Kuni kecha Oʻzbekistonni quvonchdan yayratgan Diyora 2022 yilda xorazmlik sportchi Azamat Matyoqubov bilan turmush qurib, Urganch shahar «Binokor» mahallasidagi Matyoqubov Umrbek va Botirova Umidaxonlar xonadoniga kelin boʻlgan.
Xorazmning kelinlari mana shunday boʻladi!
Xorazmga yor-yor bilan kirib kelgan Diyora,
Boshlariga harir roʻmol solib kelgan Diyora,
Samarqandning iforini olib kelgan Diyora,
Yuragingda Kubrolarning matonati bor, qizim!
Qaynotalar viqor bilan yelkalarin kerdilar,
Qaynonalar yal-yal yonar liboslarin kiydilar,
Sher yigitlar koʻkragiga bitta urib qoʻydilar,
Bilagingda momolarning jasorati bor, qizim!
Kelinlarning yuraklari qanot qoqar havasda,
Qizchalarning nigohlari koʻkka boqar havasda,
Samarqandu Xorazmni sevding bitta nafasda,
Koʻzlaringda ikki elning muhabbati bor, qizim!
Azamatning yuragida Manguberdi koʻz ochar,
Xorazmning mard yigiti jasoratdan soʻz ochar,
Hali qancha sahnalarda gʻalabalar yuz ochar,
Yuzlaringda Vatanimning xush surati bor, qizim!
Nozikkina yelkalarda millat shaʼni turadi,
Yuraklari nomus uchun, sharaf uchun uradi,
Xorazmning kelinlari Diyoraday boʻladi,
Duolari bilan senga Oʻzbekiston yor, qizim!
Sayyora Samandar
(Suratda Diyora qaynonasi bilan)