Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar boʻyicha hisobot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu boradagi chora-tadbirlar 7 ta yoʻnalishda amalga oshirildi. Davlatning alohida eʼtiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi taʼminlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga oʻqitildi.
“Yoshlar daftari” orqali koʻrsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetdi, murojaatlarni koʻrib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.
Joriy yilda yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablagʻlari toʻlandi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga oʻqitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.
Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi taʼminlandi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” bu yildan boshlab 4 ta yoʻnalishda –mahalla, maktab, professional taʼlim va oliygohlar tizimida oʻtkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda gʻolib boʻlgan yoshlarning mahallalarida jami 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.
Isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual oʻyinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.
Prezidentimizga Navoiy viloyatida barpo etilgan Toʻdakoʻl xalqaro shaxmat maktabi toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi.
Zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlangan ushbu maktab yil davomida 1 ming 700 nafar oʻgʻil-qizni oʻqitish va 7,5 ming nafar yoshni turli tadbirlar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. U yerda jahon va Osiyo chempionatlari, universiada kabi xalqaro musobaqalarni oʻtkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu maktabga xalqaro grossmeysterlarni olib kelib, olis hududlardagi iqtidorli bolalarni ham jalb qilish, ular uchun shaxmat boʻyicha qisqa muddatli oromgohlar tashkil qilish va tegishli sertifikatlar berishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Shuningdek, u mamlakatimizdagi barcha umumtaʼlim maktablari uchun tajriba va metodika manbai boʻlishi kerakligi, shaxmat darslarini olib borish jarayonini raqamlashtirish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024 yilga moʻljallangan ustuvor vazifalarga ham eʼtibor qaratildi.
Har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy eʼtibor ularni zamonaviy kasb-hunarga oʻrgatishga qaratiladi.
Bolalarning koʻnikmalari, qiziqishlari va isteʼdodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni oʻrganayotgan yoshlarni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlarni 1,5 million nafarga yetkazish choralari koʻriladi. Buning uchun hududlarda qoʻshimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va isteʼdodini roʻyobga chiqarish uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.