YILNING ENG YAXShI YOSH FERMERI

0
247
marta koʻrilgan.

Kecha “Istiqlol” sanʼat saroyida “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda qator vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xoʻjaligi, fan-taʼlim,   sanʼat, madaniyat, jurnalistika ijtimoiy va sport sohalaridagi fidoyi yoshlar hamda OAV ishtirok etdi.
Ushbu mukofot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning 52-bandida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyida tashkil etilgan edi.

Mukofot yoshlarga  33 ta nominatsiya boʻyicha berilib, uning miqdor har bir sovrindor uchun eng kam ish haqining 30 baravarini tashkil etdi.
Mukofotga vazirlik, idora va tashkilotlar hamda Qoraqalpoqiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar tomonidan 33 ta nominatsiya boʻyicha 700 nafardan ortiq nomzodlar tavsiya etildi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida tuzilgan ekspertlar komissiyasi tomonidan nomzodlarning hujjatlari oʻrganilib, 24 ta nominatsiya boʻyicha 70 nafar yoshlar saralab olindi.

Nomzodlarni saralashda yoshlarning yil davomidagi ish samaradorligi, oʻz sohasini rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi, oʻz sohasiga kiritgan innovatsiyasi, faoliyati orqali davlat va jamiyat hayotiga keltirgan amaliy foydasi, jamoat ishlaridagi faolligi, davlat va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari, shuningdek, mehnatsevarligi, fidoyiligi, intizomi va iqtidoriga eʼtibor qaratildi.

Har bir nominatsiya boʻyicha saralangan 3 nafardan nomzodlar faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining www.mukofot.yi.uz saytida joylashtirilib, ularga keng jamoatchilik va yoshlar tomonidan ochiq ovozga qoʻyildi. Eng koʻp ovoz toʻplagan nomzodlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti sovrindori boʻlishdi. Jumladan, “Yilning eng yaxshi yosh fermeri“ nominatsiyasida Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Obod turmush kelajagi” fermer xoʻjaligi rahbari Nargizaxon Mamanova mukofotga munosib topildi.

U ushbu yoʻnalishda Surxondaryo viloyatidagi “Soqchi don” fermer xoʻjaligi rahbari Alpomish Noraliyev va Toshkent viloyatidagi “Temur” fermer xoʻjaligi rahbari Zafar Toirovlardan koʻproq ovoz yigʻishga erishdi.
Nargizaxon Mamanova oʻz mehnat faoliyatini 2012-yilda Karmana tumanidagi “Sevoltepa ravnaqi” fermer xoʻjaligida huquqshunoslikdan boshlagan.

2013-yilda “Obod turmush kelajagi” fermer xoʻjaligini tashkil etgan. Ayni paytda fermer xoʻjaligi ixtiyorida 110 gektar yer maydoni boʻlib, shundan 44 gektarida paxta, 22 gektarida gʻalla yetishtiriladi. Qolgan yer maydoni yaylovlardan iborat.
2017-yilda har bir gektar paxta maydonidan 40 sentnerdan hosil yetishtirib, 80 tonna paxta, 70 sentnerdan gʻalla hosili olib, davlatga 154 tonna sotgan. Fermer xoʻjaligida oʻn besh nafar odam doimiy ish bilan taʼminlangan. Xoʻjalik oʻz texnikasiga ega.

Yilning eng yaxshi yosh fermeri oʻz  xoʻjaligini yanada rivojlantirish, jumladan intensiv bogʻ yaratish, naslli chorvachilikni yoʻlga qoʻyish, meva-sabzavot mahsulotlarini saralash uchun zamonaviy muzlatkichli omborxona qurish borasidagi loyihalarni ilgari surmoqda.

Ilyos Safarov,
Oʻzbekiston Yosh fermerlari Kengashi matbuot kotibi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.