Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovi — taʼlim islohotidagi qaldirgʻoch loyihalarimizdan biridir. Bu, shuningdek, maktab oʻquvchilari oʻzini namoyon qilishi uchun ajoyib imkoniyat va astoydil oʻqib bilim olishi uchun ragʻbat hamdir.
Ushbu tanlovda 6885 ta maktab va 7–9-sinflarning 35 mingga yaqin oʻquvchilari ishtirok etdi. Gʻolib jamoalar pul mukofotlariga ega boʻldi va 70 nafar finalchi 14 nafar oʻqituvchi hamrohligida Buyuk Britaniyada boʻlib qaytdi, ular u yerda bir hafta mobaynida nufuzli ingliz maktablarining oʻquvchilari sifatida dars va mashgʻulotlarda qatnashishdi. Shuningdek, ular London, Oksford va Kembrij shaharlari bilan ham tanishishdi. Oʻqituvchilar esa ingliz tilini oʻqitishning eng ilgʻor metodikalarini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldi.
Bugun biz tanlov va fan olimpiadalari gʻoliblari bilan Prezident Administratsiyasida uchrashdik, men ularga mamnuniyat bilan Administratsiya ish faoliyati haqida tushuncha berib, ekskursiya uyushtirdim. Bolalar aqlli va qiziquvchan. Koʻngli ochiq va toʻgʻrisoʻz. Ular bizning kelajagimiz.
Har biringiz — davlatimizning boyligi, biz sizlarning bilimga intilishingizni qoʻllab-quvvatlashga va ragʻbatlantirishga tayyormiz. Chunki farzandlarimiz muvaffaqiyat eshiklarini nafaqat oʻzlari uchun ochadilar. Balki, hammamiz uchun, butun mamlakat uchun!