Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasida “Central Asia — 2021”: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari XIV Xalqaro konferensiyasi doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning gumanitar hamkorligi boʻyicha “Kitob va mutolaa – jamiyat taraqqiyotining strategik resursi” mavzusida forumi, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining 150 yillik yubileyini nishonlash, “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimlari oʻtkazildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – fan, taʼlim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarni rivojlantirish va qoʻllashda axborot-kutubxona muassasalari, oʻquv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar faoliyatining hamjihatlikda koʻp yillar samarali faoliyatini yanada kengaytirish, shuningdek, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innavatsion taraqqiyotga olib chiqish yoʻllarini izlashdan iborat.
1997 yildan buyon oʻtkazilishi anʼanaga aylanib qolgan ushbu konferensiya biz mutaxassislarga va ayniqsa yosh kadrlarga nima beradi?
Avvalo, har bir soxaning faoliyatini tartibga solib turuvchi qonunlar, qarorlar va qonun osti xujjatlari mavjud boʻladi. Kutubxona soxasida xam ayni kunda axborot-kutubxona, kitobga mexr uygʻotish, mutolaa va kitobxonlik madaniyatini oshirish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir paytda joriy etilgan huquqiy-meʼyoriy xujjatlarning ijrosini taxlil qilish va ishlamayotgan normalarini qayta koʻrish yoki boʻlmasa takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish imkonini yaratdi.
Maʼlumki, mamlakatimizda turli tizimda kutubxonalar mavjud. Har birining kitobxonlar tarkibi, ularning qiziqishi va talablariga asosan kutubxona xizmati koʻrsatish jarayonida oʻziga xos jixatlari va farqli tomonlari bor. Mana shularni xisobga olgan xolda konferensiya dasturi 6 ta shoʻbadan iborat boʻlib, alohida yondoshuvlar kutubxona xodimlariga yaqindan koʻmak berdi.
Kutubxonalar faoliyatini va uning kelajakdagi rivojini taʼminlash uchun oʻz ishini monitoring qilish, taxlilini olib borish hamda albatta, eng rivojlangan xalqaro davlatlar faoliyatini bilan solishtirish, oʻrganib borish davr talabidir. Konferensiya dasturida 30 dan ortiq chet el kasbdoshlarimizning turli mavzulardagi chiqishlarinig oʻrin olganligi maʼnaviyat targʻibotchilari uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2019 yil 7 iyundagi PQ-4354-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 dekabrdagi 803-son qaroriga asosan “Axborot-kutubxona aʼlochisi” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan boʻlib, bu yilgi konferensiya doirasida axborot-kutubxona sohasi rivojiga, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatishning yangi tizimini yaratishga, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish ishlariga munosib hissa qoʻshgan, jamiyatda mutolaa madaniyatini, kitobxonlikni keng targʻib qilish va yosh mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida samarali mexnat qilgan hamda bu yoʻnalishda yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni ragʻbatlantirish koʻzda tutilganligi va mukofotlar oʻz egalariga topshirilganligi ham juda quvonarlidir.
Respublika miqyosida 126 nafar mukofotlanganlar orasida Toshkent shahridan Axborot-kutubxona markazlari rahbar va mutaxassislarning borligi bizni yanada ruxlantirdi, istiqbolda yangi gʻoyalar asosida ishlashga qanot bagʻishladi. Toshkent shahar “BILIM” axborot-kutubxona markazi direktor oʻrinbosari V. Muratova, Mirzo Ulugʻbek, Sergeli tuman axborot-kutubxona markazlari direktorlarining mexnatlari ham munosib taqdirlandi.
Ayniqsa, 1870 yilda Toshkent ommaviy kutubxonasi sifatida ochilgan ziyo maskani, yaʼni hozirgi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi tashkil etilganining 150 yillik tantanasi ham konferensiya doirasida nishonlanishi kutubxona jonkuyarlarining xaqiqiy KASB BAYRAMIga aylanib ketdi.
Yana bir bor Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tashkil etilganining 150 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etaman! Mamlakatimizda sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning ijodiy intellektual salohiyatini oshirish, har tomonlama yetuk shaxslar sifatida voyaga yetkazishdek masʼuliyatli, mashaqqatli va oʻz navbatida oʻta sharafli vazifani ado etishda kuch-qudrat va ijodiy muvaffaqiyatlar tilayman!
Hafiza KARIMOVA, Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori, “Axborot-kutubxona aʼlochisi”