“Xiva tongi” gazetasi 90 yoshda: DAVR TALABIGA MOS VA XOC

0
334
marta koʻrilgan.

Hayot bilan hamisha hamqadam faoliyat koʻrsatib kelayotgan jurnalistlarimiz  mamlakatimizda  ijtimoiy iqtisodiy, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sport sohasida beqiyos oʻzgarishlarni oʻz vaqtida ommaviy axborot vositalarida izchil yoritib kelmoqdalar. Aynan jurnalistni qalam  tebratishga  daʼvat qiladigan narsa bu- uning hayotda va tevarak-atrofda koʻrgan- kechirganlari, kuzatganlari boʻladi.

“Xiva tongi” gazatasining tashkil qilinganiga  toʻqson yil toʻlibdi. Bosib oʻtilgan dolgʻali va olovli yillarga nazar tashlaydigan boʻlsak, albatta jurnalistlar uchun “bu maydon ichra turish” oson boʻlmaganligini, har bir davrning oʻziga xos  talablari va mashaqqatlari, quvonchu tashvishlari turganligini koʻrishimiz mumkin.  

Ayniqsa, mustaqillikdan soʻng gazeta sahifalarida inson erki va farovonligi, taraqqiyot  yoʻlidagi yangi qadamlar, qadriyatlarimizning qayta boʻy choʻzishi, yangi tashabbus va  soʻz erkinligi oʻz aksini topdi.  Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati, yurt tinchligi, farovonligi yoʻlidagi bunyodkorlik ishlarini  yoritishga boʻlgan  ragʻbat eng avvalo ijodkorlar  yuragida Vatan tuygʻusini baland qoʻydi.  Shu jihatdan   “Xiva tongi” gazetasi jamoasi ham  ijtimoiy, iqtisodiy  hayotni aks ettiruvchi asosiy vosita sifatida jamiyat taraqqiyotida muhim vazifani bajarib kelmoqda.

“Xiva tongi” gazetasi tahririyatida viloyat jurnalistikasining oʻziga xos maktabi shakllangan. Jamoada yuksak malakali, tajribali ijodkorlar ishlayotgani, ustoz-shogird anʼanalari davom qilayotganini alohida taʼkidlamoq kerak. Tahririyatda uzoq yillar Polvonnazar aka  Masharipov, Shukurjon opa Tohirova, Olimjon aka Bekchanov,  Abdulla Safayev,  Bardiboy Jumaniyozov,  Rohatoy Aminova va boshqalar faoliyat  yuritishgan.  Mehnat faxriylari Hayitboy Salayev,  Sherjon Masharipov, Otabek Ismailov,  Biposhsha Jumaniyozova, ota-oʻgʻil  Komiljon aka va Shavkat Sobirovlar, Manzura Bekchanova,  Xiromon Yusupovalar  ayni paytda ham  tahririyat bilan  hamkor, hamfikrlar.  Hozir esa Shohruza Matyoqubova,  Dilmurod Masharipov,  Jumanazar Yoʻldoshev,  Nasiba Abdullayeva,  Sabohat Qurbanovalar  samarali mehnat qilmoqdalar.

Kundalik hayotimiz, uning barcha quvonchli, shu bilan birga, mashaqqatli, ogʻir tomonlari matbuot va ommaviy axborot vositalarida oʻzining qanchalik xolisona aks etar ekan, albatta  jamiyatimizda shunchalik adllik,  toʻgʻrisoʻzlik, halollik tamoyillari qaror topadi. Bugun matbuotimizda aynan ana shunday yondoshuvlarning guvohi boʻlyapmiz.

Hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki,  ommaviy axborot vositalari maydonida raqobat kuchaygan va har bir tahririyat yangicha ishlash, butkul yangicha uslubiyat yoʻnalishda koʻproq auditoriyani jalb etish maqsadi bilan ijodiy yondashmoqda. Gazetalarni sahifalash va ruknlarni joylashtirishdan tortib, sahifa materiallarining rang-barang koʻrinishilarini yaratish masalasida ham bugun yangicha yondoshuvlar kerak. “Xiva tongi” ana shu maydonda sobitqadamlik bilan bormoqda. Oʻz oʻquvchilarini topishga hamisha, hamma davrlarda ham harakatlar boʻlgan. Ammo bugun zamon talabi boshqacha. Internet globallashuvi jarayonlarida soʻzining xaridorini topish oson emas. Ammo tahririyat jamoasining ogʻzibirchiligi, ijodiy yondoshuvlari  barcha qiyinchiliklarni yengishda asosiy omil boʻlmoqda.

XXI asr — axborotlashuv asri sifatida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oʻziga xos mazmun va shakl berdi. Ayniqsa, bozor iqtisodiyotining asosiy qonunlaridan biri raqobat  boshlanganda auditoriyani oʻziga jalb qilish, maʼlumotlarni tez va ishonchli tarzda yetkazib beraolish har bir ommaviy axborot vositasining asosiy maqsadiga aylandi. “Xiva tongi”  davr talabiga mos va xos ravishda ijod qilib, oʻzining qadrli oʻquvchilari mehr-muhabbatini qozonmoqda. Zero, xalq oʻzi xohlagan ommaviy axborot vositalaridan oʻzi uchun kerakli boʻlgan axborotlarni tanlab olish imkoniyatlariga ega boʻlayotgan bir zamonda “Xiva tongi” oʻz soʻziga, oʻz mavqeiga egaligi bilan ham alohida tahsinlarga loyiq. .

Toʻqson yildan beri munavvar tonglarni qarshilayotgan jonajon  “Xiva tongi” gazetamiz xonadonlarimizga hamisha xursandchilik ila kirib kelaversin. Ijodiy jamoaga salomatlik, tinchlik-totuvlik, ulkan omadlar yor boʻlsin.

 Dilbar BEKCHANOVA,   Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot  va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi  Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.