Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yoʻlini qatʼiy davom ettiramiz

0
343
marta koʻrilgan.

Yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqi

Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!

Hurmatli Senat aʼzolari!

Hurmatli Qonunchilik palatasi deputatlari!

Xorijiy diplomatik korpus vakillari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, menga ulkan ishonch bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylagan barcha yurtdoshlarimga chin qalbimdan minnatdorlik izhor etib, mehnatkash, olijanob va bagʻrikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan taʼzim qilaman.

Siz, azizlarga, sizlar orqali butun el-yurtimizga tinchlik va salomatlik, oilaviy baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Jonajon Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi boʻlgan davlat bayrogʻimiz, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrogʻiga yuksak hurmat bajo keltiraman.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida olib borayotgan siyosatimizning yuksak eʼtirofi sifatida qabul qilaman.

Muhtaram tantanali majlis ishtirokchilari!

Boʻlib oʻtgan saylovlarda koʻpmillatli xalqimiz faol ishtirok etib, oʻzining erkin xohish-irodasini, yuksak huquqiy ongi va siyosiy madaniyatini yaqqol namoyon etdi.

Xalqimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan rivojlanish yoʻlimiz naqadar toʻgʻriligini saylov natijalari yana bir bor tasdiqladi. Bu esa barchamizga yangi kuch, baland ruh va ishonch bagʻishlaydi.

Saylovning erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sogʻlom raqobat va siyosiy kurash muhitida oʻtganini xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ham eʼtirof etdilar.

Prezident saylovida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi. Ayniqsa, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Parlament Assambleyasi qatorida birinchi marta Yevropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Umuman, saylovda 18 ta xalqaro tashkilot va 45 ta xorijiy davlatning mingga yaqin vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1 ming 700 ga yaqin mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini bevosita yoritib bordi. Ularning barchasi, saylov milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, yuqori saviyada oʻtganini alohida qayd etdilar.

Aziz yurtdoshlar!

Saylovda menga bildirilgan ishonch – yuksak sharaf, muqaddas burch ekanini, ayni vaqtda bu ishonch zimmamga qanday ulkan masʼuliyat va javobgarlik yuklashini ham chuqur his etib turibman.

Nomzodimni ilgari surgan va saylov kampaniyasida qoʻllab-quvvatlagan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining aʼzolari va faollariga, barcha tarafdorlarim hamda ishonchli vakillarimga tashakkur aytaman.

Saylovda faol ishtirok etgan Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod – Maqsuda Vorisovaga, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – Alisher Qodirovga, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan – Narzullo Oblomurodovga, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – Bahrom Abduhalimovga alohida minnatdorlik bildiraman. Ularga kelgusi ishlarida omadlar tilayman.

Biz saylov jarayonida oʻzaro raqobat qilgan boʻlsak, endi barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, siyosiy partiyalar bilan faol hamkorlik qilamiz. Ularning saylovoldi dasturlaridagi muhim amaliy gʻoya va takliflar kelgusi faoliyatimizda eʼtiborimizdan chetda qolmaydi.

Butun kuch va salohiyatimizni yagona ulugʻ maqsadimiz – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratamiz.

Bugun shu yuksak minbarda turib, barcha hududlarimiz – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisiga;

yurtimizda tinchlik va doʻstlik muhitini mustahkamlash yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan mahalla faollari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va din arboblariga;

ezgu duolari, hayotiy maslahatlari bilan bizning ishimizga unum va baraka berayotgan moʻtabar faxriylarimizga;

jamiyatimiz hayotida beqiyos oʻringa ega boʻlgan muhtarama ayollarimizga;

iqtisodiyot, sanoat, agrar va ijtimoiy sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga, tadbirkor va fermerlarga, quruvchi-bunyodkorlarga;

butun borligʻini ilm-fan va maʼnaviyatni yuksaltirish, navqiron avlod tarbiyasiga bagʻishlagan ustoz va murabbiylarga, ilmiy va ijodkor ziyolilarga, madaniyat va sanʼat ahliga;

el-yurtimiz sogʻligʻini asrashdek olijanob maqsad yoʻlida oʻzini ayamasdan, mardona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlariga;

Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Bobur Mirzo kabi ulugʻ ajdodlarimiz anʼanalarini munosib davom ettirayotgan mard va jasur harbiy xizmatchilarimizga;

jahon maydonlarida Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarayotgan matonatli sportchilarimizga;

Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga, xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarimiz hamda mahalliy hokimliklar xodimlariga;

saylov jarayonlarini keng va xolis yoritgan ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman.

Yosh avlodimizga – mening oʻgʻil-qizlarimga qarata aytmoqchiman: tomirlarida buyuk bobolarimizning gʻayrat-shijoati joʻsh urib turgan aziz farzandlarim, sizlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda doimo oldingi safda boʻlasizlar, deb ishonaman.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan samimiy tabriklarini yoʻllagan mamlakatimizning barcha fuqarolariga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur ehtiromimni izhor qilaman.

Fursatdan foydalanib, saylovda ishtirok etgan barcha xalqaro kuzatuvchilarga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan tashakkur aytaman.

Hurmatli tantanali marosim qatnashchilari!

Bugungi tantanali marosim poytaxtimiz markazida barpo etilgan, barcha zamonaviy sharoitlarga ega boʻlgan muhtasham Senat binosida oʻtayotganida ham chuqur ramziy maʼno bor, albatta.

Bu qutlugʻ maskan mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida muhim qonun va qarorlar qabul qilinadigan nufuzli dargohga, zamonaviy milliy davlatchiligimiz koʻzgusi va demokratiya maktabiga aylanadi, deb ishonaman.

Yangi Oʻzbekiston timsollaridan biri boʻlgan Senat binosi hammamizga muborak boʻlsin!

Qadrli doʻstlar!

Barchangiz xabardorsiz, bundan besh yil oldin xalqimiz bilan bamaslahat Harakatlar strategiyasini qabul qilgan edik. Oʻtgan davr mobaynida ushbu Strategiya asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Yangi muddatga lavozimga kirishayotgan Prezident sifatida jonajon Vatanimizning bugungi kuni va kelajagi uchun butun masʼuliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda aytmoqchiman:

Xalqimiz bilan boshlagan demokratik islohotlar yoʻlini yanada qatʼiy davom ettiramiz va bu yoʻldan hech qachon ortga qaytmaymiz!

Yangi Oʻzbekistonni birgalikda albatta barpo etamiz!

Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini soʻzsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni boʻlib qoladi.

Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz.

Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sogʻlom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.

Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari!

Bugungi davramizda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari va xorijiy davlatlar elchilari qatnashayotgani barchamizga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinliklari hamda qonun ustuvorligini taʼminlash borasida olib borayotgan ishlarimizdan, oʻylaymanki, siz, hurmatli diplomatlar ham xabardorsiz.

Bu sohadagi amaliy faoliyatimizning eʼtirofi sifatida Oʻzbekiston birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi aʼzoligiga saylanganini aytib oʻtish kifoya.

Ayni paytda biz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va taʼminlashda amalga oshirgan ishlarimizdan koʻra, oldimizda turgan vazifalar koʻp ekanini ham yaxshi tushunamiz.

Maʼlumki, bu oliy qadriyatni tom maʼnoda qaror toptirish – biron-bir manzilga yetib borib toʻxtash, degani emas. Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglaymiz. Jahon tarixi va demokratik davlatlar tajribasi ham shundan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan bu sohadagi vazifalarni amalga oshirishda biz xalqaro hamjamiyat, jumladan, Siz, muhtaram diplomatik korpus vakillarining yaqin hamkorligiga ishonamiz.

Qadrli senator va deputatlar!

El-yurtimiz biz boshlagan xalqchil islohotlarga bugun xayrixohlik va qatʼiy ishonch bilan qarab, ularning hosili va samarasini tezroq koʻrishni istamoqda. Ana shu haqli talabni inobatga olgan holda, biz Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqib, saylov jarayonida uni oʻziga xos umumxalq muhokamasidan oʻtkazdik.

Bu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyildi.

Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgiladik.

Taʼkidlash kerakki, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz.

Saylovchilar bilan muloqotlar paytida bildirilgan fikr-mulohazalar, amaliy taklif va tashabbuslar asosida biz Taraqqiyot strategiyamizni yanada takomillashtirish ustida ish olib bormoqdamiz va bu jarayon yana davom etadi. Chunki, Vatanimizning taqdiri va kelajagi bilan bogʻliq ustuvor masalalarni hal etishda keng jamoatchilik, har qaysi fuqaroning fikri biz uchun oʻta muhimdir.

Bu borada yana bir dolzarb masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Kelgusi besh yil uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olar ekanmiz, oʻtgan davrda erishgan yutuqlarimiz bilan birga, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni ham tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilishimiz lozim. Nega deganda, oʻz kelajagini oʻz qoʻli, oʻz kuchi bilan yaratishga bel bogʻlagan xalq va millat kechagi kundan toʻgʻri saboq chiqarib, oldinga intilib yashaydi.

Saylovoldi uchrashuvlarida mamlakatimizdagi har bir shahar va tumanni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy rivojlantirish boʻyicha yangi rejalar tuzdik. Hozirgi kunda ana shu takliflarni umumlashtirib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida-alohida dasturlarni ishlab chiqmoqdamiz va ularni yillar kesimida amalga oshiramiz.

Men bundan besh yil oldin, yaʼni Prezidentlik faoliyatimni boshlagan ilk kunlarda aytgan fikrimni yana takrorlayman: menga soxta va balandparvoz gaplarning keragi yoʻq. Quruq va yolgʻon gaplar, tagi puch raqamlar – bu faqat oʻzimizni aldash boʻladi. Bu faqat ishimizga ziyon yetkazadi.

Biz uchun umumiy ishimiz va harakatimizga foyda beradigan gʻoya va fikrlar, amaliy taklif va tashabbuslar, aniq natijalar kerak. Bundan boshqa yoʻlni men mutlaqo qabul qilmayman.

Hurmatli doʻstlar!

Barchamiz koʻrib-bilib turibmiz: bugungi kunda insoniyat oʻz tarixidagi nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Biz ilgari koʻrmagan, bilmagan mislsiz xavf-xatar va tahdidlarga duch kelmoqdamiz.

Yer yuzida millionlab odamlarni hayotdan olib ketgan koronavirus pandemiyasi va uning oqibatida kelib chiqqan global iqtisodiy inqiroz hanuz davom etmoqda. Pandemiya qachon tugaydi va undan keyingi hayot qanday boʻladi – buni hech kim oldindan bashorat qilolmaydi.

Afsuski, pandemiyaning salbiy taʼsiridan Oʻzbekiston ham chetda qolayotgani yoʻq. Bu xatarli kasallikka qarshi kurash, shunday ogʻir sharoitda yashash va mehnat qilish bizdan katta kuch va mablagʻ, yuksak iroda va qatʼiy intizomni talab etmoqda.

Har qancha harakat qilishimizga qaramasdan, pandemiya tufayli koʻplab yurtdoshlarimiz, jumladan, bir qancha senator va deputatlarimiz, rahbar safdoshlarimizdan judo boʻldik. Bugun ularning barchasining xotirasini yana bir bor yod etib, oxiratlari obod boʻlsin, deymiz.

Hozirgi vaqtda dunyoda turli kuchlar oʻrtasida qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchaymoqda, resurslar uchun shafqatsiz kurash ketmoqda. Mintaqamizdagi tinchlik va xavfsizlikka nisbatan yangi-yangi tahdidlar paydo boʻlmoqda.

Oʻz-oʻzidan ravshanki, globallashuv va keskin raqobat zamoni, shiddat bilan oʻzgarayotgan hayot bizning oldimizga kechiktirib boʻlmaydigan, oʻta muhim va dolzarb vazifalarni qoʻymoqda.

Mana shunday murakkab va qaltis vaziyatda barchamiz tinch va osoyishta hayotimizni asrash, milliy mustaqilligimizni mustahkamlash uchun yanada jipslashib, hushyor va ogoh boʻlib, dadil va qatʼiy harakat qilishimiz zarur.

Shu maqsadda har bir xonadon va mahallada, butun yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish, jahon hamjamiyati bilan doʻstlik va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan strategik yoʻlimizni yanada izchil davom ettiramiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yoʻnalishdan iborat etib belgilandi. Bu – bejiz emas. Zero, ajdodlarimiz yetti raqamini baxt-saodat va omad keltiradigan, ezgu niyatni roʻyobga chiqaradigan xosiyatli timsol, deb bilganlar.

Ruxsatingiz bilan, Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Birinchidan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarimiz yangi pogʻonaga koʻtariladi.

Bu borada, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan “Yangi Oʻzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” gʻoyasini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratamiz. Shu asosda mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va masʼuliyatini yanada kuchaytiramiz. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga oʻtkaziladi.

Jamiyat boshqaruvining tayanch boʻgʻini boʻlgan, islohotlar samarasi bevosita aks etadigan mahalla tizimini hokimliklar bilan bogʻlash maqsadida har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Hokim yordamchisi yangi ish oʻrinlarini yaratish va kambagʻallikni qisqartirishga masʼul boʻladi. Mahalla raisi esa maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, oila va mahallada sogʻlom muhitni shakllantirishga javob beradi.

Shu bilan birga, mahallalarda yoshlar masalalari bilan muntazam shugʻullanadigan Yoshlar ishlari agentligining vakili ham boʻladi.

Bundan tashqari, hokimliklar va mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish maqsadida tuman byudjeti qoʻshimcha manbalar bilan taʼminlanib, mahallaning alohida jamgʻarmasi shakllantiriladi.

Navbatdagi muhim vazifamiz – markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratishdan iborat. Buning uchun, eng avvalo, vazirlik va idoralarni tashkil etish va tugatishning tartibi, ularni bir-biridan farqlab turadigan mezonlar, tarkibiy tuzilma va shtatlarni belgilashga oid aniq talablar ishlab chiqiladi. Shu asosda bir xil yoʻnalishdagi vazifalarni amalga oshirayotgan idoralar optimallashtiriladi.

Markaziy idoralarning hududiy tuzilmalar bilan ishlash jarayoniga yangicha yondashuvlarni joriy etib, eskirgan byurokratik usullardan voz kechamiz. Bunda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni tezkorlik bilan mustaqil hal etish boʻyicha vazirlik va idoralarning vakolatlari yanada kengaytiriladi.

Har bir tarmoq va hudud boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari tom maʼnoda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini ifoda etadigan tuzilmaga aylanishi uchun qoʻshimcha huquqiy asoslar yaratiladi.

Ayni vaqtda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish jarayoniga yangicha, zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi. Kadrlar davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilinadi, ular uchun uzluksiz malaka oshirish, natijadorlikni baholash va lavozim boʻyicha koʻtarilish mezonlari belgilanadi.

Bundan buyon har bir hudud, soha va tarmoq faoliyatiga ularda fuqarolarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari qanday taʼminlanayotganiga qarab baho beriladi.

Shu munosabat bilan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan daʼvatga qoʻshimcha qilib aytmoqchiman: “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilishi kerak”. Shuning uchun har bir mutasaddi mahalla va tuman hayotini ipidan ignasigacha bilishi shart.

Ulugʻ ajdodlarimiz aytganidek, rahbar xalqqa yuk boʻlmasligi, aksincha, xalqning yukini yelkasiga olishi kerak. Agar qaysiki rahbar davrning bu oʻtkir talabini tushunmasa, ularni endi xalqimiz ham, hayotning oʻzi ham qabul qilmaydi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda xalq vakillari boʻlgan senator va deputatlar alohida muhim oʻrin tutadi.

Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqimiz kutayotgan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini taʼminlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Bu borada parlament tomonidan mamlakatimiz boʻyicha murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinadi. Joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va uning natijasiga muvofiq, ularga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrish amalga oshiriladi.

Rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, jamiyat va davlat boshqaruv tizimi ayrim rahbarlarning subyektiv nuqtai nazariga, sodda qilib aytganda, ularning qosh-qovogʻiga qarab emas, aksincha, mustahkam huquqiy mezonlarga ega boʻlgan institutlar faoliyati orqali amalga oshirilishi zarur.

Bu borada oldimizda turgan yana bir muhim masala – Xalq deputatlari mahalliy kengashlari hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish vaqti keldi, deb oʻylayman.

Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish eʼtiborimiz markazida boʻladi. Shu maqsadda Jamoatchilik palatasini tashkil etish ishlari jadallashtiriladi.

Jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kuchaytirishga doir dolzarb vazifalar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish uchun soʻz va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, oʻz fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini taʼminlash borasida muhim chora-tadbirlar hayotga joriy etilmoqda.

Albatta, bunday ochiqlik va oshkoralik sharoitida ishlash, oʻz faoliyatiga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarni toʻgʻri qabul qilish eskicha qoliplar bilan yashayotgan ayrim amaldorlarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin, bundan qatʼi nazar, biz bu yoʻlni davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri deb bilamiz va uni izchil davom ettiramiz.

Shu maqsadda amaldagi qonunchilikda davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish, senzura oʻrnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq oʻtkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan gʻayriqonuniy ravishda olib qoʻyish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish koʻzda tutilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, qonuniy faoliyat yuritayotgan barcha jurnalist va blogerlar bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida boʻladi.

Ikkinchidan, adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy va zarur shartidir.

Oʻtgan davrda Oʻzbekistonda bu borada katta ishlar amalga oshirildi.

Ayni vaqtda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini taʼminlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish boʻyicha oldimizda koʻpgina vazifalar turibdi.

Kelgusida maʼmuriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Sud xususiy mulk himoyasida turib, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash orqali ijro idoralarini qonun doirasida ishlashga majbur qiladigan tizimni yaratishimiz zarur. Bu esa jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi.

Biz mamlakatimiz rivojini, aholi farovonligini taʼminlashda hal qiluvchi oʻrin egallaydigan tadbirkor va mulkdorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilamiz. Bu borada qonun buzilishini mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan favqulodda holat deb baholaymiz.

Shu munosabat bilan xususiy mulk ustuvorligi qonunlarimizda asosiy tamoyil sifatida belgilandi. Davlat idorasi maʼlumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqi buzilmasligi taʼminlanadi.

Yana bir muhim masala – soʻnggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashni davlat siyosati darajasiga olib chiqdik. Shu maqsadda Senat raisi rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tashkil etildi. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham faol ish olib bormoqda.

Bundan buyon ham taraqqiyot kushandasi boʻlgan ushbu illatga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz.

Bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni koʻrish zarur. Shu asosda korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar amalga oshiriladi.

Lekin hammamiz yaxshi tushunamizki, korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat-huquqiy choralar bilangina kurashib boʻlmaydi. Buning uchun butun jamiyatimizda, avvalo, yoshlar ongida bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, barcha sogʻlom kuchlarni birlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Xalqparvar davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish muhim ahamiyatga ega.

Shuning uchun fuqarolar oʻrtasida qonunga hurmat va amal qilish hissini shakllantirish – bogʻcha va maktabdan tortib oliygohgacha, barcha taʼlim muassasalarining, har bir oilaning birinchi navbatdagi vazifasi boʻlishi kerak.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan bugungi kunda hayotning oʻzi, islohotlarimiz mantigʻi talab etayotgan yana bir muhim taklif ilgari surildi. U ham boʻlsa, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat.

Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, tub burilish davrida koʻpgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini koʻramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini oʻrganib, puxta oʻylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham koʻrib chiqishimiz kerak.

Uchinchidan, milliy iqtisodiyotni, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish ustuvor vazifalarimizdan biridir.

Mamlakatimizdagi mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etgan holda, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmini yanada oshirishni maqsad qilganmiz.

Nasib etsa, 2030 yilga borib, Oʻzbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrin egallaydi. Bunga, avvalo, xususiy sektorni ragʻbatlantirish va uning ulushini oshirish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishish koʻzda tutilmoqda. Jumladan, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida drayver sohalarda klaster tizimini rivojlantiramiz.

Iqtisodiyotda yuqori oʻsish surʼatlariga erishish uchun, avvalo, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlab, inflyasiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari amalga oshiriladi.

Shuningdek, byudjet va tashqi qarz barqarorligini taʼminlash, mahalliy byudjetlarning imkoniyatlarini kengaytirishga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi.

Tadbirkorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng boʻlgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish boʻyicha boshlagan islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz.

Davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biri boʻlib qoladi.

Erkin raqobatga asoslangan bozorni yaratish hisobidan aholi va tadbirkorlar energiya resurslari bilan kafolatli taʼminlanadi.

Aholi bandligini taʼminlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga oʻqitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali 2026 yilgacha kambagʻallikni ikki barobar qisqartirish koʻzda tutilmoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy himoya sohasida boshqaruv tizimi isloh qilinib, ijtimoiy xizmatlarning sifati yaxshilanadi va koʻlami kengaytiriladi.

Eng muhim masalalardan biri sifatida uy-joy masalasini hal etish, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi. Ushbu yoʻnalishda qabul qilgan dasturlarimiz, jumladan, arzon uy-joylar dasturi asosida soʻnggi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar barpo etildi. Bu – oldingi besh yilga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi, deganidir.

Ana shunday ishlarimiz koʻlamini yanada kengaytirib, kelgusida hududlarimizda 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini bunyod etamiz. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari izchil davom ettiriladi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, zamonaviy yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo muntazam avtomobil, temir yoʻl va havo qatnovini yaxshilash boʻyicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Biz uchun strategik tarmoq boʻlgan qishloq xoʻjaligi samaradorligini tubdan oshirish va uni diversifikatsiya qilish gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, agrar sohani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini klaster asosida qayta ishlash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dolzarb vazifamiz boʻlib qoladi.

Qishloq joylarda yashayotgan aholining hayot darajasi va sifatini oshirish islohotlarimizning asosiy yoʻnalishini tashkil etadi. Shu maqsadda fermer va dehqonlar daromadini 2 barobar koʻpaytirish uchun zarur sharoitlarni yaratamiz, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsish surʼatini kamida 5 foizga yetkazamiz.

Toʻrtinchidan, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli taʼlim-tarbiya masalasi bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-oʻqituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak.

Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin boʻlmasin, oʻqituvchilar mehnatini munosib ragʻbatlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025 yilga borib, oliy toifali oʻqituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari koʻriladi.

Bu borada, avvalo, bogʻcha tizimini maktab taʼlimi bilan uygʻunlashtirish orqali bolalarimizni maktabga tayyorlash sifatini yanada yaxshilaymiz. Mamlakatimizning hamma hududlarida oʻnlab yangi-yangi maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etiladi. Barcha bogʻchalar har yili 2 million nusxadagi zamonaviy oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlab boriladi.

Bogʻcha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borish gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda tizimdagi 160 ming nafardan ziyod pedagog kadrlarning malakasi oshiriladi.

Bolalar soni oʻsib borayotganini inobatga olib, yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, sohaning barcha bosqichlari oʻrtasida uzviylikni taʼminlashga qaratilgan Milliy taʼlim dasturi ishlab chiqiladi.

Maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasini hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga, oliy taʼlim tizimida esa 50 foizga yetkazish, maktablarda taʼlim-tarbiya sifati va darajasini oshirishga birlamchi vazifa deb qaraymiz.

Yangi oliy taʼlim muassasalarini tashkil etish bilan birga, talabalarni turar-joy bilan taʼminlash boʻyicha boshlagan ishlarimizni jadal davom ettiramiz.

Taraqqiyot strategiyamizda xalqimiz salomatligini taʼminlash bundan buyon ham bosh vazifa boʻlib qoladi. Ushbu sohaga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni 2 barobar oshirish, jumladan, kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish moʻljallanmoqda.

Asosiy maqsad – tibbiyot sohasini chinakamiga xalq dardiga darmon boʻladigan, yuqori samara bilan ishlaydigan tizimga aylantirishdan iborat.

Tibbiyotning birlamchi boʻgʻini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, aholi orasida eng koʻp tarqalgan va erta oʻlimning asosiy sababi boʻlgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini amalga oshirish, profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish choralari koʻriladi.

Bunda axborot texnologiyalarini joriy etish hisobidan korrupsiya holatlarining oldini olish, eng muhimi, aholini rozi qilish asosiy vazifamiz boʻladi.

Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar koʻlami kengaytiriladi. Davlat tibbiy sugʻurta tizimi ishga tushirilib, mablagʻ aniq bemorga bogʻlangan holda ajratiladi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish – biz uchun muhim yoʻnalish boʻlib qoladi. Bunda biz avvalo aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan xalqchil sport tizimini tushunamiz.

Shu maqsadda barcha shahar va tumanlarda ommaviy sportni rivojlantirishga, jumladan, sport maydonchalari, piyodalar va velosipedchilar uchun yoʻlaklar, ekoparklar, taʼlim dargohlaridagi sport zallaridan iborat sport infratuzilmasini yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun sport maktablarini koʻpaytiramiz va yangi sport obyektlarini barpo etamiz. Bu borada Olimpiya oʻyinlariga kiritilgan har bir sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha kompleks dasturlar amalga oshiriladi.

Aziz doʻstlar!

Keksa avlod vakillariga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularni har tomonlama eʼzozlash – xalqimizning azaliy qadriyatidir. Ana shunday noyob fazilatni asrab-avaylash, farzandlarimizni shu ruhda tarbiyalash – barchamizning muqaddas burchimizdir.

Bugungi globallashuv davrida, pandemiya va iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan ogʻir bir sharoitda dunyoning ayrim hududlarida keksalar oʻz muammolari girdobida yolgʻiz qolib ketayotgani ham sir emas. Shuning uchun muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, mehnat faxriylarining hayotini mazmunli va fayzli qilish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratish, sogʻligʻini mustahkamlash boʻyicha boshlagan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz zarur. Toki bu hurmatli insonlar oʻzlarining oila va jamiyat hayotida munosib oʻrni borligini doimo his qilib yashasinlar.

Shu maqsadda oʻtkazilayotgan, nuroniylarimizning ruhi va kayfiyatini koʻtaradigan “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalar haftaligi” singari maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni koʻpaytirish, umuman, har bir tumanda faxriylarimizni qoʻllab-quvvatlash ishlarini kengaytirish uchun alohida dasturlar tuzib, amalga oshirsak, ayni muddao boʻladi.

Jamiyatimizda mehr-oqibat, muruvvat va saxovat tamoyillarini yanada mustahkamlash maqsadida nogironligi boʻlgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Eng muhimi, bu tizim amalda ishlashi va ushbu toifadagi insonlar oʻzlarini jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi, deb his etishlari zarur.

Jahon tajribasidan kelib chiqib, nogironligi boʻlgan fuqarolarni kafolatli ish oʻrni va daromad manbai bilan taʼminlash uchun ularga aniq kvotalar belgilash boʻyicha amaldagi qonunchiligimizga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.

Maʼlumki, yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga oʻqitish va turarjoy bilan taʼminlash, jamiyatda munosib oʻrin egallashiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

“Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda yashayotgan bolalarni oilaga yaqin muhitda, bilimli va kasb-hunarli etib tarbiyalash uchun “Mehr daftari” doirasida boshlagan ishlarni izchil davom ettirish barchamizning burchimizdir.

Bu borada olib borayotgan ishlarimizning amaliy natijasi sifatida bir misol keltirmoqchiman. Keyingi uch oy davomida olijanob insonlar tomonidan ana shunday dargohlarda tarbiyalanayotgan oʻnlab bolalar farzandlikka qabul qilindi.  Shu tufayli 3 ta “Mehribonlik uyi”, 1 ta “Bolalar shaharchasi” oʻz faoliyatini tugatgani ayniqsa eʼtiborlidir.

Oʻzbek xalqining yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etayotgan ana shunday mehr-shafqatli, bolajon va bagʻrikeng yurtdoshlarimizga, bolalar uylarini otaliqqa olib, ezgu ishlarni amalga oshirayotgan saxovatli tadbirkor va ziyolilarga, Milliy gvardiya xodimlariga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Hozirgi vaqtda xonadonlarimizning fayzu farishtasi boʻlgan, farzandlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qoʻshayotgan ayollarimiz barcha islohotlarimizda faol ishtirok etmoqdalar. Hurmatli onalarimiz, opa-singillarimizga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining uzviy qismi boʻlib kelayotgani sizlarga yaxshi maʼlum. Shu bois xotin-qizlarimizning bandligini taʼminlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish, ularning oʻz salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Milliy dastur qabul qilamiz.

Navqiron yoshlarimizni, ayniqsa, qizlarimizni sogʻlom va yetuk etib tarbiyalash, ularning qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Biz xorijiy davlatlarda bilim olayotgan, mehnat qilib daromad topayotgan yurtdoshlarimizni, ularning mamlakatimizda yashayotgan oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni qabul qilamiz. Xususan, “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali chet ellarda yashayotgan fuqarolarimiz va ularning oilalari bilan aloqalar kengaytiriladi. Hamyurtlarimizni ona tilimiz, madaniyat va urf-odatlarimiz asosida jipslashtirish, ularning bilim va salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yoʻnaltirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.

Beshinchidan, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy omillar bilan birga, maʼnaviy va maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar ham gʻoyat muhim ahamiyatga ega.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi – maʼnaviyatdir. Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, yaʼni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy gʻoyalarni mujassam etadigan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz. Shu maqsadda “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshiramiz.

Milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va nufuzini oshirish, madaniyat va sanʼatni yuksaltirish bilan bogʻliq vazifalar doimiy kun tartibimizda turadi.

Muqaddas islom dinimizning insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish, “jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyili asosida unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat beramiz.

Sizlarga maʼlumki, Oʻzbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlikdir, desam, oʻylaymanki, barchangiz bu fikrga qoʻshilasiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila boʻlib yashayotgani, fidokorona mehnati bilan jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgani ayniqsa quvonarlidir.

Biz bunday bebaho boylik bilan haqli ravishda faxrlanamiz hamda davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini, mamlakatimizdagi doʻstlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga yoʻnaltiramiz.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti sifatida shuni alohida taʼkidlab aytaman: bizning davlat siyosatimizda bundan buyon ham barcha millat va elat vakillarining milliy oʻzligini, ona tili va madaniyatini, dini, urf-odat va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Oltinchidan, bugungi kunda insoniyat koʻplab umumbashariy muammolarga duch kelmoqda va ularga yechim topish nihoyatda dolzarb boʻlib qolmoqda.

Biz globallashuv har tomonlama avj olayotgan, shiddatli oʻzgarishlar sodir boʻlayotgan murakkab zamonda yashamoqdamiz. Bugungi kunda iqlim oʻzgarishlari, ekologik muammolar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar bizning mamlakatimizda ham yechilishi zarur boʻlgan dolzarb vazifalar hisoblanadi.

Bunday muammolarni hal etishda kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, bu boradagi barcha saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirish lozim. Bu esa, oʻz navbatida, kelajagimiz qiyofasini belgilaydigan global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish zarurligini anglatadi.

Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy taʼsiri ortib bormoqda. Buni kuni kecha sodir boʻlgan qum boʻronlari ham yana bir bor tasdiqladi.

Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq vaziyat tobora keskin tus olmoqda. Shu borada biz Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida eʼlon qilish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyusiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi faoliyatimizni jadallashtirish kerak.

Shu yil avgust oyida mamlakatimizda boʻlib oʻtgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyada qabul qilingan qaror va hujjatlarning izchil bajarilishi uchun xalqaro hamkorlarimiz bilan zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Yettinchidan, mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashning ishonchli kafolati boʻlgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish ustuvor maqsadimiz boʻlib qoladi.

Dunyoda va mintaqamizda vujudga kelayotgan bugungi murakkab va tahlikali vaziyatda oʻz hayotini Vatan himoyasidek sharafli ishga bagʻishlagan, xalqimiz faxriga aylangan jasur harbiylarimizning jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini kuchaytirish dolzarb vazifamizdir.

Harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, moddiy taʼminotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan taʼminlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun biz barcha zarur chora-tadbirlarni koʻramiz.

Biz pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi munosabatlarimizni yanada rivojlantiramiz.

Eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini tobora kuchaytirish bundan buyon ham asosiy maqsadimiz boʻladi.

Mintaqamizning ajralmas qismi, yaqin qoʻshnimiz boʻlgan Afgʻonistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash, bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun afgʻon xalqiga qoʻlimizdan kelgan barcha yordamni koʻrsatamiz. Biz Afgʻoniston bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklarimiz bilan oʻzaro manfaatli va koʻpqirrali aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor beramiz.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy Kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan koʻp tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy maʼno-mazmun bilan boyitamiz.

Biz – dunyoga, dunyo – bizga ochiq boʻlishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu. Biz ana shu hal qiluvchi tamoyilni albatta hayotimiz qoidasiga aylantiramiz.

Aziz va qadrli yurtdoshlarim!

Biz oʻtgan besh yil davomida, gʻoyat qiyin va murakkab sinovlar davrida katta tajriba orttirdik. Qanchalik ogʻir boʻlmasin, marrani baland olib yashash va ishlashga oʻrgandik. Tabiiyki, marrani katta olgan xalqning qadamlari ham, erishadigan natijalari ham salmoqli boʻladi.

Milliy rivojlanish yoʻlida orttirgan tajribamizdan kelib chiqib, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida barcha soha va tarmoqlar, mintaqa va hududlar, xususan, har bir mahalla boʻyicha oʻz oldimizga yanada yuksak vazifalar qoʻymoqdamiz.

Hammamiz koʻrib turibmiz – bugun zamon juda tez, mislsiz shiddat bilan oʻzgarmoqda. Shuning uchun biz islohotlarimiz surʼatini aslo pasaytirmasdan, faqat oldinga borishimiz, har bir soat, har bir kundan unumli foydalanishimiz kerak. Chunki, Bahouddin Naqshband hazratlari aytganlaridek, “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi”.

Mana shu dono hikmatni hech qachon unutmasligimiz kerak.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bir fikrni alohida taʼkidlashni istardim: Prezident sifatida men mamlakatimiz tinchligi, el-yurt farovonligi, Vatan taraqqiyoti yoʻlida butun borligʻimni bagʻishlab, xalqimga sadoqat bilan xizmat qilishni hayotimning maʼno-mazmuni deb bilaman. Men uchun bundan boshqa oliy maqsad, baxt-saodat yoʻq.

Siz, qadrli vatandoshlarimning chin dildan qoʻllab-quvvatlashingiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimizning duolari, aziz yoshlarimizning ishonchi menga katta kuch-gʻayrat beradi. Shu bois sizlar bilan, xalqimiz bilan birga mehnat qilishdan hech qachon charchamayman.

Soʻzimning yakunida qalbimda, yuragimda boʻlgan ezgu tilaklarimni izhor etib, aytmoqchiman.

Aziz va moʻtabar Vatanimiz hamisha omon boʻlsin!

Xalqimizning baxtu iqbolini, omadini bersin!

Barchamizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuq va zafarlar yor boʻlsin!

Ulugʻ va pok niyatlarimizni amalga oshirishda Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.