Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazida “Bolalar kitobi” festivali oʻtkazildi. Festival doirasida viloyat axborot-resurs markazlarining hamda kutubxonalarning koʻrgazmalari, kitob savdosi tashkil qilindi. Vohaning taniqli bolalar shoir va yozuvchilari bilan uchrashuvlar, “Bilimdon oʻquvchi” viktorinasi, “Chevar qiz” koʻrgazmasi, “Dono bolajon” shaxmat-shashka musobaqalari uyushtirildi.
“Sogʻlom va maʼnaviy yetuk avlod-yurt kelajagi” mavzuidagi uchrashuvda bolalar shoiri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ollabergan Poʻlatov, shoira, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gavharjon Ibodullayeva, taniqli yozuvchi va shoirlar Ismoil Ollaberganov, Boltaboy Bekmetov, Ortiqboy Manglibayev, Qadamboy Shodonov ishtirok qildilar.
“Kitob-bizning doʻstimiz”, “Kitobdan yaxshiroq doʻst yoʻq”, “Kitob-benazir ustoz” mavzusidagi maʼruzalar oʻqituvchi va bolajonlarda katta taassurotlar qoldirdi.
Koʻrgazmaning ochilishi tantanasida axborot resurs markazlarining faol oʻqituvchilari va iqtiʼdorli bolalarga tashkiliy qoʻmitaning “Faxriy yorliq” lari topshirildi.
Bolalarning kitob bayrami ikki kun davom etdi. Tadbirning ikkinchi kunida viloyat axborot- resurs markazi tomonidan tayyorlangan “Oʻqish – eng yaxshi taʼlim” deb nomlangan tadbirda ishtirok qilgan bolajonlar vohaning taniqli shoir va yozuvchilari Quronboy Muhammadrizo, Erkin Madrahimov bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, yosh isteʼdodlarning mushoiralari ham oʻtkazildi.
Bayram tadbirlari bolajonlarda katta taassurot qoldirdi.
Gulyor Palvanova,
Toshkent axborot texnologiyalari Urganch filiali talabasi