Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida barpo etilayotgan “Ugam River” turistik majmuasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ugam daryosi boʻyidagi bu maskan ilgari toʻla foydalanilmagan, toshloq joy edi. Bu yil 1 trillion soʻmlikdan ziyod loyiha doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozirda 17 ta koʻp qavatli uy qad koʻtarmoqda. Ular 5, 6 va 7 qavatli, 870 xonadondan iborat boʻladi.
Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat shoxobchalari quriladi. Bolalar oʻyingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil koʻprigi, togʻ va sohil boʻyi yoʻlaklari ham tashkil etiladi.
Bu qulayliklari bilan yangi majmua yiliga 200 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat koʻrsata oladi. Bu tumanning turizm salohiyatini yanada oshiradi. Birinchi bosqich — koʻp qavatli uylarni kelayotgan yilning boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari shunday xonadonlardan birini kirib koʻrdi.
Sayyohlar koʻproq chiroyli tabiatga, toza havoga intiladi. Shuni inobatga olib, mavjud daraxtzorga qoʻshimcha 20 ming tup koʻchat oʻtqaziladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida kuniga 1 ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. 2 megavattlik termal isitish va sovitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Prezidentimiz soha mutasaddilariga hudud targʻibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Turizm loyihalari tufayli ish oʻrinlari koʻpaymoqda. Shu bilan birga, aholining anʼanaviy shakllangan kasb-hunarlarini ham asrash kerakligi taʼkidlandi. Masalan, tuman asal, limon yetishtirish uchun mos. Ularni rivojlantirish tabiiy muhitni asrab-avaylash nuqtai nazaridan ham muhim.