Yangi korxonalar ishga tushirilib, loyihalar qurilishi boshlandi

0
32
marta koʻrilgan.

Sharoit va talabchanlik tufayli bugun barcha hududlarda ish surʼati yuqori. Bir korxona ishga tushib, boshqalari qurilayapti. Ayniqsa, sanoat tarmoqlarida loyihalar shunchalik koʻpki, hammasiga ulgurish qiyin.

Shu bois davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi chogʻida eng muhim loyihalarga toʻxtalish anʼanaga aylangan. Fargʻona viloyatida ham yangi korxonalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida soʻnggi besh yilda Fargʻonada sanoat hajmi 1,3 barobarga koʻpayganini qayd etdi. Eksport hajmi qariyb 2 barobarga oshib, 722 million dollarni tashkil etgan. 

Investitsiyalar miqdori ham yil sayin oʻsib bormoqda. 2018 yilda viloyatda bor-yoʻgʻi 90 million dollar sarmoya oʻzlashtirilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 1 milliard 300 million dollar boʻlgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 470 taga yetgan. 

Viloyatda 6 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobidan 110 ta va yana 1,1 milliard dollarlik 22 ta mahalliy loyiha boʻyicha ishlar jadal ketmoqda. Ularda 20 mingdan ortiq ish oʻrni boʻladi.

— Ilgari viloyatda 6 ta loyiha qilish amri mahol edi. Bugun 6 milliard dollarlik loyihalar haqida gapirayapmiz. Nima uchun? Oʻsdik, rivojlandik, investorlarni ishontirdik, sharoit yaratdik. Bunday ishlarni yana davom ettiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birgina “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida 370 million dollarlik yuzga yaqin loyiha bajarilib, 9 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Ular tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 1 trillion 500 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 60 million dollarlik eksport qilindi.

Kuni kecha qabul qilingan Prezident qaroriga koʻra, ushbu sanoat zonasi Quvasoy shahri boʻylab 210 gektarga kengaytiriladi. Unda qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyiha joylashtirilib, 12 mingta ish oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, Qoʻqon shahrida 230 gektar maydonda “Oʻzbekiston – Xitoy” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.

Viloyatdagi muvaffaqiyatli loyihalardan biri – Singapurning “Indorama” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi mineral oʻgʻitlar zavodi. Endi uning yuqori samarador kompleks oʻgʻitlar ishlab chiqarish boʻyicha 2-bosqichi ishga tushirilmoqda hamda 3-bosqichi boshlanmoqda. Bularning natijasida yiliga 300 ming tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, qoʻshimcha 50 million dollarlik eksport taʼminlanadi.

Marosimdagi yana toʻrtta loyiha energetika sohasida. Ular – Beshariq tumanida quyosh elektr stansiyasi, Oʻzbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi, Fargʻona tumanida kichik gidroelektr stansiyalari. 

Iqtisodiyotimizda elektr energiyaga boʻlgan talab yiliga oʻrtacha 6 foizga oshib bormoqda. Shu bois anʼanaviy manbalar bilan birga qayta tiklanuvchi quvvatlar ham rivojlantirilmoqda. 

Soʻnggi uch yilda 2 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga quvvati 2,4 gigavatt boʻlgan 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi. Yil yakuniga qadar yana 12 ta stansiyaning qariyb 2,6 gigavatt quvvatlari ulanadi. Shuningdek, hozirgi kunda jami 19 milliard dollarlik, 18,3 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda. Muhimi, bunday loyihalar har bir viloyatda bor. 

Xususan, Fargʻonaning Beshariq tumanida Germaniyaning “Hyper Partners” kompaniyasi bilan 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. 350 million dollarlik mazkur loyihaning dastlabki 200 megavatti shu yilning oʻzida tarmoqqa ulanib, kelgusi yilda toʻliq ishga tushiriladi. Unda yiliga 1 milliard 600 million kilovatt soat yoki 675 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada 466 million metr kub tabiiy gaz tejaladi.

Oʻzbekiston tumanida 144 million dollar xorijiy investitsiya hisobiga 150 megavattli ilk elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi. Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi ushbu majmua shu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. U elektr energiyasiga talab ortgan vaqtda avtomatik ishga tushib, energetika tizimi barqarorligini taʼminlaydi.

Ushbu zamonaviy stansiyalar energetika xavfsizligini taʼminlashga, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga, ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

Sohadagi yana bir yoʻnalish – suv resurslaridan samarali foydalanish. Soʻnggi yetti yilda 630 million dollar investitsiya hisobiga 400 megavattdan ortiq yangi quvvatlar barpo etilib, gidroelektr stansiyalar quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.

Izlanishlar davom ettirilib, yurtimizda 56 megavatt quvvatli 200 ta  kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati aniqlandi. Bu borada alohida dastur qabul qilindi. Uning doirasida Fargʻona tumanining cheka hududlarida 2 ta kichik GES barpo etildi. Birinchisi, Shohimardon qishlogʻida qurilgan 2,2 megavattli, ikkinchisi, Yuqori Vodil qishlogʻidagi 430 kilovattli stansiyalardir. Ular yaqin mahallalardagi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.

 Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, bitgan korxonalar faoliyatini va yangi loyihalar qurilishini boshlab berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.