Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Qoraqalpogʻistondan Xorazm viloyatiga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Urganch shahrida 31 mart kuni xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzladi.
– Bugun mana shu qadim va tabarruk zaminda, muborak Ramazon oyida siz, aziz yurtdoshlarim bilan koʻrishib turganimdan gʻoyat mamnunman, – dedi davlatimiz rahbari. – Agar tahlil qilsak, Xorazmda koʻp narsalar oʻzgardi. Lekin zamon shiddat bilan oʻtyapti, aholining talabi oʻsib boryapti. Biz shunga munosib harakat qilishimiz kerak. Shuning uchun ishimizni tanqidiy koʻrib, katta-katta marralar olishimiz kerak.
Yigʻilish avvalida Xorazm viloyatidagi oʻzgarishlar qayd etib oʻtildi. Oxirgi olti yilda maktabgacha taʼlim qamrovi 22 foizdan 79 foizga yetkazildi. 131 ta maktab qurildi va rekonstruksiya qilindi. 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Viloyatdagi 531 ta mahallani obod qilishga qoʻshimcha 1 trillion soʻm, tuman markazlari yoʻllarini taʼmirlash, piyodalar yoʻlagi va yoritgichlarga 50 milliard soʻm ajratilgan.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash ishlari ham jadallashgan. Oxirgi besh yilda 9 ming 500 ta xonadonli uylar foydalanishga topshirilgan. Bu xayrli ishlarning davomi sifatida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlandi.
Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatishda 1,5 milliard dollarlik 7 mingta loyiha doirasida yangi korxonalar ishga tushdi. Bu orqali 50 mingta yangi doimiy ish oʻrinlari yaratilib, 19 mingta oila kambagʻallikdan chiqarildi.
Ishlab chiqarish 1,5 baravarga koʻpaydi, sanoat eksporti 190 million dollarni tashkil etdi. Ayniqsa, toʻqimachilik, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, elektrotexnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish 2 baravarga oʻsdi.
Lekin viloyatda iqtisodiy imkoniyatlar bundan ham koʻpligi, aholini qiynayotgan koʻplab masalalar borligi koʻrsatib oʻtildi.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Davlatimiz rahbari Xorazm viloyati hokimi lavozimiga Joʻrabek Rahimov nomzodini tavsiya etdi.
J.Rahimov 1981 yilda Xorazm viloyatida tugʻilgan. Mehnat faoliyatini Shovot tumanida boshlab, soʻnggi yillarda Bogʻot va Qoʻshkoʻpir tumanlari hokimi lavozimlarida ishlagan. U oʻtgan yilning dekabridan buyon Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Joʻrabek Rahimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi.
Aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish choralariga birinchi navbatda eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz aytilgan takliflarni maʼqullab, ular yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 940 milliard soʻmga qoʻshimcha 100 milliard soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi. Yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish orqali 57 ming, kasanachilikda salohiyati bor 240 ta mahallada mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 50 ming, oʻzini-oʻzi band qilish orqali 28 ming aholi bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi.
Ikkinchi muhim vazifa – oziq-ovqat mahsulotlari balansini taʼminlash. Shu maqsadda “Toshsoqa tizimidagi magistral sugʻorish kanalini tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanadi. Bogʻot, Shovot va Yangibozor tumanlaridagi 2 ming gektarda uzum, olma va qovun plantatsiyalari, Gurlan va Bogʻotda agrologistika markazlari tashkil etiladi. Parrandachilik, chorvachilik, sutni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.
Maʼlumki, har bir tumanga kamida 50 million dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qoʻyilgan. Viloyat hokimligiga nomzod buning evaziga tumanlarda qanday loyihalar moʻljallangani haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari 14 ta yirik sanoat loyihasi infratuzilmasi uchun qoʻshimcha 100 milliard soʻm yoʻnaltirish, Urganchda elektrotexnika va farmatsevtika sanoat parklari tashkil qilish boʻyicha koʻrsatma berdi. 20 million dollar investitsiya evaziga “Damas” va “Labo” avtomashinalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Sanoat korxonalari va uy-joylarni elektr energiyasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari ham belgilandi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bogʻchalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezident maktablarda sanitariya holatini yaxshilash, chet tili va kasbga oʻrgatish xonalarini tashkil qilish hamda 12 ta tumanda IT park ochish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.
Umuman olganda, Xorazmda ijtimoiy muammolarni hal qilishga bu yilgi davlat dasturlarida koʻzda tutilgan 1,5 trillion soʻmga qoʻshimcha 400 milliard soʻm ajratilishi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qoʻshimcha 475 million dollar jalb qilish boʻyicha topshiriq berildi.
Barcha chora-tadbirlar orqali 365 ming aholini daromadli mehnat bilan taʼminlab, Xorazmni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qoʻyildi.
Taqdimotdan soʻng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qoʻyildi. Uning natijalariga koʻra, Joʻrabek Rahimov Xorazm viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
– Bugun sizlar bilan aholi hayotiga daxldor barcha masalalarga toʻxtalib, zarur mablagʻlar ajratdik, viloyatga yangi hokim tasdiqladik. Endigi vazifa – butun Xorazm eli hokim atrofida jipslashib, mutasaddilar fidoyi va halol boʻlib, bugun aytilgan reja va tashabbuslarni hayotga, aholi turmush tarziga koʻchirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev sessiya soʻngida.