Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekistonda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotganining 80 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim ishtirokchilariga” yoʻllagan tabriknomasini oʻqiganimda jurnalistik faoliyatimda oʻzim suhbatlashgan turfa sohalarda ishlab, Vatanimiz taraqqiyotiga, tinchligiga munosib hissa qoʻshib kelishayotgan koreys millatiga mansub fidoyi kishilar koʻz oldimdan oʻtdi. Jumladan, unda shunday deyiladi: “Mehnatsevarligi, qatʼiy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz oʻxshashligi tufayli koreyslar Oʻzbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, koʻp millatli Oʻzbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-eʼtibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi… Mamlakatimizda katta obroʻ-eʼtibor qozongan 283 nafar koreys millatiga mansub yurtdoshimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan”.
Darhaqiqat, Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi. Ayni kunda u qoʻmitaga aylantirildi. Ushbu tashkilot chorak asrdir-ki, xalqlar doʻstligini ulugʻlab, yurtimiz fuqarolarining birdamligiga, ahilligiga, Vatanimiz tinchligiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ayni kunlarda mamlakatimizda 130dan ortiq millat vakillari doʻstona umriguzoronlik qilmoqda. Mamlakatimizda tashkil etilgan turli millat vakillarining milliy madaniyat markazlari oʻz faoliyati bilan ham bu ishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ulardan biri Koreys milliy madaniyat markazidir.
Mamlakat prezidenti tilga olgan Koreys milliy madaniyat markazi aʼzolaridan biri Xivadagi Mehribonlik uyi direktori, Oʻzbekiston qahramoni Vera Pak. U uzoq yillardan beri yetakchilik qilayotgan Xiva Mehribonlik uyi mamlakatimizdagi eng qadimiy maskanlardan biri hisoblanadi. Ikki –uch yil avval ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalovchi ushbu muassasa zamonaviy kottej tipidagi yangi maskanga koʻchib oʻtdi. Oʻz qadriyatlari va anʼanalariga ega bu dargoh “Eng yaxshi Mehribonlik uyi”, “Eng yaxshi Mehribonlik uyi tarbiyachisi” koʻrik tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlishga erishgan. “Eng mehmondoʻst Mehribonlik uyi”, “Eng yaxshi taʼlim-tarbiya dasturini ishlab chiqqan Mehribonlik uyi” kabi yoʻnalishlarda ham sovrinlar olishga muyassar boʻlgan. Ularning bitiruvchilar bilan olib borayotgan ishlari, oʻquvchilarning oliy oʻquv muassasalariga oʻqishga kirishi, yangi joyga moslashishi, kasb tanlashi, umuman ularning ijtimoiy integratsiyasi masalalari xalqaro forumlarda ham ommalashtirilgan. Albatta bu yutuqlarda mamlakatimizning gʻamxoʻrligi va Oʻzbekiston qahramoni Vera Pakning fidoyiligi uygʻunlashgan.
Koreys millatiga mansub men suhbatlashgan yana bir ayol Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan vrach Svetlana Soy. U xalq bilan muloqotni afzal biladigan va inson manfaatlarini oliy qadriyat deb hisoblaydigan zahmatkash, fidoyi kishilardan. Xalq bilan muloqatni xush koʻruvchi xususiyati uni elga tanitdi. Oddiy vrachlikdan viloyat boshqarmasining boshligʻi darajasiga koʻtardi. “Xorazm viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga yetakchilik qilganimda xalqimizning bagʻri kengligini, doʻstona samimiyatni qadrlashini yanada yaqindan his etdim. Men Vatanimiz bilan, koʻp millatli ahil yashayotgan xalqimiz bilan faxrlanaman”,- deydi u.
Uning oʻzbekcha bemalol gapirayotganini yurtga mehr, doʻstlik timsoli deb tushindim. Bu ayni haqiqat edi. Mamlakatimizda boʻlgani kabi Xorazm viloyatida ham koʻpgina millatlar ahil yashaydi. Barining – mahalliy xalq bilan toʻyi bir, azasi bir. Rus maktabida tahsil olgan Svetlana Soyni faqat zohiriy koʻrinishi va familiyasidangina boshqa millatga mansubligini sezish mumkin. Undan oʻzbek tilini qayda oʻrgandingiz deya soʻragan edim. “Albatta, mahallada” deya javob qaytarib shunday dedi: “Mahalla deganda oʻzbek xalqining milliy qadriyatlari, toʻkin-sochin xonadonlar, ezgulik, mehr-oqibat uygʻunligi koʻz oldimizga keladi. Bizning mahallalarimiz tajribasini butun jahon oʻrgansa arziydi. Undagi insoniylikka, bir-birovning dardini, tashvishlarini his etish fazilatlariga eʼtibor bering: Toʻy egasi marosimni boshlashdan oldin birinchi kimlarni yoʻqlaydi? Avvalo qoʻsha-qarigan, farishtali qariyalarning huzuriga ikkita issiq non olib kirib, oq fotiha oladi. Soʻngra, yotgan kasallarni yoʻqlaydi. Mahallada azador boʻlsa, kirib koʻngil soʻrab, toʻyga rozilik oladi. Uning haqqi hurmati musiqani balandlatmaydi. Oliyjanoblik oddiy tuygʻulardan boshlanadi. Mehr-muhabbat, eʼtibor kimni quvontirmaydi?! Bu qadriyatlar respublikamizning har bir mahalla va qishlogʻida mavjud. Men ana shunday oʻzbek mahallasida ulgʻaydim. Bundan xursandman. Mahalla kuchli muloqot vositasi, muloqot boʻlsa, inson bir-birini tushinib boradi va mehr qoʻyadi”.
Bir necha yil avval AQSH Prezidenti Klintonning rafiqasi Xillari Klintonning kitobi oʻzbek tiliga oʻgirildi. Uni qiziqib, oʻqib chiqdim. Uning mazmun-mohiyatida bir-birini qadrlab, bir-biriga mehr oqibat koʻrsatib, goʻzal qoʻshnichilik asosida, xuddi bizning mahallalardagidek yashash tarzi orzuligi yozilgan edi. Kitobda kattalar oʻrtasida, qoʻni-qoʻshnilar orasida mehr-oqibat kuchaytirilsa, bola tarbiyasi ham yaxshi boʻlishi taʼkidlanadi. Bu bizning mahalla-yu, qishloqlarimizda qadriyatga aylantirilgan urf-odatdir. Dunyoning eng rivojlangan davlati hisoblangan AQSH turli millat vakillari mahallaga uyushib ahil yashashni orzu qilayotgan ekan, bizda esa u allaqachon shakllanib boʻlgan. Bu uyushma bizga, ming-ming yillar qaʼridan kelayotgan goʻzal anʼana, milliy qadriyatdir.
Xorazm viloyatining uzoq Gurlan tumanida Guliston qishlogʻi bor. Bu yerlik oʻzbek ayollari koreyscha salat tayyorlashni juda yaxshi bilishadi. Maktabini soʻrasangiz, qishloqimizda koreys oilalari koʻp biz bir-birimizdan koʻp narsani oʻrganamiz, deb javob berishadi. Bu yerda turkman nusxa gulli paypoqlar toʻqishni ham xush koʻrishadi. Oʻzbek xonadonlari beshbarmoq pishirishni ham qoyillatishadi. Chunki, bu qishloqda oʻzbek, turkman, qozoq, koreys millatiga mansub kishilar bir-birining milliy qadriyatlarini ulugʻlab yashashadi. Oʻzbek muallimalari koreys bolalariga darsdan boʻsh vaqtlarida matematikadan saboq berishsa, koreys millatiga mansub muallimalar koreys va rus tilini oʻrgatishadi. Urganch tumanidagi Chandirqiyot qishlogʻida turkman maktabi bor. U yerda saboq olgan bolalar, yillar oʻtib oʻzbek maktabida dars berayapti. Oʻzbek tilida saboq olib, turkman tilida dars berayotgan muallimalar ham bor. Urganch tumanining Cholish qishlogʻida esa 2ta qozoq maktabi mavjud. Bu yerda ham xuddi shu manzarani kuzatish mumkin. Chunki ular yonma-yon yashab bir-birining tilini oʻrganib olishgan.
Svetlana Soy nafaqaga chiqishlan oldin Toshkentdagi nufuzli shifoxonalardan biri– Respublika pediatriya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bosh vrach boʻlib ishladi. U paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputat boʻlib faoliyat olib borardim. Saylovchilarimdan biri qizini ishga joylash masalasida iltimos bilan murojaat qildi. Shu munosabat bilan telefon qilib, ustozlik qilishni iltimos qildim. “ Mening ham tibbiyot sohasidagi ustozim oʻzbek boʻlgan. Oʻzbek xalqining ustoz- shogirdlik anʼanalarini qadrlayman. Aytayotgan qizingizni taniyman. Suhbatlashgan edim. Bizda boʻsh oʻrinlar yoʻq, Biroq, boshqa tibbiy maskanga joylashtirishga harakat qilaman, deb vaʼda bergandim. Surishtirdim. Toshkent viloyatining qishloq poliklinikasida boʻsh oʻrin bor ekan. U yerni chekka joy deb maʼqul koʻrmasligi mumkin. Biroq uni shunga koʻndirish kerak. U yerda xalq ichiga kiradi, turli xil dard bilan ogʻriyotgan bemorlarni qabul qilishi tajribasini orttiradi va masʼuliyatini kuchaytiradi. Oʻzim ham dastlab ana shunday joyda ishlaganman. Ilmli- bilimli qiz har qanday joydan yorib chiqadi”,-dedi. Darhaqiqat, olima qiz Svetlana Soyning maslahatini olib, u yerga borib, elga singib ketdi, har kuni odamlar bilan muloqat qilib, ham hayotiy ham tibbiy tajriba toʻplab, obroʻ-eʼtibor topdi. Xalq bilan muloqot qilishning afzalligini, bu usul boshqagagina emas, oʻziga ham yordam berishini shu ikkala tibbiyot xodimi misolida koʻrdim.
Mazkur yilni mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev “xalq bilan muloqat va inson manfaatlari” yili deb eʼlon qildi. Bu yurtimiz odamlariga maʼqul keldi.
Zero, inson xalq ichiga kirmaguncha, uning dardiga hamdard boʻlmaguncha doʻstona muhitni ham, oʻzligini ham topa olmasligini ana shu jafokash insonlar taqdirida his qildim.
Raʼno Zaripova,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist