– Gulsara Ahmedovna, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi ishlarda xotin-qizlar faoliyati katta ahamiyatga ega. Shuning uchun hukumatimiz tomonidan xotin-qizlarga koʻngildagidek yashash va mehnat sharoitlarini yaratib berishga alohida eʼtibor berilmoqda.
– Juda toʻgʻri aytingiz. Muhtaram Prezidentimiz har doim oʻz nutqlarida, shuningdek, Oliy Majlisga murojaatnomasida ham xotin-qizlar va yoshlarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalarini yanada kuchaytirish lozimligini alohida taʼkidlaydilar. Qoʻlga kiritilgan yutuqlarga qaramasdan respublikamizda haligacha ogʻir turmush sharoitlarini boshdan kechirayotgan ayollar bor. Ularni ish bilan taʼminlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash eng muhim vazifalardan biri. Zero, ayol rozi boʻlsa, oila baxtli, jamiyat tinch boʻladi.
– Bu yilgi qabul qilingan davlat dasturi ham oʻtgan yilning mantiqiy davomi sifatida yurtimizning yanada taraqqiy topishi, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, investitsiyaviy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlarini yaratish, tinch-osoyishtalikni asrash, obod hayot, toʻkinlik, inson salomatligini mustahkamlash, oilalarning turmush tarzini yanada yaxshilash, shuningdek, ayolning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yuksaltirish masalalarida oʻz ifodasini topgan. Dastur asosida amalga oshirayotgan ishlar samarali boʻlayotganligi biz kabi elimizning har bir kishisini quvontiradi.
– Darhaqiqat, oʻtgan yili 29 dekabrda hukumatning “Xorazm viloyatida ayollar turmush sharoitini yaxshilash, bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ogʻir turmush sharoitlaridagi oilalar, ulardagi xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish, oilalardagi salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha kompeks chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Ushbu dastur ijrosini taʼminlash maqsadida Markaziy bank viloyat boʻlimi, savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, “Tadbirkor ayol”, Hunarmand” uyushmalari, “Oila” markazi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ayollarning turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida soʻrovnomalar, suhbatlar va uchrashuvlar, skrining tekshiruvlari, va tibbiy koʻrik oʻtkazildi.
Bugungi kunda viloyatimiz xotin-qizlarining ijtimoiy-siyosiy hayotdagi, tadbirkorlik yoʻnalishidagi faolligi tobora oʻsayotganining guvohi boʻlish mumkin. Oʻtgan yil davlat ishlaridagi rahbar ayollarning oʻrni 18 foizdan 24 foizga, deputatlar 21 foizdan 29 foizga, tadbirkor ayollar 17 foizdan 35 foizga, turli koʻrik-tanlovlar va sport musobaqalari sovrindorlari 37 foizdan 46 foizga oʻsdi.
– Bugun xotin-qizlarning tadbirkorlik yoʻnalishidagi faoliyatiga nazar tashlasak, bu borada ular qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlar oilalarning tinchligi va totuvligini taʼminlashga xizmat qilyapti, desak mubolagʻa emas. Muhtaram Prezidentimiz koʻp marotaba taʼkidlayotganlaridek, bitta ishchi oʻrni ochilsa, buning evaziga uning oilasidagi 4-5 nafar aʼzosi bahramand boʻladi. Oilaning iqtisodiy ahvoli yanada yaxshilanadi, jamiyat rivojlanadi.
– Fikringizga qoʻshilaman. Oʻtgan yili Oʻzbekiston xotin-qizlar jamoat fondi tomonidan ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, turmush farovonligini yaxshilash, ish bilan taʼminlash maqsadida 123 nafar ayolga 1 mlrd. 962 ming soʻmlik kredit mablagʻlari ajratilddi. 2019 yilning yanvar oyi holatiga esa 90 nafar tadbirkor ayolga 1 mld 500 mln. soʻm kredit berildi. 62 ta sex, 656 ta ish oʻrni yaratildi. “Ustoz-shogird” anaʼanalariga koʻra 206 nafari hunarmandchilik, 145 nafari kasanachilik asosida ish faoliyatini boshladi.
Yaratilayotgan ish oʻrinlariga birinchi navbatda kam taʼminlangan oilalarning ayollari, nogironlar hamda taʼlim muassasalarining bitiruvchilari ish bilan taʼminlandi.
Masalan, oʻtgan yili viloyatimizda kasb-hunar kollejlarini tugatgan 13174 nafar qizlarning 424 nafari oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirgan boʻlsa, ularning 8514 nafari ishga joylashtirildi. Bitiruvchilarning 6194 nafari mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlandi.
Oʻtgan yili boʻsh ish oʻrinlari uchun oʻtkazilgan 122 ta yarmarkada 7475 nafar ayolning 2829 nafari ishga joylashtirildi. Bundan tashqari 4646 nafar ish qidiruvchi ayollarga mehnat qonunchiligi, boʻsh ish oʻrinlari yuzasidan maslahatlar berildi.
– Kundalik turmushimizda oilaviy janjallar, oilalarning buzilib ketishi izimizdan qadamba-qadam voyaga yetib kelayotgan oʻgʻil-qizlarimiz kelajagiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shunday emasmi?
– Juda toʻgʻri eʼtirof.Oilada tinchlik va ogʻzibirchilik, farovon turmush taʼminlangan boʻlsa maʼnan yetuk va barkamol farzandlar voyaga yetadi. Bugun aholining ana shu ehtiyojlarini qondirish, buning uchun oilalarni yaqindan qoʻllab-quvvatlash, ular manfaatlarini himoya qilish yuzasidan islohotlar hayotga keng tadbiq etilmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar-kelajagimiz” davlat dasturlari doirasida kam taʼminlagan, ehtiyojmand oilalarga arzon uy-joylar, moliyaviy yordamlar, imtiyozli kreditlar ajratildi. Mazkur dasturlarning mazmun-mohiyati, ruhi va falsafasi, taʼsiri va ijobiy natijalari bilan el-yurtimizda yanada goʻzal va obod, fayzli va tarovatli turmushga zamin yaratilyapti. Bugun har bir inson buyuk va katta yuksalishlar guvohi boʻlmoqda. Eng avvalo yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning benazir neʼmatiga ming bora shukronalar aytmoq kerak. Ularning samarasi raqamlarda ham aks etmoqda.
Oʻtgan 2018 yilda 2017 yilga nisbatan oilaviy ajralishlar soni 1325 dan 1025 taga kamayganligini kuzatish mumkin. 1543 ta ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarning 1394 tasi yarashtirib qoʻyildi. Nikohdan ajralganlik holatlari oʻrganib, tahlil qilinganida, ajralishlar Urganch shahri, Urganch, Shovot va Qoʻshkoʻpir tumanlarida yuqori koʻrsatkichligicha qolganligi kuzatildi. Sabablarini ham tahlil qilindi. Oilaviy kelishmovchiliklar bilan 578 ta, farzandsizlikdan 154 ta, uzoq muddat birga oila boʻlib yashamaslikdan 52 ta, ichkilik va giyohvandlikdan 38 ta, xiyonat oqibatida 32 ta oilalar buzilib ketganligining guvohi boʻlish mumkin. 1073 ta notinch oilalarning manzillari shakllantirilib, ular bilan profilaktik ishlar olib borildi. Natijada 951 oilada tinch va farovon hayot taʼminlandi.
Afsuski, farzandlarini qarindosh-urugʻlari, bobolari tarbiyasiga ishonib tashlab ketayotgan oilalar juda koʻp. Bunday holatlar eng avvalo bolalarimizning taʼlim-tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Zero, ota-onaning farzandi oldidagi burchlari bor. Oʻzgalar tarbiyasiga tashlab qoʻyilgan bolalar albatta ota-onasi bagʻrida oʻsib ulgʻayotganlardan farq qiladi. Ruhan tushkun, maʼnan va jismonan nosogʻlom, irodasiz va ojiz insonga aylanadi.
– Biz ayollarimizga nisbatan – ona, rahbar, ishchi, fidokor, mehribon, deya goʻzal taʼriflarni beramiz. Qadami yetgan joyga farishtalar enadi, u bor joyda saranjom-sarishtalik, tartib-intizom boʻladi, deymiz.
– Shahar, tuman xotin- qizlar koʻmitalari, “Oila” markazlari bilan oʻzaro hamkorlikda xonadonlarda sogʻlom turmush tarzini yaxshilash, oilada farzandlar tarbiyasi, qizlarni turmushga tayyorlash, erta turmush qurishning oqibatlari hamda yaqin qarindoshlarning turmush qurishi oqibatlarining oldini olish masalalarida koʻpgina xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha oʻquv muassasalarida “Yosh oila maktabi” tashkil etilib, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va ijroga qaratilgan. Yoshlarni maktab yoshidan oilaviy hayotga tayyorlash, ular ongiga reproduktiv salomatlik va sogʻlom oilani shakllantirish gʻoyalarini singdirish maqsadida shifokorlar, ruhshunos va pedagoglardan iborat guruh tuzilgan. Ular ishtirokida joylarda keng tushuntirish ishlari olib borilyapti.
Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sogʻlom bola tugʻilishi, jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish maqsadida joylarda olib borilayotgan ishlar ijobiy samara beryapti. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan bolalar oʻlimi 16 taga kamaygan boʻlsa, 15-16 yoshlilar oʻrtasida 2 tadan bittaga ozayganligi kuzatilgan. 17 yoshli tugʻruqlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 18 taga kamaygan. Kamaygani yaxshi. Biroq biz bizning vazifamiz salbiy holatlar umuman boʻlmasligini istaymiz. Biroq hayot ekanda…
Boʻlajak onalar, chaqaloqlar muntazam ravishda skrining tekshiruvlaridan oʻtkazilmoqda. Skrining tekshiruvchi natijalariga koʻra tugʻma nogironlik mavjudligi aniqlangan bemorlar nazoratga olingan. Erta nikoh, qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikohning oldini olish mavzularida tizimli ravishda keng tushuntirish ishlari olib borilyapti. Homilador ayollar skrining tekshiruvidan oʻtkazilib, tugʻma rivojlanish nuqsoni aniqlanganda homiladorliklar toʻxtatilmoqda.
Oʻtgan yili viloyatdagi 461594 nafar tugʻish yoshidagi ayollar, 0-14 yoshgacha boʻlgan jami 483921 nafar bolalarning barchasi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. 23885 nafar homilador ayol skrining tekshiruvchidan oʻtgan. Ularning 212 nafarida tugʻma rivojlangan nuqsonlar, 347 nafarida esa 347 akusherlik patalogiyasi aniqlanib, oldi oldi.
– Jinoyat koʻchasiga kirib qolgan yohud jinoyatchilikka moyilligi boʻlgan xotin-qizlar hamda jazoni oʻtab qaytganlar bilan qanday profilaktik ishlar olib borilmoqda?
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutlarini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi PF-5325-sonli farmoni asosida mahallalarda faoliyat koʻrsatayotgan xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislar bilan hamkorlikda ayollar tomonidan sodir qilinadigan jinoyatlarning salbiy holatlari oldini olish boʻyicha tizimli ravishda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar olib borilmoqda.
Oʻtgan yili viloyatda 216 nafar ayollar tomonidan 261 ta jinoyat sodir qilingan. 554 nafar xotin-qizning jinoyatchilikka moyilligi aniqlanib, ularning roʻyxati shakllantirildi. Jazoni oʻtash muassasalaridan 41 nafar ayol oʻz oilalariga qaytib kelishdi. Aynan ana shu guruh ayollari bilan keng koʻlamdagi ishlarni amalga oshirish yuzasidan rejalar belgilanib, ijroga qaratildi. Jazoni oʻtab qaytgan ayollarga mahallardagi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarni maʼnaviy-ahloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislari murabbiy qilib birkitildi. Jinoyatga qoʻl urgan va jinoyatchilikka moyilligi boʻlganlari bilan alohida suhbatlar oʻtkazilib, ularning bandligi taʼminlanmoqda. Bugungi kunda har bir tumanda tashkil qilingan “Umid” ijtimoiy moslashuv markazlarida ularning muammolari atroflicha oʻrganilib, tegishli tartibda zarur yordamlar, yoʻl-yoʻriq va maslahatlar berilmoqda. Ularga halol mehnat qilib, oʻz hayotini izga solish, oila qadriyatlarini ulugʻlash, qarindosh-urugʻlari, doʻstu birodarlari bilan mehr-muhabbat aloqalarini yanada mustahkamlash naqadar ulugʻ bir saodat ekanligi koʻpni koʻrgan onaxonlar, piru-badavlat oila aʼzolari, mutaxassislar yordamida atroflicha tushuntirilmoqda.
– Ayollarga bugun nimalar degingiz bor?
– Har bir ayol baxtli, goʻzal va farovon hayot kechirishni xohlaydi va bunga haqli. Ayol eng avvalo oʻz oilasida farzandlarini mehr-oqibat, benazir qadriyatlar, odob-ahloq ruhida tarbiyalashga jiddiy ahamiyat berishi lozim. Ota-ona eʼtibori va nazoratidan chetda qolgan bola kelajakda biz orzu qilgandek, inson boʻlib voyaga yetishi juda mushkul. Oilalarning tinchligi, koʻchalar va mahallalarning obodligi, dil va koʻngillarning, jismu-jonimizning pokligiga erishaylik. Ayollarimizda farovon turmush, tinch, osuda hayotni taʼminlashga kuch va gʻayrat, aql va zakovat yetarli. Ulugʻ maqsadlar yoʻlida tolmaslikni tilayman.
– Gulsara Ahmedovna, maroqli suhbatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz!
Dilbar BEKCHANOVA suhbatlashdi
Assalomu alevkum tòģri fikr bildirdinggiz har bir sohada ayyollarning òrni bor lekin mana men ishsizman bitta qizim bor uysiz ota onamning uyida yashayman necha marta tumandagi hotin qizlar qòmitasiga murojat qildim menga qiriditga bòlsa ham uy joy ajratilishini sòrayman ismim yangiboyeva zuhra urganch tuman bekabod qishloq buyuk yurt kòchasi 13 honadon bu uy joy masalasi uchun qayerga murojat qilay