Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan 2025 yil respublikamizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb belgilandi. Uning zamirida ona tabiatning musaffoligiga erishish va kelajak avlodga bekamu koʻst yetkazishdek ezgu gʻoya, ezgu niyat oʻz ifodasini topgan.
Atrof-muhit musaffoligini tiklash insoniyat bugungi kunda roʻbaroʻ turgan eng tashvishli muammolardan biri boʻlib, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan. Ushbu masalada Parij bitimi ishlab chiqilganiga ushbu yilda oʻn yil toʻladi. 2016 yildan eʼtiboran kuchga kirgan ushbu hujjat dunyoning 195 mamlakati tomonidan maʼqullanib, 175 davlat uning tadbirlari doirasida ish olib bormoqda. 2021 yilda Oʻzbekiston mazkur bitim doirasida atmosferaga chiqarilayotgan is gazlar miqdorini 2030 yilga qadar 30 foizgacha kamaytirish majburiyatini oʻz zimmasiga olib, uch yildirki unga koʻra “yashil” iqtisodiyotga oʻtish maqsadida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish ustida ish olib bormoqda.
Aslida “yashil” iqtisodiyot koʻlamini kengaytirish vazifalari ancha ilgariroq kun tartibiga chiqib, yashillikka burkangan Yevropa mamlakatlari yangi asrimiz boshlaridayoq uni insoniyatni muqarrar halokatdan asrovchi yagona yoʻl sifatida tanlagan edi. Binobarin choʻllanish koʻlami yil sayin oshib borayotgan mintaqamiz taqdirida ham “yashil” iqtisodiyot iqlim tahdidlarini jilovlashning ustuvor yoʻnalishi sifatida topilib, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish vazifalari belgilangan. Shu maqsadda 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming mega vattga, jami isteʼmoldagi ulushini esa 54 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Kezi kelganda taʼkidlash joiz, bugun mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 10 foizdan ortigʻigina qayta tiklanuvchi energiya manbalarining hissasiga toʻgʻri keladi.
Respublikamizda neft, gaz, koʻmir yoqish yordamida har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizi boy beralayotganligini inobatga olsak, “yashil” iqtisodiyot nainki ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham oʻta samarador yoʻl ekanligi oydinlashadi. Shu maʼnoda yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan qiymati 7,2 milliard AQSH dollarlik, quvvati 4,4 GVt tashkil etuvchi 24 ta loyiha, jumladan, 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatni ishga tushirish va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilishi tarixiy voqea, desak mubolagʻa emas. Boisi ushbu yangi loyihalar tufayli yaqin istiqbolda qoʻshimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Boshqacharoq aytsak, mamlakatimizdagi xonadonlarning qariyb qirq foizi toza elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlanishiga erishish bilan birga iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qariyb 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkoniga ega boʻlamiz.
Bugungi kunda Navoiy viloyati elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha respublikamizda yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji kun sayin oshib bormoqda, desak zarracha mubolagʻa emas. Tabiiyki, mazkur ehtiyojni qanoatlantirish maqsadida soʻnggi yillarda viloyatda yirik loyihalar amalga oshirilib, elektr energiyasi ishlab chiqishda energiya resurslarni tejash hamda atmosferaga is gazi chiqarilishining oldini olish yoʻlida qayta tiklanuvchi hamda yashil energiya manbalaridan keng foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Respublikada birinchi boʻlib Karmana tumanida 100 MVtli quyosh stansiyasi barpo etilib, foydalanishga topshirilganligi fikrimizning yorqin dalilidir. Shuningdek, Tomdi tumanida quvvati 500 MVtli shamol elektr stansiyasi qurilishi davom ettirilib, bugungi kunda ishga tushgan qismi orqali oyiga 110 million kVt/soat elektr energiyasi isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda. Shu kabi yashil energiya va qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini yaqin istiqbolda amaliyotga tatbiq etish orqali viloyat boʻyicha 21 MVt quvvatdagi quyosh panellarini oʻrnatish evaziga qoʻshimcha 45 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Biz yuqorida “yashil” energetika nafaqat ekologik, balki, iqtisodiy jihatdan ham samarador yoʻnalish ekanligini taʼkidladik. Mazkur yoʻnalishda yirik loyihalar bilan bir qatorda yuridik shaxslar, tadbirkorlik subyektlari hamda jismoniy shaxslar tomonidan ham oʻzlari tashabbus bildirgan holda quyosh panellari oʻrnatilib, daromadga olishga erishilmoqda.
Misol uchun, Navoiy davlat universitetida 530 kVt quyosh panellari oʻrnatilib, oʻz ehtiyojidan ortgan 100 ming kVt /soat elektr energiyasini tizimga sotish orqali 100 million soʻm qoʻshimcha daromadga erishildi. Shuningdek, Navoiy shahridagi tadbirkorlik subyektlaridan biri “NAVPROMLITMASH” MCHJ 100 kVt li quyosh panellarini oʻrnatib, oʻz ehtiyojining 50 foizi, yaʼni 98 ming kVt/soat elektr energiyasini ular orqali qoplab kelmoqda.
Bu kabi misollarni oʻnlab tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xoʻjaliklari, issiqxonalar faoliyatidan davom ettirish mumkin. Umuman olganda 2023 yil hisob-kitobi boʻyicha jami 25,7 MVt quvvatda (ijtimoiy soha obyektlariga 12,6 MVt, tadbirkorlik subyektlariga 10,4 MVt, aholi xonadonlariga 2,7 MVt) quyosh panellari oʻrnatish hisobiga oyiga oʻrtacha 4,6 million kVt/soat (yiliga 55,5 million kVt/soat) elektr energiyasi ishlab chiqarilib, bu 23 ming aholi xonadonlari isteʼmoliga teng demakdir.
Masalaga ekologik nuqtai nazardan yondashsak, mazkur aholi xonadonlariga elektr energiyasi bilan birga toza havo ham kirib bordi, desak yanglishmaymiz. Shu oʻrinda Navoiy shahrining sanoat zonasi hududidagi “ZARAFSHON INDUSTRIAL TECHNOLOGY” QKda tomonidan viloyatda elektr energiyasini noanʼanaviy tarzda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyiha alohida samaradorlikka egaligini taʼkidlash joiz. Unga koʻra korxona tomonidan atmosferaga tashlanayotgan is gazi qayta ishlanishi hisobiga suv bugʻ turbinasi orqali generatsiya qilinib, elektr energiyasi ishlab chiqarish yoʻlga quyildi.
Ushbu korxonaning elektr energiyaga boʻlgan ehtiyoji 2 MVt ni tashkil etgani holda shundan, 1,4 MVt (1 oyda 1 million kVt/soat) yoki 70 foiz ehtiyojini oʻzi ishlab chiqarib, 1 milliard soʻm mablagʻ tejalishi yoki 5 mingta aholi xonadonini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash imkonini bermoqda.
Ayni kunlarda korxonada 2-bosqichda 15 MVt quvvatli bugʻ gaz turbinasi oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyiha doirasida korxonaning oʻz ehtiyoji 3 MVtni tashkil etib, qolgan 12 MVtni tarmoqqa sotish rejalashtirilgan. Natijada atmosferaga yiliga oʻrtacha 1100 tonna is gazini chiqarishning oldi olinib, 50 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Albatta, atrof-muhitga uzoq yillar mobaynida yetkazilgan zararni qoplash va toza iqlimga erishish uchun “yashil” iqtisodiyotni joriy etishning oʻzi kifoya emas. Shu bois mamlakatimiz rahbari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish tashabbusi ilgari surilib, daraxt ekish va uni koʻkartirish, bogʻ-rogʻlar, “yashil” belbogʻlar barpo etish, choʻllanishning oldini olish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, soʻnggi uch yilda birgina Navoiy viloyatida qariyb 40 million dona har xil turdagi daraxt va buta koʻchatlari ekilib, 70 gektar yer maydonida “yashil bogʻ”, “yashil belbogʻ”, “yashil jamoat parki” tashkil etildi hamda joriy yildan “mening bogʻim” loyihasiga start berildi. Shu loyihalar doirasida 2024 yil bahor mavsumining oʻzida viloyat hududida rejalashtirilgan 8 million 842 ming dona koʻchat oʻrniga qariyb 9,5 million dona koʻchat ekilib, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maxsus platformaga kiritildi.
Shuningdek, 2024 yil kuz mavsumi doirasida rejalashtirilgan 5 million 621 ming tup daraxt va butalar ekilishi uyushqoqlik bilan amalga oshirilib, ularni parvarishlash, sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish hamda oʻz vaqtida zararli hashoratlardan himoyalash uchun dorilash boʻyicha masʼullar biriktirildi.
Kuz mavsumida ekilayotgan koʻchat turlari viloyatning iqlim sharoiti va Fanlar Akademiyasining ishlab chiqilgan tavsiyalaridan kelib chiqib, suvsizlikka va kasalliklarga chidamli mos turlari (gujum, qayragʻoch, katalpa, akatsiya, zarang, shumtol, tut, jiyda, yongʻoq, terak) tanlab olindi.
Alohida tadqiqotlar oʻrta yosh va kattalikdagi bitta daraxt uch kishi ehtiyojiga yetarli miqdorda kislorod ishlab chiqarishini tasdiqlaydi. Shu jihatdan mulohaza qilsak, birgina Navoiy viloyatida ekilgan dov-daraxtlar bir necha avlodga yetarli kislorod zaxirasi yaratishga imkon beradi, degan fikr tugʻilishi mumkin. Biroq oʻsha tadqiqot manbalari 2010 yildan buyon yer yuzida uglerod va is gazlari tashlanmasi miqdori har yili 0,5-0,7 foizga ortib borayotganligini maʼlum qiladi.
Tabiiyki, bunda sanoat korxonalari, avtotransport va boshqa subyektlarning ulushi katta. Shularni inobatga olgan holda dunyo olimlari yer yuzidagi har bir inson oʻzining kislorod ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun yetti dona daraxtga ega boʻlishini taʼkidlaydi.
Albatta, bunda har bir mintaqaning iqlim sharoiti va okeanlar, shuningdek, suv havzalarining hissasi oʻrtacha inobatga olingan. Mazkur omillarga tayangan holda xulosa qilsak, yurtimizda oʻrtacha har bir kishiga 7-10 tagacha daraxt toʻgʻri kelishi ahvolni moʻtadillashtirishi mumkinligi ayon boʻladi. Shu bois mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan har bir qarich yer va har tomchi suvning qadriga yetib, “yashil makon” barpo etish, kelajak avlodlarga ekologik muvozanat taʼminlangan vatan qoldirishdek ezgu maqsad ilgari surilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilyapti. Mazkur yoʻnalishda universitetimiz tomonidan ham qator tadbirlar amalga oshirilib, birgina joriy yilda Karmana tumanida joylashgan Sardoba mahallasiga qarashli keng maydonga 5000 tadan oshiq har xil turdagi daraxt ekildi hamda maxsus platformaga kiritildi. Shuningdek,universitetning bosh binosida loyiha doirasida “Yoshlar bogʻi”, hududidagi yana bir maydonda “Olimlar bogʻi” tashkil etildi. Umid massividagi binosining 9,5 gektar bogʻida 20 ming tup daraxt koʻchati ekilib, ularni sugʻorish va parvarishlash boʻyicha masʼullar biriktirildi. Muhimi mazkur masalada faol yoshlarimiz tashabbuskorlik koʻrsatmoqda. Albatta, bu kabi tadbirlar talaba yoshlarimiz qalbida ona tabiatga muhabbat, atrof-muhit sofligiga daxldorlik hissini ulgʻaytiradi.
Muhiddin Kalonov, Navoiy davlat universiteti rektori, professor