonaga koʻplab yoritgichli stolbalar joʻnatilganligi, uning bir qismi Fayziobod mahallasiga ham tegishli ekanligi taʼkidlandi.
Tangob qishlogʻidagi Fayziobod va Farovon mahallalaridagi muammolardan yana biri bu ichimlik suvining shoʻrligidan aholi shikoyat qildi. Ular suvni tindirib isʼtemol qilishar ekan. Biz bilan birga yurgan tuman mutaxassislari oʻttiz kilometr uzoqlikda ichimlik suvi borligi uni bu mahallaga ham tortib kelish loyihasi ustida ishlanayotganligini taʼkidladi. Shuningdek, kimlarningdir uyida suvni tozalab beradigan asbob- uskunalar mavjudligi, suv quvuri tortib kelishdan koʻra, suv tozalagich uskunalari qurish arzon boʻlsa, balki bu yoʻldan foydalanish maʼquldir, degan taklifni ham bildirdik. Bu masala ham nazoratga olindi.
Bu qishloqdan bir paytlar tabiiy gaz quvuri oʻtgan ekan. Biroq, hozir u ishlamayapti. Ushbu tabiiy gaz quvuri ishlamayotganligini bilgan holda baʼzibir xonadonlarga qarzdorlik yozilgan boʻlib, ularga ballonli gaz berilmayotganidan shikoyat qilishdi. Fuqaroning aybi oʻz vaqtida ariza yozmaganligi ekan. Bu masalalar ham oʻz oʻrnida tuman gaz idorasi vakillari ishtirokida hal etildi.
Vafoxoʻja Yoʻldoshev afgʻon urushi qatnashchisi. U qishloq boʻyicha birgina baynalminal jangchi boʻlib, eʼtibor yoʻqlinidan shikoyat qildi. Bu masala ham “Sogʻlom avlod uchun” fondining tuman boʻlimiga va Yoshlar Ittifoqining tuman boʻlimi zimmasiga yuklatildi. Axir yoshlar uning hikoyasini tinglasa urush nimaligini anglab, tinchlikning qadri balandligini his qilishmaydimi! Zero, mamlakatimiz Prezidenti “Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ” soʻzini bekor ishlatmaganlar.
Shuningdek, Tangob qishlogʻidagi Fayziobod va Farovon mahallalarida yashovchilar maosh olib ishlaydigan korxona yoʻqligi borasida ham shikoyat qilishdi. Ular orasida tikuvchilik kasbining egasi ekanligini, biroq, tikuv mashinasi yoʻqligidan shikoyat qilib, uni soʻrovchilar ham koʻp boʻldi.
Bizning taklifimiz: tadbirkorlar shu yerda tikuvchilik fabrikalarining boʻlimlarini yoki kasanachilik yoʻnalishini ochishsa maqsadga maʼqul boʻlardi. Buni tashkil etish, albatta, tuman rahbarlariga va tadbirkorlarni jalb eta olishlariga bogʻlikdir.
Eng asosiysi poytaxtdan kelgan vakillari-u tuman mutaxassislari bilan hamkorlikda koʻpgina muammolarga aniqlik kiritildi, u nazoratga olindi. Albatta, ularning orasida bir kunda hal boʻladigani ham hal boʻlmaydigani ham bor. Eng asosiysi tuman va viloyat rahbarlarining nazoratiga tushdi. Umid qilamizki, prezidentimiz aytganidek rahbarlar oʻzini qiynab ishlashlariga toʻgʻri keladi.
Bu muammolar hal etilsa, obod qishloqlar safiga yana bir maskan qoʻshilishi yurtimiz yanada chiroy ochib, xalqimiz yurtdan, el rahbarlaridan rozi boʻlishi tayin! Zero, mamlakatimiz rahbari ham joylardagi rahbarlarga qarata avvalo, odamlarni rozi qilinglar degan soʻzlarni bejiz aytmaganlar. Darhaqiqat, xalq qabulxonalari davlat bilan aholi oʻrtasida koʻprik boʻlmoqda.
Javlon SAʼDULLAYEV