Olimpiadada qatnashadigan oʻzbekistonlik bokschilar Marat Qurbonov boshchiligida tayyorgarlikning soʻnggi bosqichini musobaqa oʻtkaziladigan manzil – Yaponiyaning oʻzida olib borishadi.
Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan Oʻzbekiston terma jamoasining charm qoʻlqop ustalarini Tokioning “Narita” aeroportida Tashkiliy qoʻmita vakillari kuchli nazorat va tekshiruv bilan kutib olishdi. Hamyurtlarimizning salomatligi koʻzdan kechirilgach, delegatsiya Yaponiya zaminiga kirib bordi.
Bokschilarimiz olimpiada boshlanguncha Tokio shahrining oʻzida soʻnggi tayyorgarlik yigʻinini oʻtkazishadi. Unda asosiy eʼtibor texnik va umumiy holatni yaxshilash, sport formani eng yuqori pogʻonaga olib chiqarishga qaratiladi.
Yaponiya poytaxti Tokio shahrida start oladigan olimpiya oʻyinlarida erkaklar tarkibda Shahobiddin Zoirov, Miraziz Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov, Bobousmon Baturov, Fanat Qahramonov, Dilshod Roʻzmetov, Sanjar Tursunov, Bahodir Jalolov ishtirok etishadi.
Ayollar jamoasi tarkibida Tursunoy Rahimova, Rayhona Qodirova, Shahnoza Yunusova bellashadi.
Tokio olimpiadasida boks bahslari 24 iyul kuni start oladi.
J. SAʼDULLAYEV tayyorladi.