Sport kurashlari Oʻzbekistondagi eng ommaviy bellashuvlardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu sportning uchta yoʻnalishi: erkin, yunon-rum va ayollar kurashi birdek rivojlanmoqda. Hududlarda sport kurashlarini yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish yoʻlida keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyatida yunon-rum kurashi yoʻnalishiga 2016 yilda Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining viloyat boʻlimi ijrochi direktori Gʻafforbek Otajonov tomonidan asos solingan. Amalga oshirilayotgan ishlar qisqa muddatda oʻz samarasini berdi. 2018 yili oʻtkazilgan mamlakat chempionatida Xorazm viloyati sportchilari Saidbek Saidmurodov (-48kg), Husniddin Olimboyev (-57kg) oʻz vazn toifalarida mamlakat chempioniga aylanishdi. Akbar Olloyorov (-38kg) esa kumush medalga sazovor boʻldi.
Maʼlumot uchun, yunon-rum kurashi 1896 yilda Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan. 1904 yildan jahon, 1983 yildan buyon esa Osiyo chempionatlari oʻtkaziladi.