Oʻzbekistonning 120 ta tashkilotiga “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumidagi mingdan ortiq kitob-albomlar topshirildi.
Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda “Yaxshi kitob – sifatli taʼlim asosi” mavzusida insonparvarlik aksiyasi oʻtkazildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” xalqaro nashrining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Kutubxonalar, milliy madaniyat markazlari, muzeylar va oliy taʼlim muassasalarining 120 dan ortiq vakillari, olim va tadqiqotchilar ishtirok etgan tadbirda “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumining yangi tomlari taqdim etildi. Bu kitoblarni bepul olish uchun sertifikatlar ham topshirildi.
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabrdagi Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida kirib kelayotgan 2023 yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berdi. “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining birdan-bir toʻgʻri yoʻlidir… Farovonlik garovi – taʼlim, tarbiya va bilimda. Zero, barcha ezgu maqsadlarga bilim va taʼlim orqali erishiladi”.
Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” multimedia loyihasining kitob-albomlarini tarqatish boʻyicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikdagi aksiyamiz ana shu maqsadlarga qaratilgan. Kitob-albomlarni nafaqat tashkilotimiz, balki mamlakatimiz viloyatlari va tumanlaridagi barcha axborot markazlariga taqdim etish tashabbusini alohida qoʻllab-quvvatlayman. Bu kitoblar, ayniqsa, poytaxtdan olisda yashaydigan yoshlar uchun ayniqsa muhim va qadrlidir, – dedi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva.
Loyihaga soʻnggi olti yil davomida Eriell Group mahalliy neft xizmatlari kompaniyasi homiylik qilib kelmoqda.