Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Xalqaro arab tili kuni munosabati bilan «Oʻzbekistonda arabshunoslik: tarix, bugun, ertaga» mavzusida ilmiy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik hamda arab filologiyasi kafedralari tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan arab mamlakatlari elchilari ham ishtirok etdilar.
Tadbirda Al Buxoriy, Az Zamaxshariy, Al Xorazmiy kabi mamlakatimiz allomalarining arab tilini jahonga keng yoyilishiga, ilm-fan ravnaqiga ulugʻvor hissa qoʻshganliklari talabalarning badiiy chiqishlarida, sahna koʻrinishlarida ifoda etildi, taʼkidlandi. Talabalar ijrosida arab tilida kuy-qoʻshiqlar yangradi. Toʻliq arab tilida olib borilgan ushbu tadbirda talabalarning badiiy chiqishlari arab davlatlari elchixonalaridan tashrif buyurgan mexmonlar tomonidan munosib baholandi.
Ushbu tadbirda Arab davlatlari universitetlari bilan oʻquv va ilmiy tadqiqotlar boʻyicha xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohazalar va takliflar ham bildirildi.
Shuningdek, tadbirda universitet tomonidan arab tilida nashr etilgan kitoblar taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Tadbirdan keyin talabalar ustozlari bilan esdalik uchun rasmga tushishdi.
Madina Joʻrayeva va Nodira Sadullayeva Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik kafedrasi oʻqituvchilari