“InnoWeek — 2019” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida oʻtkazilgan xalqaro robototexnika musobaqasida yurtimiz yoshlari jamoaviy hisobda birinchi oʻrinni egalladi.
Ikki yosh toifasida (9-16 yoshdagilar “Junior” va 17-23 yoshdagilar “Senior”) xalqaro robototexnika musobaqasi joriy yil 29-31 oktyabr kunlari “Oʻzekspomarkaz“ milliy koʻrgazmalar majmuasida oʻtkazildi. Kattalar oʻrtasidagi bahs ilk marotaba Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida Islom taraqqiyot banki, Islom hamkorlik tashkiloti va IHTning Ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha doimiy qoʻmitasi (COMSTECH) bilan hamkorlikda “The First OIC Robotics Challahge” nomi bilan tashkil etilgan boʻlib, unda IHTga aʼzo 25 davlatdan jamoalar qatnashdi.
Xalqaro musobaqaning birinchi kunida “Senior” yosh toifasida “Robo-sumo” musobaqasining saralash bosqichi oʻtkazildi va 18 davlatdan kelgan jami 82 nafar mahalliy hamda xalqaro ishtirokchilar keyingi bosqichga chiqish uchun bahslashdi. Shuningdek, “Junior” yosh tofasidagi “Waste sort out” va “Kegelring” musobaqalarida Markaziy Osiyo davlatlaridan yosh ishtirokchilar qatnashdi. Musobaqaning yuqori darajada oʻtishini taʼminlash maqsadida Malayziya, Misr, Pokiston va Turkiyadan mutaxassis hakamlar jalb etildi.
Musobaqaning ikkinchi kunida “Senior” yosh toifasining “Robo-football” yoʻnilishida 9 ta davlatdan kelgan 40 ishtirokchi oʻrtasida saralash bosqichi hamda “Junior” yosh toifasida “Robo-sumo” boʻyicha saralash bosqichi oʻtkazildi.
Musobaqalarning uchinchi kuni ikki yosh toifasida yarim final va final bahslari oʻtkazildi. Yarim final bosqichida Iordaniya, Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan ishtirokchilar bahslashdi. “Senior” yosh toifasining “Robo-football” yoʻnalishida Iordaniya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston vakillari yarim final oʻyinlarida ishtirok etdi va yakunda Iordaniya va Oʻzbekiston vakillari final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Final bahsida Iordaniya vakillari gʻolib deb topildi, Oʻzbekiston jamoasi ikkinchi oʻrin, Qozogʻiston jamoasi uchinchi oʻrinni egalladi.
“Robo-sumo” yoʻnalishining “Play-off” bahslarida Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston vakillari ishtirok etdi. Finalda Tojikiston vakillari birinchi oʻrin, Qirgʻiziston ikkinchi, Oʻzbekiston yoshlari uchinchi oʻrinni egalladi.
“Junior” yosh toifasining uch yoʻnalishida ham gʻoliblar aniqlandi. “Waste sort out” yoʻnilishida Qozogʻistondan kelgan ikki jamoa birinchi va ikkinchi oʻrinlarni, Oʻzbekiston vakillari uchinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, “Kegelring” bahsida barcha sovrinli oʻrinlar Oʻzbekiston vakillariga nasib etdi. “Junior” yosh toifasining “Robo-sumo” yoʻnilishining yarim final bahslarida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistondan vakillar ishtirok etdi. Birinchi oʻrinni Qirgʻiziston, ikkinchi oʻrinni Oʻzbekiston vakillari egalladi, uchinchi oʻrin Tojikistondan vakillarga tegdi.
“Senior” yosh toifasining gʻoliblariga Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan ajratilgan “Robo-football” yoʻnilishida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan jamoa uchun 6000 AQSH dollari, ikkinchi oʻrin uchun 4000 AQSH dollari, uchinchi oʻrin uchun 2000 AQSH dollari hamda “Robo-sumo” yoʻnalishi boʻyicha birinchi oʻrin uchun 5000 AQSH dollari, ikkinchi oʻrin uchun 3000 AQSH dollari, uchinchi oʻrinni olgan jamoaga esa 1000 AQSH dollariga teng cheklar taqdim etildi.
Musobaqa yakunlariga koʻra umumjamoa hisobida Oʻzbekiston birinchi oʻrinni, Qirgʻiziston va Qozogʻiston ikkinchi hamda uchinchi oʻrinlarni egalladi.