Hurmatli Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori!
Global sammit ishtirokchilari!
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori janob Gay Rayderga sammitni tashkil etgani uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Yil boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat jahon miqyosida kun tartibidagi eng muhim masalaga aylandi. Dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy oqibatlarini bevosita yoki bilvosita oʻz boshidan oʻtkazmagan birorta mamlakat yoki mintaqa qolmadi.
Hech shubhasiz, bu va boshqa global tahdidlarni samarali yengib oʻtish uchun avvalo oʻzaro muvofiqlashtirilgan harakatlar zarur. Mazkur Global sammit – ana shunday maslahatlashuv uchun qulay maydon boʻlib xizmat qiladi.
Pandemiya sharoitida iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash bilan birga aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hayotiy muhim ahamiyatga egadir. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining Yuzyillik deklaratsiyasida mustahkamlab qoʻyilgan ijtimoiy adolatni taʼminlash borasidagi vazifalarga toʻla javob beradi.
Tashkilot konvensiyalarini milliy qonunchilik va amaliyotga implementatsiya qilish, jumladan, Xalqaro mehnat normalarini qoʻllashda koʻmaklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonda uch tomonlama ijtimoiy muloqotni rivojlantirishga kuchli turtki berdi.
“Tripartizm plyus” tamoyiliga muvofiq, pandemiya davrida inqirozga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonida biznes, kasaba uyushmalari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik faol ishtirok etmoqda. Bu – inqirozga qarshi dasturlarning muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirilishi, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishning kafolatidir.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Pandemiya barqaror xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda bir qator muammolar borligini va bunday favqulodda vaziyatlar boʻyicha global strategik reja mavjud emasligini koʻrsatdi.
Shu munosabat bilan biz BMT shafeligida Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari haqidagi xalqaro kodeksni qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.
Bizning fikrimizcha, ushbu kodeksda davlatlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va huquqni muhofaza qilish sohalarida oʻz fuqarolari va xalqaro sheriklari oldidagi minimal shartlari va majburiyatlari aks etishi lozim.
Birinchidan, biz cheklov choralari, inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi soʻzsiz kafolatlangan holda, faqat vaqtinchalik xarakterga ega boʻlishiga ishonamiz.
Bunday choralar xavf-xatarlar darajasiga mos boʻlishi, xalqaro, ayniqsa, tibbiy mahsulotlar savdosiga, shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi tadbirlarga toʻsiq boʻlmasligi kerak.
Ikkinchidan, pandemiyaning tez tarqalishi tizimli, barvaqt va samarali profilaktika choralarini koʻrish zarurligini koʻrsatdi. Jumladan, kasallik yuzaga kelgan hollarda sogʻliqni saqlash xizmatlari zimmasiga haddan ortiq yuk tushishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Bu birinchi galda epidemiyani prognoz qilish, kasallik tarqalishining erta bosqichida uni jilovlash, oqibatlarini keskin kamaytirish boʻyicha choralarni qamrab oladi.
Uchinchidan, pandemiya mehnat xavfsizligini taʼminlash muhim ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu masala kasallik bilan kurashning eng oldingi saflarida chinakam qahramonlik koʻrsatayotgan sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining faoliyati bilan bevosita bogʻliqdir.
Hozirgi paytda Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasidagi munosabatlar jadal va izchil tarzda rivojlanib bormoqda.
Xalqaro Mehnat tashkiloti Bosh direktori Gay Rayderning 2018 yil Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari boʻyicha qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki yil muqaddam Tashkilot jamoasining qoʻllab-quvvatlashi bilan Oʻzbekistonda munosib ish oʻrinlarini yaratishga koʻmaklashish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida Ish beruvchilar konfederatsiyasi tuzilgan edi.
Oʻzbekistonning Tashkilot konvensiyalari va tasviyalariga qoʻshilishi va ularni implementatsiya qilishi respublikamizning xalqaro mehnat meʼyorlariga amal qilish tarafdori ekanini yaqqol tasdiqlaydi.
Oʻzbekistonning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli va Xalqaro mehnat tashkilotining faol qoʻllab-quvvatlashi bilan mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatni tugatish boʻyicha salmoqli yutuqlarga erishildi. Tashkilot shafeligida uchinchi tomonlar oʻtkazayotgan monitoringni yuksak baholaymiz.
Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasidagi munosabatlar bugun rivojlanishning sifat jihatdan yangi bosqichiga koʻtarildi. Biz konstruktiv muloqot va amaliy sheriklikni yanada kengaytirish tarafdorimiz.
Umid qilamanki, bugungi Global sammit ham ushbu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Barcha ishtirokchilar faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti