Xorijiy hamkorlardan Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy tabriklar

0
18
marta koʻrilgan.

Insoniyat tarixidagi eng qadimiy bayramlardan biri – tabiat uygʻonishi, yangi hayot va yasharish ramzi boʻlgan, koʻp millatli xalqimizga xos boʻlgan ezgulik, mehr-oqibat, sahovat va gʻamxoʻrlik, bunyodkorlik, ona zamin va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabat kabi fazilatlarni oʻzida mujassam etgan Navroʻz bayrami kirib kelishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.

Xorijiy hamkorlar oʻz maktublarida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, barqaror rivojlanish, doʻstlik, totuvlik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yuqori baholamoqda. Tinchliksevar va pragmatik tashqi siyosat tufayli Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotgani alohida taʼkidlanib, Yangi Oʻzbekistonga ravnaq tilaklari izhor etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Bahor ayyomi Navroʻz munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Rossiya-Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan oʻzaro manfaatli ikki tomonlama aloqalarni bundan buyon ham doʻst xalqlarimiz farovonligi, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yoʻlida faol rivojlantiramiz, deb ishonaman.

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Vladimir Putin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!

Oʻzbek xalqining anʼanaviy Navroʻz bayrami munosabati bilan Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan oʻzimdan Sizni, Oʻzbekiston hukumati va xalqini samimiy muborakbod etaman.

Ming yillik tarixga ega Navroʻz bahor kelishi va tabiat uygʻonishini ifodalab, oʻzbek xalqining baxtli hayotga, el-yurt birligiga va ravnaqiga intilishini aks ettiradi.

Oʻtgan yil iyul oyida Ostonada boʻlib oʻtgan ShHT sammiti doirasidagi samimiy va doʻstona uchrashuvimizda Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlari va turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik, ikki tomonlama aloqalarning yangi yoʻnalishlarini belgilab oldik.

Erishilgan kelishuvlarimiz samarali amalga oshirilayotgani, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil mustahkamlanib, eʼtiborga loyiq natijalar berayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlayman.

Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat beraman va yaqin doʻstligimizni yuksak qadrlayman.

Siz bilan birgalikda barcha sohalardagi hamkorlikni ilgari surish, Xitoy va Oʻzbekistonning yagona taqdir hamjamiyatini barpo etish ishlarini boyitish uchun harakat qilishga tayyorman.

Fursatdan foydalanib, Sizga, Janobi Oliylari, mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Si Szinpin, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!

Amerika Qoʻshma Shtatlari xalqi nomidan Sizni va butun Oʻzbekiston xalqini ajoyib Navroʻz ayyomi bilan tabriklayman. Bu barcha uchun tinchlik, farovonlik va yangilanish bayramidir.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida mustahkam rishtalar oʻrnatilayotganligini yuksak qadrlayman va Sizning izchil islohotlar dasturingizni olqishlayman. Savdo aloqalarimizni kengaytirish va zamonamizning eng yirik muammolarini hal etish yoʻlida hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutaman.

Buyuk davlatlarimiz ravnaq sari intilayotgan bir paytda, Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini doimo qoʻllab-quvvatlashga sodiq boʻlib qoladi.

Navroʻz muborak!

Chin dildan,

Donald Tramp, Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.

Navroʻz ayyomi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarimiz va ezgu istaklarimizni yoʻllab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston hukumati va xalqiga davomiy taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunmiz.

Yuksak ehtirom ila,

Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni Podshohi

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu

Navroʻz bayrami  munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy qutlovlarim va ezgu istaklarimni yoʻllab, Sizga sihat-salomatlik va baxt-saodat, birodar Oʻzbekiston hukumati va xalqiga yanada taraqqiyot va ravnaq tilashdan mamnunman.

Yuksak ehtirom ila,

Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari, aziz qardoshim,

Tabiat qayta jonlangan, tuproq uygʻongan va umidlar kurtak otgan Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yoʻllayman.

Asrlik qadim anʼanamiz Navroʻz — tinchlikning, birodarlikning va birdamlikning ahamiyatini bu yil ham eslashimizga imkoniyat yaratmoqda. Navroʻzning dunyoda tinchlikka boʻlgan umidning kurtak ochgani, xalqaro muloqot va hamkorlikning yangi qirralar ochgan payt xushxabarini keltirishini chin yurakdan tilab qolaman. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi chuqur ildiz otgan doʻstlik va birodarlik rishtalarining mustahkamlanishi, hamkorligimizning yanada kuchayishi bu Navroʻzda ham samimiy orzularimiz orasida.

Ushbu mazmunli kun munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, omonlik va farovonlikka toʻla kelajak tilab qolaman.

Rejep Tayyip Erdogʻan, Turkiya Respublikasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini ulugʻ ayyom — Navroʻz bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bu mamlakatlarimizni koʻp asrlik doʻstlik, oʻzaro anglashuv va hurmat anʼanalari bilan bogʻlaydigan, shuningdek, tabiatning yangilanishi va tiklanishining ramzi boʻlgan yorqin bayramdir. Ushbu fayzli kunda xalqlarimiz birdamlik va farovonlik yoʻlida birlashsin.

Navroʻz bayramining muqaddas qadriyatlari davlatlararo aloqalarimizni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligi yoʻlida yuksak maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishiga qatʼiy ishonaman.

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat, oilangizga baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Eng yaxshi tilaklar bilan,

Qasim-Jomart Toqayev, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini goʻzal Navroʻz bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Bu yorqin va quvonchli bayram bahorda tabiat uygʻonishi, birlik va doʻstlik, tinchlik va farovonlik ramzidir. U xalqlarimizni bogʻlab turgan koʻp asrlik doʻstlik va oʻzaro anglashuv anʼanalarini ifodalaydi, umumiy tarixga asoslangan qardoshlik munosabatlarini mustahkamlaydi.

Ishonchim komil, oʻzaro hurmat, ishonch va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligimiz bundan buyon ham barcha darajada birgalikdagi saʼy-harakatlar tarzida davom etib, xalqlarimizning porloq kelajagiga xizmat qiladi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh oʻzbek xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.

Hurmat bilan,

Sadir Japarov, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarga yoʻgʻrilgan samimiy qutlovlarimizni qabul qilgaysiz.

Qadimiy tarixga ega ushbu bayram madaniy meros va koʻp asrlik anʼanalarimiz mushtarakligi ifodasi sifatida uni nishonlaydigan xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni tinchlik va xavfsizlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash gʻoyalari asosida mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.

Navroʻzning boqiy bunyodkorlik anʼanalari bizni xalqlarimiz va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida tinimsiz saʼy-harakat qilishga undaydi.

Tojikiston tomoni Oʻzbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasidagi davlatlararo munosabatlarning bugungi darajasidan mamnun.

Ishonchim komil, mamlakatlarimiz ushbu qadimiy bayramning yuksak umuminsoniy qadriyatlariga tayangan holda, koʻp qirrali munosabatlarni mazmunan boyitish yoʻlida bundan buyon ham birgalikda harakat qiladilar.

Ushbu qutlugʻ kunlarda Sizga mustahkam sogʻlik va masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi zafarlar, mamlakatingizning qardosh xalqiga esa baxt-saodat, farovonlik, tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Navroʻz muborak!

Chuqur hurmat bilan,

Emomali Rahmon, Tojikiston Respublikasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllayman.

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida keng nishonlanadigan ushbu goʻzal bayram bahorning boshlanishi va tabiatning uygʻonishini anglatadi. Navroʻz bayrami turli xalqlar va madaniyatlar oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi. Ushbu yorqin bayram umid ramzi boʻlib, bugungi dunyoda insonparvarlik tuygʻularini mustahkamlashga undaydi.

Ushbu ajoyib bayram Siz va butun mamlakatingiz xalqi uchun baxt, quvonch va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!

Chuqur hurmat bilan,

Serdar Berdimuhamedov, Turkmaniston Prezidenti

***
 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navroʻz bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllash men uchun sharaf!

Bahorgi tengkunlik kunlarida nishonlanadigan xalqaro Navroʻz bayrami insoniyatning eng qadimiy madaniy meroslaridan biridir. Ildizlari ming yillar qaʼriga borib taqaladigan ushbu goʻzal bayram nafaqat tabiat uygʻonishi, balki oʻzaro hurmat, tinch-totuv yashash, bir-birini anglash va mehnatsevarlik ramzidir.

Ushbu qutlugʻ ayyom Siz va butun xalqingizga tinchlik, quvonch va yangi tashabbuslar olib kelsin!

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Aziz Qardoshim, Sizni va qardosh Oʻzbekiston xalqini milliy, madaniy va tarixiy ildizlari chuqur boʻlgan Navroʻz bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Ikki ming yildan buyon katta shodu xurramlik bilan nishonlanib kelinayotgan bu bayram zaminning uygʻonishi, tabiatning yangilanishi, insoniyatning qayta tugʻilishini anglatadi. Navroʻzi olam muborak boʻlsin, qardosh xalqlarimiz uchun ezgu ishlarning boshlanishi boʻlsin!

Ishonchim komil, Ozarbayjon — Oʻzbekiston ittifoqi umumiy tariximiz, boy milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz, xalqlarimizning qardoshligi va birdamligiga tayangan holda bundan buyon ham rivojlanib, saʼy-harakatlarimiz bilan mustahkamlanib boraveradi.

Ushbu qutlugʻ ayyomda Sizga va oilangizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston Respublikasi va uning xalqi farovonligi yoʻlidagi faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Ilhom Aliyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

***

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Tabiatning uygʻonishi, yaxshi kelajakka umid hamda hijriy-shamsiy yangi 1404 yilning boshlanishi chogʻi bulmish ulugʻ va qadimiy Navruz bayrami bilan Siz Janobi Oliylarini hamda mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan tabriklayman.

Bahor tabiatdagi muvozanat nuqtasi hamda mehr-oqibat, yakdillik va yangilanish pallasidir.

Hijriy-shamsiy yangi yilda ikki davlat munosabatlarida hamda xalqlarimiz hayotida ajoyib oʻzgarishlarning guvohi boʻlamiz, deb umid qilaman.

Qodir Egamdan Siz Janobi Oliylariga sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik, Navroʻz madaniyati mintaqasi davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlariga esa yanada rivojlanish tilab qolaman.

Masʼud Pezeshkiyon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti

***

Shuningdek, quyidagilar oʻz qutlovlarini yoʻllagan:

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.