Yangi korxona qandolat mahsulotlari importini qirq foiz qisqartirish imkonini berdi

0
352
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Amilov» qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasini borib koʻrdi.

Umumiy qiymati 62 million dollar boʻlgan ushbu korxona poytaxtimizdagi sobiq «Lak-boʻyoq» zavodi oʻrnida tashkil qilingan. Zavod binosi rekonstruksiya qilinib, joriy yil 5 oktyabrda ishga tushirilgan. Germaniya, Shveysariya, Italiya, Avstriya, Gollandiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan. Qariyb 830 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan.

Korxona yiliga 50 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda bu yerda shokolad, konfet, pechenye, vafli kabi 60 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. 

Bunday shirinliklar shu paytgacha yurtimizga asosan import qilinardi. «Amilov» fabrikasida tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari chet elnikiga nisbatan arzon va sifatli boʻlgani bois ichki bozorni tez egalladi. Natijada bunday mahsulotlar importini qirq foiz qisqartirishga erishildi. Qolaversa, korxona yiliga 10 million dollarlik eksport qilishni rejalashtirgan.

Davlatimiz rahbari fabrikaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, bunday korxonalarni koʻpaytirib, raqobatni rivojlantirish, import boʻlayotgan boshqa mahsulotlarni ham mahalliylashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.