Yangilik: tuyaqush fermer  xoʻjaligi

0
1740
marta koʻrilgan.

 “Tadbirkor – elga madadkor”, “Tadbirkor – taraqqiyot tayanchi”, degan iboralarimiz bor. Xalq matallarida, maqollarida hikmatlar koʻp. Hikmatlarning timsollarini hayotdan topsa boʻladimi!?

Koʻpchilik tadbirkor boʻlishni orzu qiladi. Xoʻsh, tadbirkor boʻlish uchun nima qilish kerak oʻzi? Bu savolga qarovsiz yotgan choʻl-biyobonda  “Ibrat-Roʻzmat” parrandachilik fermer xoʻjaligini tashkil etib, Afrika tuyaqushi parvarishini yoʻlga qoʻygan tashabbuskor, mehnatkash  oilaning saʼy-harakatlari javob beradi.

Zamira Tojiyeva va Ibrohim Jumaniyozovlar oilasi  yantoq va  doʻrangʻidan boshqa  daraxt oʻsmaydigan choʻlu  biyobonda  yam-yashil archalar va anvoyi gullarni  oʻstirib, parrandachilik fermer xoʻjaligini tashkil etishdi. Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir tumanida ushbu oila ilk bora tuyaqush parvarishini yoʻlga qoʻydi. 

Ular bu sohada nafaqat  Xorazmda, balki Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlishdi, desak arziydi. Bu saʼy harakatlari uchun Zamira Tojiyeva 2015 yilda “Yilning eng faol tadbirkori” degan sertifikatni olishga muyassar boʻldi.

Xorazm viloyat matbuot va axborot boshqarmasi jamosi bilan hamkorlikda ushbu choʻlda boʻston yaratayotgan qoʻshkoʻpirlik qahramonlar huzurida boʻlib ish tajribasini oʻrgandik.

Yetti xazinaning biri  parrandachilik rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan oilaning ikki gektarlik  xoʻjaligida kezib yurgan tuyaqushlar, bedanalar, turfa tovuq, oʻrdak, tustovuq va gʻozlar hayratingizni oshiradi.

Fermer xoʻjaligidagi Uzun junduk ( Uzuntumshuk)  deb nom qoʻyilgan tuyaqush oʻtgan yili 104 ta tuxum tugʻibdi.  Bu esa jahon boʻyicha deyarli rekord natija ekan. Dunyoda tuyaqushlardan yiliga 106 tuxum olgan fermer Gennislar kitobiga kiritilgan ekan. Bu raqamlarni oila boshligʻi Ibrohim Jumaniyozovdan eshitdik.

Oila bekasi Zamira Tojiyeva bir umr maktabda biologiya oʻqituvchisi boʻlib ishlagan boʻlib, u roʻzgʻorini, Toshkentda, Urganch shahrida oʻqiyotgan bolalarini taʼminlash uchun uyda bedana, tovuq va oʻrdak boqishni yoʻlga qoʻydi. Shunday qilib er-xotin oilasini qoʻshimcha daromad bilan taʼminlashdi. Zamira nafaqaga chiqqach parrandachilik xoʻjaligi tuzish, jumladan, tuyaqush parvarishlash  gʻoyasini ilgari surdi. Uning gʻoyasi nafaqaga chiqish arafasida turgan turmush oʻrtogʻi  Ibrohim Jumaniyozovga ham maʼqul keldi. U turli kitoblarni izlab, oʻqib, internetlarga kirib ushbu gʻoyani rivojlantirishni, tuyaqushni parvarishlashni  oʻrgandi.

Ana shunday qilib qishloqning ziyoli oilasi mutolaa tufayli  tuyaqush yetishtirishni yoʻlga qoʻyishdi.  Ha, oʻzbek xalqining tashabbuskorligi, izlanuvchanligi tufayli Afrika jonivori Xorazmda ham parvarishlana boshlandi.

Uni Xorazmga qayerdan olib kelganligi bilan qiziqdik. Oila boshligʻi Ibrohim Jumaniyozovning hikoyasidan: Buxorodan 1913 yil 6 ta tuyakush tuxumini keltirdik. Uydagi qoʻlbola inkubatorda undan 4 ta joʻja chiqarib olishga erishdik. Joʻjalar noqulay payt — 22 oktyabrda dunyoga kelgan edi-da, tajribasizligimiz tufayli  bahorga atigi bittasini olib chiqdik. Unga hovlimiz  torlik qilgani va sheriklari yoʻqligi uchun tuxum olgan joyimizga — Buxoro viloyatiga eltib berishga qaror qildik. Yoʻlga chiqishimiz arafasida, yaʼni 2014 yilning 18 mayida viloyat hokimi Poʻlat Bobojonov barcha tumanlar hokimlari bilan birgalikda hovlimizga  «Namunaviy oila» dasturi asosida tashrif buyurdilar. Bittagina tuyaqushning tovuqlarga moʻljallangan kichkinagina katakda turganini koʻrib,  u bilan qiziqib qoldilar va qishloq xoʻjaligidagi ahamiyatini surishtirdilar. Kichkina hovlida boqish mushkulligi  bois uni Buxoroga eltib bermoqchiligimizni bilganlaridan keyin Qoʻshkoʻpir tuman hokimi Komiljon Sobirovga «Ertagayoq bu oilaga istagan joyidan istagancha yer ajrating, Xorazmda tuyakushchilikni rivojlantirishni yoʻlga qoʻyinglar» deya topshiriq berdilar. U paytda oilaviy tadbirkor boʻlib, hovlimizda oʻrdak, tovuq, bedana boqish bilan yaxshigina daromad olib turgandik. Biroz ikkilanib turganimizdan keyin, tuman hokimligiga borib,  ishni boshlab yubordik. Bizga tuyakush boqishga qulay qumloq joydan 2 gektar yer ajratib berishdi. 2014 yilning 6-iyunida qum barxanlariga buldozer solib, boʻlgʻusi tuyaqush fermasi oʻrnini tekislab qurilishni  boshlab yubordik. Viloyat va tuman hokimiyati vakillari tez- tez tashrif buyurib, maʼnaviy madad berib turishdi”.

Ular inson oʻz farzandi tugʻilishining  har bir daqiqasini sanama sana ayta olganidek, fermer xoʻjaligini bunyodga kelishining har bir daqiqasigacha eslashdi.

Turmush oʻrtogʻining gapini qoʻllab quvvatlab, Zamiraxon qoʻshimcha qiladi: “Fermamiz bitgach, bitta moda tuyakushimiz yoniga Buxoradan 2 ta nar tuyakush va Chirchikdan 2 ta moda tuyakush olib kelib, boqa boshladik. Tezda tuyaqush boqishni yoʻlga qoʻygan katta fermerga aylandik. Endilikda ushbu jonivorlarning  joʻjalarini  butun mamlakatimizga tarqatib oʻtiribmiz. Masalan, Toshkent, Urgut, Nurota, Gʻuzor va Chiroqchi, Qoʻngʻirot va Toʻrtkulga, shuningdek oʻzimizning viloyatdan  Xiva, Yangiariq va Bogʻotga palaponlarni yetkazib berdik va parvarishlashni oʻrgatdik.  Uning serdaromad soha ekanligini xalqimiz anglab yetdi”.

      Ularga tuman hokimiyati tomonidan 2 gektar yer ajratilgach, avvalo, quduq qazib 12 metrlik chuqurlikdan suv tortib  chiqarishdi. Bu borada Ibrohim Jumaniyozovning injener-irrigator ekanligi qoʻl qeldi. Soʻnggi yillarda xalqimiz suvni tejab ishlatishga, toza–pokiza asrashga, uvol qilmay undan oqilona  foydalanishga intilmoqda. Bu yerda esa ichishga, ekin-tikinga yaraydigan yangi suv manbasini topib, choʻlda undan oqilona foydalanish usulini yaratishdi. Holbuki suv yetishmasligidan koʻpgina fermerlar tayyor ekin maydonlarini, moʻl hosilli ekinzorlarni talashib tortishadi. Toza suv sogʻlom avlod demak. Suv har bir davlatning, har bir millatning tamaddun darajasinga, kelgusi buyuk rejalarini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi manbadir.  “Tuyaqushlar koʻp suv ichishadi va toza suv ichishadi. Unga suv tashib yetkazib boʻlmaydi. Shuning uchun yetti qat yer qaridan toza isʼtemolga yaraqli suv qazib chiqardik”,– deydi nafaqadagi irrigator biz bilan suhbatda.

– Suv yildan yilga qochadi. Bundan uch yil burun 12 metrdan suv qazib chiqargan boʻlsak, bu yil  yigirma metrlik chuqurlikdan suv chiqarib olyapmiz. Yaxshiyam oilamiz ustuni irrigator ekan.  Asrlar davomida suv yoʻqligidan bu yerda choʻlgiyohlaridan boshqa narsa oʻsmagan. Endilikda koʻrib turibsiz”,– deydi faxr bilan Zamira erining soʻzlarini qoʻllab quvvatlab.

Ushbu oilada katta kichik oʻn nafar kishi bor. Barchasi davlat ishida ishlaydi, oʻqiydi. Shu bilan birga ekish, hosil yigʻish kabi ish qizigan pallalarda hammasi bir yoqadan bosh chiqarib ishchi boʻlishadi.

     Darhaqiqat, atrofni kuzatib bir paytlar bu joylar choʻl boʻlganiga ishonishingiz kelmaydi. Bir tomonda endigina nishona bera boshlagan mevali bogʻlar, bir tomonda parrandalar yemishi boʻlgan bedazoru sabzavotzorlar yashnab turibdi. Hovli atrofiga ekilgan yam-yashil archalar, chamandek ochilib yotgan gullar  yanada hayratingizni oshiradi.

Albatta, ushbu boʻston, ushbu goʻzallik osongina bunyod boʻlmagan. Suv chiqarish bilan ham ish bitmagan. Ular fermer xoʻjaligining ekin maydonlariga toza tuproq keltirib toʻkishdi. Qum yuziga ikki metrcha toza tuproq tashlandi.

– Faoliyatimizni 1974 yilda tovuq va bedana boqishdan boshladik. Soʻngra qoʻyonchilikni, oʻrdakchilikni  yoʻlga qoʻydik. Tovuslarni 1986 yildan buyon asraymiz. Dekorativ qush boʻlgani uchun xaridori uncha koʻp emas. Asosan ishkivozlarga tuxumlarini beramiz.

 Tuyaqush boqish esa koni foyda. Bu paranda bir yilda voyaga yetadi va 120-150kilogrammgacha parhez goʻsht beradi. Palaponi 45 kunda tuxumdan chiqadi. Urgʻochi tuyaqush ikki yilda voyaga yetib, tuxumga kiradi. Xuddi tovuqlardek  ular ham tuxumlarini oʻz qanotlari ostiga olib polpponini vujudga keltirishadi. Biroq, biz hozir inkubator tashkil etganmiz. Tuxumlarni maʼlum haroratda ushlab, joʻjalarini chiqarib olyapmiz. Hozir uning palaponlarini Respublikamizning barcha tumanlaridan kelib olib ketishyapti. Tuyaqushning, iqtisodiy foydasini, parhez goʻsht sifatidagi ahamiyatini koʻpchilik tushinib qoldi. Paloponni sotgandan koʻra, uni boqib, goʻshtga topshirganimiz bizga koʻp foyda beradi.  Biroq, odamlar uzoq joylardan  ezgu niyatlar bilan joʻjasini soʻrab kelayotgani uchun yoʻq deya olmaymiz, — deydi Zamira.

Uning gapini turmush oʻrtogʻi Ibrohim Jumaniyozov davom ettirdi: “Ushbu parandani boshqa foydali tomonlari ham koʻp. Dunyoda eng qimmabaho teri – timsohdan olinadi. Tuyaqush terisi sifat jihatidan timsoh terisidan keyin ikkichi oʻrinda turadi. Parlari ham yumshoq, muloyim boʻlgani uchun  yostiq, parkoʻrpalar tayyorlashda ishlatiladi.  Xullas, hech narsasi chiqimga chiqmaydi. Hatto, tuyaqushning tirnoqlarini kukunga aylantirib undan qimmabaho toshlarga jilo berishda foydalansa boʻladi. Afrikada toshlarga ana shunday jilo berishar ekan”.

Ha, bu er-xotin nafaqaga chiqib ikkinchi kasbni parandachilikni yoʻlga qoʻyib oilasiga, el-yurtga munosib xizmat qilib kelishyapti.  Qizlari Nodira va Mohira ona izidan borib pedogoglik kasbini tanlashdi. Ayni kunda ular maktabda muallim boʻlib ishlash bilan birga roʻzgʻori uchun uyida ota-onasidan oʻrgangan ikkinchi kasblari parandachilik bilan ham shugʻullanishadi. Mohiraning uyida 500ta tovugʻi boʻlsa, Nodira besh yuzta bedanani parvarishlayapti. Katta oʻgʻli Hikmat onkolog vrach-jarroh Toshkentda yashaydi. Ikki oʻgʻli  Qudrat va Oʻktam  ota-ona yonida tadbirkorlik bilan shugʻullanishadi. Qudratning roʻzgʻori bedana, Oʻktamning roʻzgʻori oʻrdak parvarishlaydi. Fermer xoʻjaligining hisob-kitob ishlarini nevarasi olib boradi.

Qishloqning ziyoli bu oilasi fermer xoʻjaligi yonida ikki qavatli moʻjazgina uy qurishdi. Choʻlda qad rostlab turgan bu hovli barcha sharioitlarga ega yaʼni issiq suv, sovuq suv va gaz plitasi bilan taʼminlangan. Avval bu uyni oʻgʻli bilan yashayotgan yolgʻiz onaga qurib berishdi. Uni ham uy bilan, ham  ish bilan taʼminlashdi. Yaqinda esa oʻzlari ham shu yerga qoʻshimcha xonalar qurib koʻchib kelishdi. Begonalar keyingi yillarda bir oiladek boʻlib ketishdi.

Oila nima oʻzi?! Oʻzaro mehr-muhabbat, qalb qoʻri ila bir-birovga qayishib yashaydigan maskan, qadr-qimmat ulugʻlanadigan dargoh. Buvijonu bobolar, er-xotin, oʻgʻil-qizlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarga asoslangan benazir goʻsha. Uni hech narsaga tenglab boʻlmaydi va uning qadri juda ham baland. Begonalarning bitta oila boʻlib ketishi esa undanda goʻzal! Biz bu yerda ana shu mehr-oqibatni, bir-birovni tushinib, qoʻllab quvvatlab yashayotgan insonlarni koʻrdik. Bu oilani oʻsish, rivojlanish, yangilanish, uygʻunlik va hosildorlik timsoli desa arziydi. Bunda bagʻrikenglik, mehr-oqibat, ahillik, hamfikrlik bilan  yashashning goʻzal namunasini kuzatdik.  Qoʻli gul insonlarning uyi ham yurti ham gul boʻlishiga guvoh boʻldik.

Choʻlda inson qoʻli, qalb qoʻri bilan yaratilgan bir qoʻrgʻon, bir boʻston koʻrdik. Unda bir-biriga qayishib, bir-birini kamini  toʻldirib kamtarona ikki oila yashaydi. Bu biroz oʻtirib orom olsangiz bedanalar yoqimli sayraydi, gullarga qoʻngan bulbullar xonish qiladi, tustovuqlar qanotini yoyib, dunyoning turfa ranglarini koʻz oldingizda namoyon etadi. Atrofning osoyishtaligidan, ana shu tinchlikka uygʻun sayrayotgan qushlarning xonishlaridan koʻngil yayraydi. Beixtiyor fikrlaysiz, bu yerda ekoturizmni rivojlantirsa, yana tuyachilik fermerligini ham tashkil etsa boʻlar ekan. Biz boʻston deb nomlagan bu yerga tomoshaga kelgan sayyyohlar shifobaxsh tuya sutidan ichib huzurlanishardi, deb oʻylaymiz va bu fikrimizni Zamiraxon bilan oʻrtoqlashamiz. Zamiraxon oʻzlarining ham bu borada rejalari borligini, hozir ham koʻpgina bolalar tuyaqushlarni tomoshasiga kelishini taʼkidlaydi.

 Beixtiyor yakkam-dukkam mevalari qolgan jiydazor va terilmagan jiyildakka  koʻzim tushadi.  “Nega hosilni toʻliq yigʻib olmadingiz” soʻraymiz uy bekasidan. ”Bu mevalar choʻl qushlarining rizqi, ular uchun qoldirdik. Jiyildaklarni esa umuman yigʻmaymiz, ularni qushlar uchun ekkanmiz. Jiyildaklar yerning shoʻrini olish bilan birga yovvoyi qushlarning yemishi. Bizning ota-bobolarimiz azal-azaldan ana shunday yashagan,– javob qiladi Zamira.

Milliy qadriyatlarni ulugʻlab, unga zamonaviy tus berib yashayotgan qishloqning ziyoli kishilariga yanada mehringiz tovlanadi. Ziyo bor joyda nur bor degani shuda!

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.