Yosh matematiklarga eʼtibor

0
300
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuvda yosh matematiklar masalasiga alohida eʼtibor berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishga oid qarorining ijrosi doirasida poytaxtimizdagi Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining Matematika instituti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino barpo etilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 31 yanvardagi uchrashuvida matematikada ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bogʻlash, raqamli iqtisodiyot uchun mustahkam poydevor yaratish borasidagi dolzarb vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Yoshlarda matematika faniga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli bolalarni seleksiya qilib, ixtisoslashtirilgan maktablar va keyinchalik oliy taʼlim muassasalariga qamrab olish ishlarini toʻgʻri tashkil qilish kerakligi taʼkidladi. Bolalar uchun mazkur fandan oddiy va tushunarli tilda yozilgan ommabop darslik va oʻquv qoʻllanmalari yaratish, matematik ongni, kerak boʻlsa, bogʻchadan boshlab shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

— Matematika hamma aniq fanlarga asos. Bu fanni yaxshi bilgan bola aqlli, keng tafakkurli boʻlib oʻsadi, istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab ketadi, — dedi Prezident.

Har bir tuman markazida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktab tashkil qilib, ularda ishlaydigan oʻqituvchilarga qoʻshimcha ustama haqlar toʻlash boʻyicha koʻrsatma berildi. Ushbu muassasalarda oʻquv jarayonni ilmiy-metodik taʼminlash uchun Fanlar akademiyasining Matematika instituti hamda Xalq taʼlimi vazirligi masʼul etib belgilandi.

Matematika fani boʻyicha oʻquvchi, talaba va oʻqituvchilar oʻrtasida turli tanlovlar oʻtkazib, gʻoliblarni munosib ragʻbatlantirish, olimpiada tizimini takomillashtirgan holda sovrindorlarga beriladigan mukofotlarni koʻpaytirish muhimligi qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.