AOKAda 2022-2023 oʻquv yilida yagona maktab formasi joriy etilishi yuzasidan brifing boʻlib oʻtadi. Unda Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi va yagona maktab formasi boʻyicha bayonot berdi.
Brifing «Oʻzbekiston 24», «UzReport» telekanallari hamda AOKAning ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi.
Unda aytilgan muhim gaplar:
Birinchidan, moslashuv jarayonini hisobga olib yagona maktab formasi 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.
Yaʼni, 2022 yil sentyabr oyidan ota-onalarga yagona maktab formasini xarid qilish majburiy talab sifatida qoʻyilmaydi va formani hali xarid qilmagan oʻquvchilarga nisbatan hech qanday eʼtirozlar bildirilmaydi.
Ikkinchidan, milliy qadriyatlarimizni inobatga olib oʻquvchi-qizlarimizning maktabga ochiq rangdagi milliy roʻmolni boshning orqa tomonidan oʻragan holda kelishlariga ruxsat beriladi.
Uchinchidan, oʻquvchi-qizlarning liboslari, yaʼni yubka va kofta yenglarining uzunligi borasida ham ayrim tushunmovchiliklar boʻlmoqda.
Taʼkidlash joiz, tasdiqlangan oʻlchamlarda eng minimal uzunlik belgilangan. Yaʼni oʻquvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan oʻlchamdan kalta boʻlishi mumkin emas.
Toʻrtinchidan, mahalliy hokimliklar tomonidan kam taʼminlangan oilalarga mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga koʻmak beriladi.
Shuningdek, maktab formasini tegishli tadbirkorlardan xarid qilish boʻyicha maktab maʼmuriyati tomonidan majburlash holatiga yoʻl qoʻyilmaydi.
gujum.uz