Yangi yil arafasida xalqimiz yana bir xushxabarning guvohi boʻldi

0
116
marta koʻrilgan.

 Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqea – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.

Poytaxtimizning goʻzal maskani Toshkent sitidagi Xalqaro kongress markazida boʻlib oʻtgan tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ushbu tadbir 2017 yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda. Unda tugayotgan yildagi asosiy koʻrsatkichlar, yangi yilga belgilangan, rejalashtirilgan maqsad va vazifalar  eʼlon qilinadi. Shu bois xalqimiz bu tadbirni katta qiziqish va intiqlik bilan kutadi.   Chunki, unda rejalashtirilgan maqsadlar xalqimizning har biriga, ularning taqdiriga, porloq kelajagiga daxldordir.

Murojaatnoma 15 ta telekanal orqali jonli efirda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida onlayn yoritib borildi.

Mamlakatimiz rahbari bu galgi Murojaatnoma oʻtgan yillardan farqli ravishda, murakkab davrga toʻgʻri kelganini, 2020 yilda koronavirus pandemiyasi butun insoniyatni, jumladan xalqimizni ham  jiddiy sinovdan oʻtkazganini taʼkidladi. Murojaatnomada bunday koʻlamdagi ofat jahonda soʻnggi yuz yilda roʻy bermagani, qanchalab insonlar qurbon boʻlib, millionlab ish oʻrinlari yoʻqotilgani, mamlakatlar iqtisodiyoti katta qiyinchiliklarga duch kelgani qayd etildi.

Afsuski, bu falokat bilan bir vaqtda Buxoro va Sardobada yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar ham el-yurtimizning bukilmas irodasini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab butun boshqaruv tizimi favqulodda ish rejimiga oʻtkazilgani, qisqa muddatda pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilganini taʼkidladi. 

Jumladan, Inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etilib, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida oʻz vaqtida koʻrilgan tezkor va tizimli chora-tadbirlar natijasida ushbu kasallikning keng tarqalishiga yoʻl qoʻyilmadi. Yurtimizda osoyishta hayot taʼminlanib, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz karantin talablariga rioya qilib yashagan va mehnat qilgan olijanob xalqimizga, oʻta xavfli virus bilan kechayu kunduz mardona kurashgan jonkuyar shifokorlarga, qiyin damda yordamga muhtoj aholiga koʻmak bergan tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu yilgi sinovlarga qaramasdan, Oʻzbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatori xalq xoʻjaligining turli sohalarida ijobiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolganligi haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. 

Joriy yilda mamlakatimizda 197 ta yirik, minglab kichik va oʻrta korxonalar, infratuzilma obyektlari barpo etildi. Birgina energetika sohasida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy quvvati 2 ming 700 megavatt boʻlgan 6 ta yangi elektr stansiyasini barpo etish boshlandi. Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stansiyasi, 18 kilometrlik yer usti metrosi foydalanishga topshirildi.

Qishloq xoʻjaligida chuqur islohotlar amalga oshirildi. Sanoat bilan uygʻunlashgan klaster tizimi vujudga keldi. Buning natijasida, pandemiya davrida 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi. Tadbirkorlik faoliyati keng qoʻllab-quvvatlandi.

2020 yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida ham tub burilish yili boʻldi. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha keng qamrovli ishlar boshlandi. Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi.

Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiyotni liberallashtirish borasidagi ishlar uzluksiz olib borildi. Oʻzbekiston 2020 yilda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlib saylangani, yaqinda AQSH davlat departamenti tomonidan diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” roʻyxatidan chiqarilgani ham keng koʻlamli demokratik islohotlarning natijasidir.

Oʻzbekiston “Ochiq maʼlumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pogʻonaga koʻtarilib, 44-oʻrinni egalladi. “Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham mamlakatimizning 26 pogʻona koʻtarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi yana bir eʼtirofi boʻldi. Xalqaro maydondagi qatʼiy saʼy-harakatlari tufayli dunyo hamjamiyatida yurtimizning obroʻ-eʼtibori va nufuzi tobora yuksalmoqda. 

Murojaatnomada yangi yilga nom berilishi anʼanaga aylandi. Davlatimiz rahbari yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini bilimli va bunyodkor yoshlar bilan birgalikda barpo etish, ana shu muhim yoʻnalishlarda boshlagan ishlarni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida, kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb nom berishni taklif etdi. Prezidentimizning ushbu taklifi tadbir ishtirokchilari tomonidan qizgʻin qarsaklar bilan qoʻllab-quvvatlandi.

2021 yilda Vatanimiz mustaqilligiga 30 yil toʻladi. Bu tarixiy sanani “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida nishonlash boʻyicha keng koʻlamli tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz, dedi davlatimiz rahbari.

Murojaatnomada 2021 yil uchun yana bir muhim yoʻnalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalardan biri boʻlishi taʼkidlanib, ushbu ishlar uchun 2021 yil davlat byudjetida 3 trillion soʻm zaxira shakllantirilishi va ushbu mablagʻlar hisobidan, albatta, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ham amalga oshirilishi aytildi.

 Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari oʻrtasida telemeditsina yoʻlga qoʻyilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Ona va bola sogʻligʻiga eʼtibor – jamiyatga, kelajakka eʼtibor, deya takidladi mamlakatimiz rahbari. Shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi.

Global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni taʼminlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, koʻmakka muhtoj yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish – Prezidentdan boshlab barcha darajadagi rahbarlarning bosh vazifasi boʻlmogʻi darkor, deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Ana shu oʻta muhim vazifalarni amalga oshirishda asosiy talab davlat va jamiyat institutlari oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash, bu jarayonda natijadorlik va sifatni oshirishdan iboratligiga ham alohida urgʻu berdi.

Hukumat bir oy muddatda ana shu ustuvor yoʻnalishlar va vazifalar boʻyicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar, fikr va mulohazalarni inobatga olgan holda, 2021 yil Davlat dasturini hamda Oʻzbekistonning pandemiyadan keyingi taraqqiyot dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin, deya taʼkidladi.

Murojaatnoma yakunida el-yurtimiz hozirgi ogʻir sharoitda barcha sinov va qiyinchiliklardan yanada kuchli va irodali boʻlib chiqayotgani taʼkidlandi. Hech shubhasiz, oʻz kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonch xalqimizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʻlida birlashtirdi. Bu intilishlar xalqimizni ulkan amaliy ishlarga, yangi yilda yanada baland marralarni qoʻlga kiritishga ruhlantiradi.

GUJUM. UZ

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.