Toshkent xalqaro Vestminster universitetida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda rektor Bahrom Mirqosimov, «COSCOM» MCHJ Bosh direktori oʻrinbosari Farhod Nurmuhamedov va boshqalar soʻzga chiqishdi. Ular oʻz soʻzida Ucell laboratoriyasining ochilishi universitetning yosh isteʼdodlari qobiliyatini yanada rivojlantirish va boʻlajak mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan qoʻshma loyiha ekani va yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi.
Joriy yilning avgust oyida Ucell kompaniyasi va TXVU oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Mazkur hujjat oʻzaro hamkorlik strategiyasini ishlab chiqishda poydevor vazifasini oʻtamoqda. Universitetning yangi binosi asosida Ucell-laboratoriya loyihasini amalga oshirilishi bunga yaqqol misoldir. Ucell laboratoriyasi – axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi, shuningdek, menejment va marketing yoʻnalishida tajriba almashish hamda bilim olishga yanada imkoniyat yaratadi.
–Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingan yangi – 2021-yil arafasida Ucell laboratoriyasi loyihasining ochilishi kompaniyamiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi Korxonamizda yetakchi lavozimlarida mehnat qilayotgan Vestminister bitiruvchilari koʻp. Biroq, biz 28 avgustda imzolagan va ayni paytda ish olib borayotgan memorandumning maqsadlari Ucell yoki AKT sohasi uchun kadrlar tayyorlash bilan cheklanib qolmaydi. Ucell ning Vestminster universiteti rivojiga qoʻshayotgan hissasi butun Oʻzbekiston va barcha sohalarda kuchli kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi. – dedi «COSCOM» MCHJ Bosh direktori oʻrinbosari Farhod Nurmuhamedov, – Hamkorlikdagi mazkur laboratoriya loyihasi telekommunikatsiyalar sohasida «professionallar fabrikasi»ni yaratishga poydevor boʻladi. Hozir laboratoriya maʼruzalar, taqdimotlar, trening va seminarlar hududi, mustaqil bilim olish va oʻzini oʻzi rivojlantirish, shuningdek, kreativ fotozona kabilarni oʻz ichiga oladi.
– Toshkent xalqaro Vestminster universitetining maqsadi – Oʻzbekiston, umuman, Markaziy Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy rivojlanishiga hissa qoʻshadigan xalqaro taʼlim standartlarini hamda ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini taʼminlashdan iborat. Yangi Oʻzbekiston bilim berish va taʼlim olishning yangi metodlarini talab etadi. Ushbu laboratoriya loyihasi talabalar va oʻqituvchilar uchun yangi taʼlimiy, ilmiy va innovatsion imkoniyatlarni taqdim etadi. Eng muhimi, bu mobil aloqa tarmoqlarini boshqarish va innovatsion yechimlarni yetkazib berishda bilim va koʻnikmalarni amaliy jihatdan qoʻllash imkonini beruvchi platforma. Yosh mutaxassislarning bilimini yanada mustahkamlashga katta yordam beradi, – dedi rektor Bahrom Mirqosimov.
Darhaqiqat, universitet Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikda talabalarga malaka oshirish hamda ishga joylashish imkoniyatlarini taqdim etmoqda. SAP kompaniyasi (Germaniya) bilan hamkorlikda yaratilgan Innovatsion tadbirkorlik laboratoriyasi (innoWIUT Entrepreneurship Lab) xalqaro darajadagi yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, zamonaviy AKT va innovatsion biznes yechimlar sohasida amaliy tadqiqot faoliyatini kengaytiradigan platforma boʻlib xizmat qilmoqda. Karyerani rivojlantirish markazi (Career Centre) – talaba va bitiruvchilarnining ishga joylashishiga koʻmaklashuvchi platforma. Bugungacha universitetda 400 dan ortiq xususiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik oʻrnatilgan.
Ushbu hamkorliklar samarasi: oʻtgan yili ushbu oliygohni bitiruvchilarining 90 foizi universitetda bilim olishni tugatganidan keyin uch oy ichida ishga joylashdi.
Laboratoriyada interaktiv va koʻp tarmoqli taʼlimning yangi tendensiyalari koʻzda tutilgan. Video materiallarni koʻrsatuvchi ekran, maxsus interaktiv elektron doska (whiteboard), kitob almashish javonlari (book crossing). Laboratoriya auditoriyasining transformatsion xususiyati yirik tadbirlar bilan bir qatorda, kichik guruhlarda vorkshoplar ham oʻtkazish imkonini beradi.Shuningdek, xonalarning ekologik jihatiga ham alohida eʼtibor qaratilgan – koʻplab tabiiy oʻsimliklar kislorod muvozanatini saqlab turadi.
gujum.uz