Yoʻl qurilishi loyihalari boʻyicha hisobot berildi

0
38
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbariga avtomobil yoʻllari qurish loyihalarining borishi toʻgʻrisida axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda jami 184 ming kilometrdan ziyod avtomobil yoʻli bor. Tahlillarga koʻra, xalqaro ahamiyatga ega yoʻllarimizning 25 foizi katta yuklamada ishlayapti. Masalan, kuniga 32 ming avtomobilga moʻljallangan “Toshkent – Samarqand” yoʻlida 45 mingta transport qatnayapti. Tirbandlik sababli baʼzan bunga 6 soatgacha vaqt ketayapti. 2030 yilga borib harakat jadalligi 80 mingdan oshishi mumkin.

Oʻzbekiston Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi qarorida zamonaviy avtomobil yoʻllarini tashkil etish istiqbollari belgilangan edi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, birinchi navbatda, aholiga qulayliklar yaratish, milliy iqtisodiyotda logistika zanjirlarini mustahkamlashdir.

Mazkur qarorga muvofiq, Toshkentdan Samarqandga va Andijonga eltuvchi muqobil yoʻllar qurish ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, Jahon banki ishtirokida “Toshkent – Andijon” yoʻli loyihalashtirildi. Yanvarda uni qurish boʻyicha xalqaro tender eʼlon qilindi. Qisqa vaqtda unga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi.

Umumiy uzunligi 314 kilometr boʻlgan bu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkent bilan Andijon orasidagi qatnov vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirish imkonini beradi.

Yana bir loyiha Toshkent bilan Samarqandni bogʻlovchi qoʻshimcha yoʻl qurishga qaratilgan. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Bu yangi yoʻlning uzunligi 300 kilometr atrofida boʻladi. Uning natijasida Toshkent bilan Samarqand oʻrtasida qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Hozirgi mavjud yoʻlda tirbandlik ancha kamayadi.

Umuman, bu yangi yoʻllar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, muqobil va qulay boʻladi. Ularda haydovchi va yoʻlovchilar uchun turli pullik xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi. Bunyodkorlik jarayonida mahalliy qurilish korxonalari ham qatnashishi mumkin boʻladi.

Transport vaziri mazkur loyihalar holati boʻyicha taqdimot qildi. Geodeziya ishlarini jadallashtirib, yoʻllar hududini tayyorlash, qurilishga mablagʻ va pudratchilarni jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.