Yoshlar muammolarini hal etishda yosh parlamentariylarni faol jalb etish muhim vazifa

0
158
marta koʻrilgan.

Oliy Majlis Senati binosida Yoshlar parlamentining istiqboldagi rejalari muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Senat Raisi, senatorlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari mudirlari  va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Yoshlar parlamenti raisi tomonidan  parlamentning istiqboldagi ish rejalari va yangi loyihalari hamda hududiy aʼzolar faoliyatini yanada jonlantirish va yoshlar muammolarini oʻrganish va chuqur tahlil etish haqida, yoshlar uchun muhim loyiha va takliflar tayyorlash maqsadida hududiy komissiyalar tashkil etilgani toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, Yoshlar parlamenti komissiyalari raislarining joriy yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan loyihalari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Jumladan, respublika miqyosida yangi tashkil etilgan oilaviy bolalar uylari holatlarini oʻrganish va foster oilalar tizimini tatbiq etish mexanizmini ishlab chiqish, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalarining sabablarini tahlil qilish, yosh tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini oʻrganish kabi masalalar yuzasidan komissiya raislari axboroti eshitildi.

Senat Raisi tomonidan Yoshlar parlamenti faoliyatiga doir ustuvor vazifalar alohida sanab oʻtildi. Xususan, yoshlarga oid masalalar va muammolar yuzasidan tegishli takliflarni davlat organlariga, qonunchilik tashabbusi subyektlariga  kiritib borish, shuningdek, davlat organlariga yoshlar tomonidan yoʻllangan murojaatlarning hal etilishi yuzasidan tahliliy axborot va maʼlumotlar tayyorlab borish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Yoshlar parlamenti aʼzolari ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan muammoli masalalarga asoslantirilgan munosabat bildirib, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib borishi lozimligiga alohida eʼtibor qaratildi.

–. Yoshlar – kelajagimiz, shu bois tegishli idoralar bilan hamkorlikda yoshlar muammolarini hal etishda yosh parlamentariylarni faol jalb etishni muhim deb bilaman, – dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. 

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.