Yuksak eʼtiborning eʼtirofi

0
260
marta koʻrilgan.

 Ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga manzilli yordam koʻrsatish masalasiga doir  ishlar samaradorligini taʼminlanishida  Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi zimmasiga eng dolzarb hamda muhim vazifalar yuklatilgan.  

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 mart kunidagi qarori asosida tashkil etilgan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlinmalari, tuman (shahar) shoʻbalari tomonidan ijtimoiy himoyatalab yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy iqtisodiy-manfaatlarini himoyalash, ularning jamiyat hayotiga integratsiyalashuviga koʻmaklashish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga ijtimoiy koʻmak tadbirlari amalga oshirilmoqda.  

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2018 yil 20 iyunda “Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari ishlab chiqarilishini rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi asosida “Saxovat” va “Muruvvat” internat-uylari, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va  mehnat faxriylari uchun sanatoriylarida koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar, nogironlik belgilash va  yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarning manzilliligi taʼminlanmoqda.

Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro nogironlar kunini munosib oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 1-son bayoni ijrosini taʼminlash doirasida bajarilgan vazifalar,  fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, yoshi ulugʻ va yordamga muhtoj kishilarga insonparvarlik yuzasidan berilgan moddiy va maʼnaviy koʻmaklar inson va uning manfaati yuksak qadr topganining yorqin ifodasi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Mazkur bayonga muvofiq oʻtkazilgan “Mehr-muruvvat” oyligida mahalliy hokimliklar, davlat va nodavlat hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga yunaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, mehr-muruvvat oyligida 33 ta “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarida 8,3 ming nafar vasiylikka olingan shaxslar, 27,5 ming nafar ixtisoslashgan maktab-internatlar tarbiyalanuvchilar, 13,9 ming nafar uyida taʼlim olayotgan nogironligi boʻlgan bolalar, hamda hududlarda koʻmakka muhtoj boʻlgan 66724 nafar shaxslar qamrab olindi. Respublika boʻyicha muhtoj fuqarolarga jami 1580  dona nogironlik aravachasi, 829 dona eshitish moslamasi, 1014 dona hassa, 468 juft qoʻltiq tayoq, 130 dona koʻzi ojizlar hassasi, 106 dona xodunok, 3704 dona protez-ortopediya buyumlari yetkazib berildi.

Mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan kir yuvish mashinalari, kir quritish torlari, dazmollar, dazmol stollari, muzlatgichlar, televizorlar, kir yoyish moslamalari kabi maishiy texnikalar hamda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Hududlarda jami 10,2 mlrd. soʻmlik homiylik yordamlari koʻrsatildi. 600 nafardan ortiq yolgʻizlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼmirtalab uy-joylarini taʼmirlandi, bepul tibbiy koʻriklardan oʻtkazildi, sogʻlomlashtirish tadbirlari bajarildi.

Qariyb 3,1 ming nafar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul sanator yoʻllanmalari ajratildi, 1,8 ming nafar ziyod nogironligi boʻlgan shaxslarga reabilitatsiya markazlarida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tadbirlari oʻtkazildi. 17,0 ming nafar ogʻir sharoitdagi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yakka yolgʻiz va yolgʻiz istiqomat qiluvchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning holidan xabar olindi va turli koʻrinishdagi koʻmak koʻrsatildi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorigʻi Kengesi, viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari bilan uchrashuv va davra suhbatlari, davlat va nodavlat jamoat tashkilotlari tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlariga toʻsqinliksiz kirishi va foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus aksiyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha bepul yuridik maslahat xizmatlari tashkil etildi.

2020 yilning 4 dekabr kuni Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi va BMTning Yevropa Ittifoqining OBSE tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan “Xalqaro nogironlar kuni”ga bagʻishlangan konferensiyada Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi va boshqa tegishli tashkilotlar ishtirok etib, “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganidan soʻng, bajarilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar hamda muammolarning yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

Onlayn video-konferensiya koʻrinishida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzXDP Fraksiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston Karlar jamiyat va Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi ishtirokida “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash-ijtimoiy himoyaning mustahkam poydevoridir”mazusidagi davra suhbati oʻtkazildi.

Taʼkidlash lozimki, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan asosda qoʻllab-quvvatlanishi, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, milliy va maʼnaviy qadriyatlarimiz, anʼana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yoshlarni barkamol etib tarbiyalashning muhim omili boʻlib xizmat qiladi. Shu bois, oylik davomida 8337 nafar “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarida vasiylikka olinganlar uchun bayram dasturxonlari yozildi, jami 325 dona turli maishiy texnika uskunalari yetkazib berildi, 52 dona reabilitatsiya texnika vositalari bilan taʼminlandi. Oylik davomida internat uylariga jami 1,9 mlrd. soʻm homiylik va koʻmak koʻrsatildi.

Mana shunday ezgu ishlarda davlat va nodavlat tashkilotlarning ishtirokini ham alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Ayniqsa, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarini qoʻllab-quvvatlash Respublika Vasiylik  kengashi, mahalliy hokimliklar, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi va uning hududiy vakilliklari, mamlakatimizdagi bir qator tijorat banklari hamda ularning hududiy boshqarma va boʻlimlari, kasaba uyushma tashkilotlari, Qizil yarim oy jamiyati, “Sogʻlom avlod uchun” jamgʻarmasi, Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi,  Milliy gvardiya xodimlari faol ishtirok etishdi. Olmaliq togʻ-kon metalurgiyasi kombinati ishchi-xodimlari, mamlakatdagi xususiy shifoxonalar, tadbirkorlar ham faol ishtirok etishdi.

Tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shoʻbalari tomonidan roʻyxatiga olingan 1145 nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz hamda yolgʻiz yashovchi keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shoʻbalarining uyda xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xodimlari bilan Oʻzbekiston Qizil Yarim Oy jamiyatining patronaj hamshiralari  birgalikda uyida patronaj xizmatlari koʻrsatildi. Shuningdek, «Sogʻlom avlod uchun» jamgʻarmasining koʻchma tibbiy-ijtimoiy yordam hududiy brigadalari tomonidan ham 2859 nafar yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslarga patronaj xizmati koʻrsatildi. 2020 yilda hokimiyat organlari tomonidan 1,3 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslar ish bilan taʼminlandi. Kelgusi 2021 yilda bu boradagi ishlarning koʻlamini 7 martaga oshirish rejalashtirilgan.

Qolaversa, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda 21,3 ming nafar, sanatoriy turidagi maktab-internatlarda 6,1 ming nafar oʻquvchilar taʼlim-tarbiya olayotgan nogironlgi boʻlgan bolalarning holidan xabar olindi. 

Darvoqe, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablarida 2020/2021 oʻquv yilida 19 ta kasb boʻyicha 687 nafar oʻquvchi qabul qilingan boʻlib ularga 97 nafar pedagoglar tomonidan dars berib kelmoqda. Shuni ham qayd etish joizki, hozirgi kunda koʻzi ojizlar uchun Respublika Markaziy kutubxonasi, 13 ta viloyat kutubxonalari hamda tuman (shahar)larda ularning 119 ta filiallari faoliyat yuritmoqda. Ushbu kutubxonalarda 540 mingdan ortiq kitoblar mavjud. Ularning 266 mingdan ortigʻi bosma kitoblar, 126 mingdan ortigʻi Brayl yozuvidagi kitoblar, 22 mingdan ortigʻi elektron kitoblardir. 

Koʻzi ojizlar kutubxonalari 2019 yilda 100 dan ortiq koʻchma kutubxonalar tashkil etilgan.  Keyingi yillarda Respublika Markaziy kutubxonasida tashkil etilgan mini tipografiyada 18 nomdagi 1299 ta Brayl yozuvidagi kitoblar chop etilgan. Ovoz yozish studiyasida 17 nomda 221 ta nusxada audio kitob yaratilgan. 

 Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan fuqarolarni oʻksik koʻnglini koʻtarishga qaratilgan eng dolzarb masalalarga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, mavjud 33 ta temir yoʻl vokzallarida nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar yaratilgan.

Toshkent-Janubiy vokzali, Toshkent-Shimoliy vokzali hamda Samarqand temir yoʻl vokzallarida moslashlashtirilgan yer osti oʻtish yoʻlaklari tashkil qilingan. Barcha temir yoʻl vokzallari maxsus aravachalar bilan taʼminlangan va ushbu aravachalar harakatlanishi uchun alohida yoʻlaklar tashkil etilgan.

“Toshkent-Janubiy” hamda Namangan temir yoʻl vokzallarida yoʻlovchilarning erkin harakatlanishlari uchun yuqoriga hamda pastga harakatlanuvchi qurilma (lift) ishga tushgan. 4 ta “Afrosiyob” elektropoyezdining har birida ikkitadan moslashtirilgan joylar ajratilgan. Xalqaro hamda mahalliy yoʻnalishlarda harakatlanuvchi yoʻlovchi poyezdlarni moslashtirish maqsadida 2 dona “nogironligi boʻlgan yoʻlovchilar vagoni” xarid qilindi. Ularning har birida nogironligi boʻlgan yoʻlovchilar uchun 2 tadan joy mavjud. “Toshkent-Janubiy” hamda “Toshkent-Shimoliy” temir yoʻl vokzallarida 4 ta “Surdo-onlayn” tarjimonli planshetlar oʻrnatilgan. Respublikamizning barcha aeroportlarida Xalqaro aviatransport assotsiatsiyasining talablariga va ichki normativ hujjatlarga muvofiq, nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. 

Har bir aeroport va aerovokzallarga kirish va chiqish hududida panduslar oʻrnatilgan, alohida moslashtirilgan xojatxona va moslamalar mavjud. Barcha aeroportlarda nogironligi boʻlgan shaxslarga navbatsiz xizmat koʻrsatish, uzluksiz tibbiy xizmat tizimi yoʻlga qoʻyilgan, moslashtirilgan aravachalar bilan taʼminlangan. Toshkent va Navoiy aeroportlarida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni havo kemasiga ortish va tushirish uchun ambulift mashinalari bilan jihozlangan.

Darhaqiqat, Yangiyer “Muruvvat” internat uyida vasiylikka olingan shaxslar tomonidan ishlab chiqilgan tikuvchilik va toʻquvchilik mahsulotlari, Sirdaryo “Muruvvat” internat uyida vasiylikka olinganlar tomonidan ishlab chiqilgan toʻquvchilik mahsulotlari koʻrgazmasi oʻtkazildi. Mazkur koʻrgazmada 10 turdan ziyod mahsulotlar namoyish etildi. Shu bilan birga, Xiva «Muruvvat» nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida esa haykaltaroshlik, rassomchilik va duradgorlik ustaxonalari ishga tushirildi. Ushbu yoʻnalishlar boʻyicha vasiylikka olinuvchilar orasidan layoqatlilari tanlab olindi. Hozirgi kunda ustaxonalar faoliyati  yoʻlga qoʻyilgan va ularning mehnat maxsullari turli koʻrgazmalarda ishtirok etish uchun tanlab olindi.

Xullas, aytaversak, yuqoridagi kabi jozibali misollar juda koʻp. Islohotlarning hayotbaxsh samaralari har qadamda yaqqol seziladi. Chunki, amalga oshirilayotgan har qanday islohot markazida hamisha inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari turadi.

Xulosa qilib aytganda, nogironligi boʻlgan shaxslari, yolgʻiz keksalari qadrlangan yurtning hayoti nurafshon, fayzli, qut-barakali va albatta, ertangi kuni yanada porloq boʻladi.

Anvar QOBILOV, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi Matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.