14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Oʻzbek davlat sirkida bayram dasturi boʻlib oʻtdi. Ushbu bayram dasturida sirk artistlari, tosh koʻtarish sporti boʻyicha Jahon va Osiyo chempionlari, “Jar” sport sogʻlomlashtirish kompleksi yosh sporchilari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya Temurbeklar harbiy maktabi oʻquvchilari, 23-mehribonlik uyining harbiy vatanparvarlar guruhi, xoreograf Yuliya Pak boshchiligidagi “Funny kids” bolalar raqs jamoasi hamda “Bliss” raqs guruhi qatnashishdi.
Sirk artistlari oʻz sanʼatlarini mohirona namoyish etishdi. Sportchilar, harbiy oʻquvchilar oʻz tomoshalari bilan barchani xushnud etishdi. Shuningdek, orkestr joʻrligida kuylashib, sportning goʻzal mashqlarini ham ijro etishdi.
Bayram dasturidan keyin tomoshabinlar bilan suhbatlashdik.
— Bugungi sirk bayram dasturiga biz singillarim bilan Qirgʻizistonning Jalolobodidan tashrif buyurdik, — deydi Raʼnoxon Tadjixodjayeva. — Bizga har bir chiqishlar juda yoqdi. Ayniqsa 23-mehribonlik uyidan kelib qatnashgan harbiy vatanparvarlar guruhining chiqishlari eʼtiborimizni tortdi. Bu albatta, davlat har bir bolaga isʼtedodini yuksaltirish uchun qulay sharoit yaratganligidan dalolatdir. Kichkintoylarning katta sahnada, bayram tadbirlarida oʻzlarining qobiliyatlarini namoyish eta olishlari yuksak gʻamxoʻrlik namunasidir. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyaevga ming rahmat. Chegara yoʻllari ochilgani juda yaxshi boʻldi. Mana endi biz Oʻzbekistonda yashaydigan jigarlarimizni koʻrgani bemalol kelayapmiz. Ushbu bayramni uyushtirgan sirk jamoasiga ham tashakkur. Juda chiroyli tadbir boʻldi. Oʻzbekiston yurtining barcha erkaklarini Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman! Ilohim ezgu tilagim yurtlarimiz tinch boʻlsin!
Latofat SAʼDULLAYEVA