Yosh sportchi Murodjon  Isʼhoqov bilan havo layneridagi suhbat

0
440
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda barkamol avlod tarbiyalashga alohida eʼtibor berilayotganligi tufayli jahon sport maydonlarida javlon urayotgan yoshlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Ular orasida sportning trampolin turi boʻyicha yuqori natija koʻrsatayotgan sportchilar ham koʻpchilikni tashkil etishi quvonarlidir. Ana shunday iqtidorli yoshlarimizdan biri  Murodjon  Isʼhoqov bilan havo laynerida tanishdik.

Samolyotda bemalol suxbatlashish imkoniyati mavjud. Doʻstim, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova bilan suhbatlashib oʻtirib, yonimizda qimtinibgina oʻtirgan, va «buvijonlar choy ichasizmi, suv ichasizmi» deya bizga gʻamxoʻrlik qilayotgan yosh yigitga eʼtibor berdik.Shunday yosh yigit Sochida nima ish qilar ekan, degan fikr oʻtdi, xayolimizdan. Kasbimiz taqozasi ila savol berdik. U ham shuni kutib turgan ekanmi, savolimizga  bajonidil javob qaytardi.

Murodjon ushbu yil noyabr oyida Sankt Peterburgda boʻlib  oʻtadigan jahon chempionatiga trampolin boʻyicha tayyorlaydigan oʻquv mashgʻulotlarida qatnashib qaytayotgan ekan.  “Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi  Nikolay Komlachev va Ruslan Zeynuladdin uchalamizni sarf-xarajatlarimizni qoplab, uch oy chempionatga tayyorladi. Hukumatimizning, xalqimizning umidini oqlashni judda-juda xohlayman”-deydi u ochiq koʻngillik bilan.

– Trampolin bu qanaqa sport turi?

– Gimnastikaning bir turi hisoblanadi. Sportning ushbu turi harakatni muvofiqlashtirish koʻnikmasini shakllantirib, epchillikka oʻrgatadi va kuch-quvvatni rivojlantiradi. Diqqatni maqsadga yoʻnaltirish sariga undaydi.

–OAVlarida oʻqigndik, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti lavozimiga bu yil saylov boʻlib oʻtdi. Hozir rahbarlaringiz kim? 

– Abdullayeva Zarrina Aʼzamovna Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti lavozimiga koʻpchilik ovoz bilan saylandi. 

– OAVlarida Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi dunyoda oltinchi oʻrindaligi haqida xabar berishgan edi. 

– Ha, xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIG) ning Lozannadagi shtab-kvartirasida 2017 yil yakunlariga koʻra eng yaxshi 10ta federatsiya roʻyxati eʼlon qilindi. Xalqaro federatsiya tarkibiga kiruvchi 148 ta milliy tashkilotlar ichida Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi oltinchi oʻrinda qayd etildi. 

– Ushbu oʻrin qaysi mezonlar asosida baholandi? 

– Ushbu baxolashda, ustozlarimizning taʼkidlashicha, birinchi navbatda mamlakatda gimnastika rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil qilish, hakam va murabbiylarimizning Xalqaro gimnastika federatsiyasi tadbirlaridagi faol ishtiroki, oʻzbek gimnastikachilarining musobaqalardagi yutuqlari ham eʼtiborga olingan boʻlishi kerak.

– Nima uchun aynan siz shu sport turini tanlagansiz?

– Akam Muhammadjon Isʼhoqov tadbirkor va fotograf. Koʻp joylarda boʻladi. Koʻplar bilan muloqot qiladi. Akam sportning shu turiga qobiliyatim borligini aytib qiziqtirdi. Shuni aniq taʼkidlashim kerak, mamlakatimizda isteʼdodli yoshlarni aniqlash, jahon sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarning yangi avlodini tarbiyalashga yordam beradigan turli musobaqalarni oʻtkazish anʼanaga aylangan. Ana shu gʻamxoʻrlikning natijasini oʻz taqdirimda his qilaman. Quva tumanidagi 26-maktabda oʻqib yurgan kezlarimda-yoq, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida mamlakat chempionatida gʻolib boʻldim. Bu meni yanada ruhlantirdi.  Mana, mamlakatimiz gʻamxoʻrligi tufayli tajribali murabbiylardan saboq olib qaytayapmiz.

– Mamlakatimizda sportning bu turini rivojlantirishga imkoniyatlari ham  bormi?

–  Ha, bor. Imkoniyat boʻlmaganida Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi aʼzolari trampolin ustalari Yekaterina Xilko hamda Anna Kasparyanlar xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etib, medallarni qoʻlga kiritgan boʻlarmidi?! Ular Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi, jahon kubogi bosqichlari gʻolibi va sovrindorlari boʻlib shakllanarmidi!?

Viloyatlardagi trampolin markazlari, mamlakatimiz poytaxtidagi Badiiy gimnastika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, Respublika Olimpiya zaxiralari kollejining zamonaviy zallarida barcha sharoitlar yaratilgan. Men maktabdan keyin Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida oʻqidim va sportning shu turi bilan shugʻullandim.

 2013 yil Qozoqistonda oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan Osiyo  chempionatida uchinchi oʻrinni, 2016 yilgi Osiyo chempionatida ikkinchi oʻrinni oldim. Oʻtgan yili Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan chempionatda  akrobatika-trampolin yoʻnalishida toʻrtinchi oʻrin nasib qildi.Endi men yigirma yoshdaman kattalar davrasida ishtirok eta boshladim.

– Ushbu sport turining mezonlari qanaqa, qaysi sifatlarga qarab baholanadi? 

– Hakamlik qoidalari boʻyicha sportchining  balandlikka koʻtarilishiga alohida eʼtibor beriladi. Sportchining muntazam ishtiroki, sakrash murakkabligi, uni bajarish texnikasi va parvoz vaqti kabi jihatlar inobatga olingan holda sportchiga  umumiy baho beriladi.

– Oʻzbekiston gimnastikachilari qaysi halqaro bellashuvlarda qatnashishgan? 

– Oʻzbekiston sportchilari 2014 yilning iyunida Yaponiyada oʻsmirlar va kattalar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatida, tajribali trampolin ustalari Janubiy Koreyada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlari, Shveysariyada oʻtadigan jahon kubogi bosqichlari, shuningdek, AQSHda boʻlgan jahon chempionatlarida ishtirok etishgan.Safimizda olimpiada oʻyinlari gʻoliblari ham koʻp. Biz kabi yoshlar uchun ularning hayoti, intilishlari, mahorati tajriba maktabidir.

– Sizga ham Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanma olish nasib etsin. Bu yil oʻzingiz aytgan Sankt Peterburgdagi boʻladigan masʼuliyatli musobaqada omad va zafarlar tilab qolamiz. 

Qoʻqon pedogogika institutining 2-bosqich talabasi Murodjon Isʼhoqov bilan suhbatimiz jarayonida Oʻzbekiston gimnastikachilari dunyosiga, umuman sport olami ummoniga goʻyo shoʻngʻib chiqqandek boʻldik. Mamlakatimizda yoshlarga oʻz imkoniyatlari, isʼtedodlarini namoyon etish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligining  eʼtirofini yoshlarning oʻzidan eshitish yanada yoqimli edi. Bu shukronalikni namoyon etuvchi va unga  undovchi fazilat edi.!

Samolyot yerga qoʻndi. Barcha yoʻlovchilar qarsak chalib, layner boshqaruvchilarini olqishlashdi. El-yurtimiz uchun tinchlik, omonlikning qadri yuksakligini yana bir karra his qildik. Dam olish, sayru sayohat yaxshi, biroq oʻz yurtingning havosi baribir boshqacha.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.