Avval xabar berganimizdek, Urganch – Xiva temir yoʻl yoʻnalishi va “Xiva” temir yoʻl vokzalining tantanali ochilish marosimi koʻtarinki kayfiyatda davom etmoqda.
Shu munosabat bilan tadbir ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdik.
– Ushbu loyihaning amalga oshirilishi, eng avvalo, yoʻlovchilarga transport xizmati koʻrsatish sifatini oshiradi, – deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati vagon kuzatuvchisi Baxtiyorjon Zokirjonov. – Avvallari yoʻlovchilarimiz bir yarim kun deganda poytaxtdan Xivaga yetib kelgan boʻlsa, endilikda 14-16 soatda manziliga eson-omon yetib kelmoqda. Muhimi, poyezd vagonlarida koʻrsatilayotgan xizmatlardan barcha mamnun.
– Toshkentdan Xorazmgacha boʻlgan sayohatimiz juda maroqli boʻldi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Alisher Turdiyev. – Butun yoʻl davomida poyezd ishchi-xizmatchilari bizga juda sifatli servis xizmatlarini koʻrsatishdi. Ayniqsa, tantanali ochilish marosimida jasorat va mardlik siymosi Jaloliddin Manguberdi haqidagi teatrlashtirilgan sahnani tomosha qilib, barchamiz shunday buyuk yurt farzandlari ekanligimizdan yana bir bor iftixor hissini tuydik.
– Oʻtgan yili Xivaga 60 ming sayyoh kelgan boʻlsa, joriy yilda ularning soni ikki barobarga oshdi, – deydi viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Timur Davletov. – Joriy yilning shu davriga qadar 110 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurdi. Ayniqsa, temir yoʻlning Xiva shahrigacha yetib kelganligi tarixiy shaharni Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi yirik sayyohlik markazlari bilan bevosita bogʻlab turadi. Bu sayyohlar uchun ham koʻplab qulayliklar yaratadi.
A.Musayev, A.Shokirov, F.Abdurasulov (surat), OʻzA