Kecha Tokiodagi «Olimpiya» stadionida XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ushbu tadbirda delegatsiyamiz bayroqdorlarining oʻzgargani yuzasidan rasmiy bayonotni maʼlum qiladi.
Avval MOQ tomonidan boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida bayroqdorlarimiz bokschi Bobousmon Baturov hamda sport gimnastikasi vakili Oksana Chusovitina boʻlishi maʼlum qilingan edi. Reglamentga koʻra, sport gimnastikasi va boks bahslari 24 iyuldan boshlanadi. Oksana Chusovitina esa 25 iyul kuni saralash bosqichida qatnashadi. Shu boisdan Tokio-2020 shtabi va federatsiya rahbarlari bilan maslahatlashgan holda hamyurtlarimiz Oksana Chusovitina hamda Bobousmon Baturovni ortiqcha toliqtirmaslik maqsadida starti keyinroqqa toʻgʻri keladigan boshqa nomdor vakillarimiz, bokschimiz Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova delegatsiyamiz bayroqdori boʻldi.
Chunki, ochilish marosimida ishtirok etish katta vaqt oladi. Unda uzoq muddat tik oyoqda turiladi va shaharchaga kech qaytiladi. Nigora Tursunqulova 26 iyul kuni bahslarga kirishsa, Bahodir Jalolov 29 iyuldan oʻz ishtirokini boshlaydi. Shu bois ularning dam olib, bellashuvga shay boʻlishi uchun vaqt nisbatan koʻproq.
«Hamyurtlarimizdan vaziyatni toʻgʻri baholab, boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida terma jamoamiz vakillarini doimo qoʻllab-quvvatlab turishlarini soʻrab qolamiz», — deyiladi rasmiy bayonotda.