Urganch shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.
Yaqin uch yilda umumiy qiymati 24 trillion soʻmlik 2 ming 736 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 50 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Hazoraspdagi avtomobil zavodida “Damas” va “Labo” mikrovenlari ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasini 65 foizga yetkazish (hozir 27 va 14 foiz) boʻyicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyatda kelgusi yilda paxtani qayta ishlash darajasini 100 foizga, ip-kalavani uch yilda bugungi 35 foizdan 70 foizga yetkazish boʻyicha yangi loyihalar ishlab chiqiladi.
Malayziyalik investorlarning 250 million dollar sarmoyasi hisobidan yiliga 63 ming tonna kaustik soda va xlor ishlab chiqaradigan kimyo zavodi quriladi.
Suvdan unumli foydalanish, meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, qovunchilikda “Xorazm navi” brendini yaratib, qovun yetishtirish va eksport qilishni koʻpaytirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Sayyohlik salohiyatini kengaytirish maqsadida Shovot kanalining ikki yonida kichik turizm zonasini, Xivada “Xorazm xonlari shaharchasi”ni tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.
Davlatimiz rahbari milliy sanʼatimizni tarannum etish, xorijliklarni yurtimizga jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi boʻyicha xalqaro festival oʻtkazishni taklif etdi. Bu tashabbusni xorazmliklar mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladi.