Xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorovga Prezidentimiz sovgʻasi topshirildi

0
230
marta koʻrilgan.

Shaxmat boʻyicha jahon va Osiyo chempionatlari gʻolibi, xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorovga Prezidentimiz sovgʻasi topshirildi. 

Shu munosabat bilan Shaxmat boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi R.Qurbonov va boshqalar mamlakatimizda sportni, jumladan, bolalar sportini rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol insonlar qilib tarbiyalash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, jahon maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir isteʼdodli sportchilarni tayyorlash va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doimiy eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidladi. 

Davlatimiz rahbarining shu yil 3 iyundagi «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi, 10 avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi qarorlari soha rivojida muhim dasturilamal boʻlmoqda. 

Bugun yurtimiz sportchilari nufuzli sport anjumanlarida – jahon va qitʼa chempionatlari, Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida yuqori natijalarga erishib, Vatanimiz dovrugʻini butun dunyoga tarannum etmoqda. 

Buni yosh shaxmatchimiz Javohir Sindorov misolida ham koʻrish mumkin. Toʻrt yarim yoshidan shaxmat bilan muntazam shugʻullanib kelayotgan Javohirning erishgan yutuqlariga jahonning yetakchi shaxmatchilari ham havas qiladi. U 2012 yil Hindistonda maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oltin va kumush medallarga sazovor boʻldi. 2013 yil Eronda shaxmat boʻyicha 18 yoshgacha oʻgʻil-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritdi. 

2014 yil Gretsiyada maktab oʻquvchilari oʻrtasida shaxmatning rapid va blits yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida Javohir Sindorov biryoʻla ikkita oltin medalni qoʻlga kiritdi. Braziliyada maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan shaxmat boʻyicha jahon chempionatida ham oltin medalga sazovor boʻldi. 2015 yil Tailandning Pattayya shahrida shaxmat boʻyicha maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi jahon chempionatida yana shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. 2016 yil Rossiyada oʻtkazilgan maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi jahon chempionatida kumush medal bilan taqdirlandi. 

2017 yilgi sport mavsumi ham shaxmatchimiz uchun muvaffaqiyatli boʻlmoqda. Javohir aprel oyida poytaxtimizda shaxmat boʻyicha 8-18 yoshgacha oʻgʻil-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida ikkita oltin medalni qoʻlga kiritdi. 

– Javohir juda tirishqoq va mehnatkash shaxmatchi, – deydi uning murabbiyi, xalqaro grossmeyster Marat Jumayev. – U bilan deyarli har kuni besh-olti soatdan mashgʻulot oʻtkazamiz. Javohirning bugungi kunda erishayotgan natijalari kelajakda yanada katta yutuqlarni qoʻlga kiritishiga ishonch bagʻishlaydi. 

Yaqinda Turkiyaning Antaliya shahrida oʻtgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDEning 88-Kongressida yosh shaxmatchimiz Javohir Sindorovga xalqaro shaxmat ustasi unvoni berilgani eʼlon qilindi. 

Jahon va Osiyo chempionati gʻolibi, xalqaro shaxmat ustasi Javohir Sindorov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy noutbuk (Macbook) bilan taqdirlandi. 

– Prezidentimizning biz yoshlarga koʻrsatayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrligidan minnatdormiz, – deydi Javohir Sindorov. – Xalqaro maydonda erishayotgan gʻalabalarimiz mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor tufaylidir. Prezidentimizning sovgʻasi meni yanada yuksak marralar sari ruhlantiradi, kelajakda xalqaro grossmeyster talabini bajarishimda yaqin koʻmakdoshim boʻladi. 

 

 

Bayram Aytmurodov, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.