Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov maktab taʼlimini yaxshilash boʻyicha jamoatchilikdan taklif-mulohazalarini bildirishni soʻramoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu taklifga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari xayrixohlik bildirishmoqda. Feysbukda vazirning shaxsiy sahifasida qoʻyilgan xabar (23 iyun 17.30 xolatiga koʻra) 388 marotaba ulashilgan, 800 kishiga yoqqan va 484 ta sharh qoldirilgan.
Jumladan, aholi tomonidan pedagoglar maoshini va mavqeʼini oshirish, darsliklar sifatini koʻtarish, yagona maktab formasini joriy etish, maktabda erkak oʻqituvchilar sonini oshirish, boshlangʻich taʼlim mashgʻulotlarini yengillashtirish, rus tilida taʼlim beriladigan maktablar oʻrniga rus tilini oʻrgatuvchi darslarni barcha maktablarda koʻpaytirish, diniy taʼlimotga oid darslar soatlarini koʻpaytirish, oʻqituvchini dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni joriy etish, maktablarda turli yigʻimlarni kamaytirish va korrupsiyaga barham berishga oid takliflar kiritilgan.
“Prezidentimiz tomonidan Xalq taʼlimi tizimini tubdan isloh qilish, taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchilarning jamiyatdagi hurmatini yuqori darajaga koʻtarish, maktablarning holatini yaxshilash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha juda katta vazifalar belgilab berildi”, — deyiladi murojaatda. — Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun maktab taʼlimi sohasidagi mavjud muammolarning yechimlari boʻyicha oʻz taklif-mulohazalaringizni bildirishingizni soʻraymiz”.
Eslatib oʻtamiz, Sherzod Shermatov Xalq taʼlimi vaziri sifatida 20 iyundan faoliyat boshladi.
Manba: OʻzA