Xayol daryosining kengliklari

0
349
marta koʻrilgan.

Ocherkimning qahramoni – moʻtabar ayol, filologiya fanlari doktori, professor Gulandom Boqiyeva bilan  qizi Shahlo Boqiyeva tufayli tanishdik. Ushbu tanishuvga oʻn sakkiz yil toʻldi.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasining 2001 yilgi gʻoliblari haqida “Sogʻlom avlod” gazetasiga maqola tayyorlash maqsadida ulardan birini tahririyatga taklif qildim. Faxrli stipendiya sohibasi Toshkent Davlat tibbiyot institutining “Quloq, burun va tomoq kasalliklari kafedrasi aspiranti Shaxlo Boqiyeva bilan ana shunda  birinchi bor uchrashdik.

U bilan suhbatimiz natijasida ”Yosh olima va yosh ona” sarlavhali maqola  2001 yil sakkizinchi mart bayramiga bagʻishlangan 10-soniimizda chop etildi.

Shahlo Boqiyeva bilan suhbatlashib oʻtirib yurtimizda oʻz qarashlari, oʻz gʻoyalari bilan shakllanib kelayotgan salohiyat va iqtidor sohibasiini koʻrdim. Yosh olima davlatimizning yuksak mukofotiga “Siniutlarda mikroamotsirkulyasiyaning oʻzgarishlari va ularning yoshga bogʻlikligi va davolash usullarini takomillashtirish” mavzuidagi ilmiy izlanishlari bilan sazovor boʻlgandi. Oʻshanda  aspirant qizning salohiyati, siyrati va suhbatlaridan hayratlangan edim. U ilmiy ishi yuzasidan Ternopulda boʻlib  oʻtgan Yosh olimlar kongresida maʼruza qilgan va u ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirgan boʻlib, maʼruza yuqori baholangan edi. Mavzu matni xalqaro ilmiy ishlar toʻplamidan oʻrin olgach, yosh olimaga Sank-Peterburgdan ham  taklifnoma kelgan edi. Boʻlajak olima oʻsha paytda Sank-Peterburgda boʻlib oʻtadigan ”Potofiziologiyaning aktual muammolari” mavzuidagi xalqaro  konferensiyaga  tayyorgarlik koʻrayotgandi.

Ilm va oila aravasini birdek tortish yoshgina olimaga oson deysizmi?! Ushbu savolni berganimizda, “ustozlarim, qolaversa oilam, turmush oʻrtogʻim Anvarjon, farzandlarim – Hilolaxon va Sarvarjonlar menga kuch-quvvat bagʻishlaydi. Yaxshi bilasiz, ayol kishi  bolalari  oilasi bilan toʻkis” degan edi u.

Oʻshanda yosh olimaning siymosida Mustaqil Oʻzbekistonning kelajakdagi ilmiy salohiyatini, ulkan daryolarga tutashgan irmoqlardek oqib kelayotgan ilm sohibasini koʻrdim. Oʻshanda siyrati suvratidek goʻzal va munis boʻlajak olimaning ota — onasi bilan qiziqdim.  “Otam tadbirkor, onam  Oʻzbekiston  Davlat Jahon tillari universitetida oʻqituvchi” deya javob qildi. Onasiga telefon qilib ezgu — tilaklarimni bildirib qoʻyish koʻnglimdan oʻtdi.

 Axir ona uchun farzandining kamolini, yutuqlarini koʻrishdan ortiq baxt bormi?! Biroq,  bosh muharrirlik, ijodiy ishlar bilan koʻmilib ketib, telefon qilishni unitib qoʻydim.

 Oʻsha yili 11-12 may kunlari  mamlakatimiz poytaxti Toshkentda Ikkinchi Chaqiriq  Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining beshinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. U paytlarda sessiya orasida mamlakatimiz prezidenti matbuot anjumanini ham oʻtkazib olardilar. Koʻpgina bosh muharrirlar qatori bizning gazetamizni ham taklif qilishdi.

 Gazetaning 2001 yilgi  20-sonida  “Parlament irodasi-xalq irodasi” bosh maqolasini berdik. Parlamentga  borganimda deputat Oyniso Musulmonova meni deputat va  Oʻzbekiston davlat  jahon tillari universiteti  xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor, filologiya fanlari doktori  Gulandom Boqiyeva bilan tanishtirdi.

– Shaxlo Boqiyevaning onasi emasmisiz?– soʻradim. Tasdiq olgach, dedim: –Tasodifmi yoki bu taqdirmi, bilmayman, biroq telefon qilish niyatida yurgandim. Juda baxtli ona ekansiz. Shuncha martaba va ilmiy unvonlaringiz bir yon  salohiyatli farzandingiz borligi bir yon. Qizingiz bilan faxrlansangiz arziydi. Harakatchan, tirishqoq, ilmli qizingiz yurtimizning faxri ekan.

 Darhaqiqat, maʼnaviy va axloqiy goʻzallik, diyonat, mehr- oqibat, bilimdonlik  kabi insoniy fazilatlar  oʻz-oʻzidan kelmaydi. Hammasining zaminida tarbiya yotadi. Balogʻat imkonlar fasli! Dadil va ochiq fikrlashga rostgoʻy va jurʼatli boʻlishga  undovchi goʻzal bir palla! Ana shu davrda onadan  koʻp kuch talab etiladi.

Onalar uchun, ayniqsa ilm yoʻlini tanlagan onalar uchun  oʻz yoʻlini  yoritish bilan birga oʻz qarogʻini Vatan kelajagining kuzgusi sifatida tarbiyalash esa oson vazifa  emas. Yosh olima bilan tanishganda, shuncha kuch-quvvatni qaydan olgan ekan, deb oʻylagandim. Uning onasi Gulandom Boqiyeva bilan tanishib, suhbatlashganimdan keyin tugʻilib oʻsgan maskani oilasidan, onasidan, mehnatkash otasidan  olganligini angladim. Oilaviy mehr ardogʻida oʻsib ulgʻaygan qiz ana shunday yutuqlarga erishadi, degan xulosaga keldim. Axir qush uyasida koʻrganini qiladi deydiku xalqimiz.

Shaxlo Boqiyevaga umidli yoshlardan biri deya oq yoʻl tilaganimizdan buyon oʻn sakkiz yil oʻtdi.  Shaxlo Boqiyeva ayni kunda tibbiyot fanlari doktori,  professor, Toshkent tibbiyot akademiyasida fakultet dekani boʻlib faoliyat yuritayapti.

Biz nega Gulandom Hisomovna haqidagi maqolamizni aynan qizidan boshladik.  Chunki, har qanday ayol avvalo ona, rafiqa. Uning onalik hissiyotlari, onalik kuyinchakligi  natijasi farzandlari kamolatida aks etadi.  Bu esa yuzlab darsliklar, qoʻllanmalar monografiyalar muallifi boʻlgan Gulandom  Hisomovnaning yana bir goʻzal fazilatidir. Chunki, omad osmondan tushmaydi. Uning tagida mehnat, tinimsiz izlanish, igna bilan quduq qazigandek mashaqqatli, zaxmatli faoliyat  yotadi.

Gulandom Boqiyeva Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti aspiranturasini tugatib, nomzodlik ilmiy ishini yoqlaganida xuddi qizidek yosh edi. Tadqiqotlarini davom ettirib, Nizomiy nomidagi pedogogika institutining doktoranturasida oʻqib doktorlik unvoni sohibasi boʻlganida hali endigina qirqni qoralagandi. Shundan buyon 25 yildan ortiq davr oʻtdi. Oʻzi ustoz maqomiga yetdi. Oʻnlab yosh olimlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qildi. Oʻz faoliyatini institutda laborantlikdan, oddiy oʻqituvchilikdan boshlagan olima  mehnatsevarligi, tirishqoqligi, oʻz salohiyatini muntazam yuksaltirib borishga intilgani  tufayli el nazariga tushdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikkinchi chaqiriq deputati sifatida elga munosib hizmat qildi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik  palatasiga deputat boʻlganimda olima bilan  partiyada birga hamkorlik qilib, jamoat ishlarini bajarib,  yanada yaxshiroq tanishib oldik. Olima Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi kengashining aʼzosi edi. Partiya tadbirlarida faol qatnashar, oʻz tashabbuslari bilan barchaning  eʼtiboriga sazovor boʻlardi.  Alisher Navoiyning tavalludi ayyomi bilan universitetda partiyamiz tomonidan talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi. Olima u paytda universitetda ilmiy ishlar boʻyicha prorektor edi. Tadbirga Suyyuma opa Gʻaniyeva bilan bordik. Tadbirni universitet rektori ochib berdi.  Men ham alloma asarlarida sogʻlom avlod tarbiyasi mavzuida maʼruza qildim. Gapirayotib zalga qarasam talabalar orasida oʻtirib maʼruzalarga diqqat bilan quloq tutib oʻtirgan ekanlar. Oʻshanda u kishining yana bir xususiyatini – kamtarligini,  yoshlar orasida boʻlib ularning koʻnglini topishga intilishini angladim. 

Olima halqaro ishlar boʻyicha prorektor boʻlib ishlaganida universitetda  talabalar uchun ingliz tili, nemis tili, fransuz tili koreys tili markazlarini tashkil qildi.  Elchixonalar orqali u markazlarni asbob — uskunalar bilan jihozlab, tarjimachilik boʻyicha talabalarning mahorat maktabini tashkil qildi. Mamlakat oʻrtasidagi hamkorliklarga munosib hissa qoʻshdi.  Bu markazlar yoshlarning ijodiy hamkorligi va  talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazadigan maskanga aylangan edi. U paytlarda kompyuterlar kam boʻlib, ushbu markazlarda oʻndan ortiq komterlar internet bilan ulangan edi.  Hozir hammaning uyida kompyuter, qoʻlida telefon barchasi internetga ulangan. Bemalol jahon ahli bilan muloqot qilsa boʻladi. Biroq, mustaqillikning ilk yillari kompyuter va internet degan narsalar bizning xalqimiz uchun, ayniqsa viloyatdan kelgan talabalar uchun yangilik edi. Ayni kunda mamlakatimiz prezidenti oʻzbek adiblarining asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilishni kuchaytirishga alohida eʼtibor beryaptilar. Ushbu markazlar oʻsha paytda-yoq tarjimonlik  faoliyatlarini boshlashgan edi.

Ushbu markazlar talabalarning bilimini, ilmini, maʼnaviyatini yuksaltirishga, ayniqsa tilni, zamonaviy informatikani yanada chuqur egallashiga asosiy eʼtiborni qaratdi. Elchixonalar orqali markazlar xorijiy mamlakatlarning kitob -u darsliklari bilan taʼminladi.

Pedagog-olima sifatida Gulandom Hisomovna oliy oʻquv yurti oʻqituvchi va talabalari uchun 100dan ortik darslik, qoʻllanma, monografiyalar yozdi. Shogirdlari bilan uch tilli  izohli lugʻatlar tuzdi.  Keyingi besh yilda chop etilgan kitoblarining roʻyhatini koʻzdan kechirar ekanman, koʻnglim allanechuk faxrga toʻldi. Bu kitoblar orqali tassurotlarim yanada boyidi. Bu kitoblar insonning mashaqqatli mehnati, taqdiridir, ertangi kun bolalari uchun esa charaqlagan ziyodir, nurdir.

Masalan, A.Abduazizov, N.Qambarov bilan hamkorlikdagi “Actual Problems of Comparative Typology A Manual for Master’s Department” oʻquv qoʻllanmasi, M.Irisqulov bilan hamkorlikdagi “Structural Linguistics”darsligi, M.Dadaxadjayeva hammuallifligidagi “Deutsch-integriert-1” darsligi, S.Novikova, S.Ziyaeva hammuallifligidagi “Deutsch-integriert-2” va “Deutsch-integriert-3”, S.Abdullayeva, L.Xoliyarov hammuallifligidagi “Deutsch-integriert-4” darsliklari  zarurat mavjudligi uchun zudlik bilan 2014 yilda yaratildi.

Shuningdek, shu yili M.Nishonov, Z.Abdushukurova, M.Ubaydullayev, V.Nazarov hammuallifligidagi oliy oʻquv yurtlari uchun  fransuz tilidan toʻrt tomlik darsliklar yaratildi. Xuddi shunday darsliklar hammualliflikda  ispan tilida ham yaratildi. 2015 yilda ana shunday darsliklardan 8 tasi talabalar qoʻliga yetib bordi. 2017 yili esa talabalar uchun 17ta hammualliflikda darsliklar yaratildi.

Jumladan,  yuridik fanlari doktori Farruha Faxriddinova hammuallifligida “Qonun tilining oʻzbekcha-ruscha-inglizcha lugʻati” qonunchilik sohasida ishlagan yillarining samarali natijasi boʻldi.

Shunindek, “Osonlashtirilgan arabcha-oʻzbekcha-inglizcha lugʻat” kabi koʻplab kitoblarning yaratilishida nafaqat tashabbuskor, hammuallif balki ularni tizimlashtirishda jonbozlik koʻrsatdi.

Keyingi besh yilda chop etilan darsliklar qoʻllanmalar, lugʻatlar 56 tani tashkil qiladi. Oʻzining tinimsiz izlanishlari, ilmiy kitoblari, lugʻatlari bilan kasbdoshlari, talabalarning beminnat dastyoriga aylangan, ularning qalbiga ziyo nurini taratgan, mehr bilan shogirdlari qalbiga shuʼla sochgan Gulandom Boqiyevaning faoliyatini qancha alqasa, ardoqlasa arziydi.

Maqsud Shayxzodaning goʻzal toʻrtligi goʻyo olimaga nisbat berib yozilgandek.

Sheʼriyat diyorin shoirlarimiz

Har uy, har koʻngilga baytlar boʻlsin yor.

Elga dastyor boʻlsa sheʼrlarimiz,

 Demakki, umrimiz oʻtmabdi bekor.

Ha. Bugungi kunda bu lugʻatlar, qoʻllanmalar nafaqat ilm olami, balki til oʻrganishni istovchi har bir ziyolining dastyoriga  aylangan. Bu kitoblar minglab-minglab  ilmu urfon olami odamlarining qalbini nurlantirib, ezguliklar ulashib turibdi. Men bu kitoblarni xayol daryosining oʻzanlari, xayol daryosining kengliklari degim keladi. Suvsiz yashay oladimi inson?! Nur ulashuvchi kitoblarsiz ham yashashi amri mahol.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida “Ahil oila maktabi”  loyihasi asosida tayyorlandi.

 

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.