Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi uchrashuvlari

0
171
marta koʻrilgan.

Umumxitoy doʻstlikka koʻmaklashish assotsiatsiyasi raisi Chen Chjimin boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimizga keldi, deya xabar beriladi gov.uz. saytida

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida 17 dekabr kuni delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. 
 
Qoʻmita raisi R.Qurbonov mehmonlarga mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan siyosat toʻgʻrisida maʼlumot berdi. 
 
Chen Chjimin Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona aloqalar va yaqin sheriklik barcha yoʻnalishlar boʻyicha munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashayotganini taʼkidlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga yuksak baho berdi. 
 
Uchrashuvda 2019 yilga moʻljallangan hamkorlik, uning doirasida kiberxavfsizlik sohasida ekspertlar almashish, xalq diplomatiyasi va jamiyatda millatlararo totuvlikni taʼminlash boʻyicha malaka oshirishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 
 
Toshkent viloyati hokimi Gʻ.Ibragimov bilan uchrashuvda «Bir makon, bir yoʻl» loyihasi doirasida hamkorlikda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. 
 
Chen Chjimin Toshkent viloyati Buyuk ipak yoʻli shaharlari uyushmasiga toʻla huquqli aʼzo sifatida qabul qilinganini taʼkidladi. Ushbu uyushma Buyuk ipak yoʻli boʻylab joylashgan 43 xorijiy shahar va viloyat hamda Xitoyning 6 shahridan iborat. Viloyat rahbariyatiga tegishli sertifikat topshirildi. 
 
Toshkent shahri hokimligida boʻlib oʻtgan muloqotda birodar shaharlar – Toshkent va Shanxay oʻrtasida 25 yildan buyon davom etayotgan muvaffaqiyatli hamkorlik xususida soʻz yuritildi. Ushbu sanani nishonlash doirasida qator madaniy tadbirlar uyushtirish rejalashtirilgan. Toshkent shahar hokimligiga ham Buyuk ipak yoʻli shaharlari uyushmasining sertifikati topshirildi. Ikki tomonlama hamkorlik masalalari va istiqbollari muhokama qilindi. 
 
Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori R.Qosimov bilan uchrashdi. Doʻstona muloqotda Oʻzbekiston bilan Xitoy munosabatlarining tarixiy ildizlari, bugungi holati va istiqboli yuzasidan fikr almashildi. 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.