Oʻzbekiston ayollarni ulugʻlab-ardoqlab, olijanob qadriyatlarini amalda namoyon qilayotgan mamlakat sifatida obroʻ-eʼtibor qozonmoqda. Xususan, 8 mart bayrami munosabati bilan yana bir bor muhtarama ayollarning shaʼniga qalb toʻridagi eng samimiy soʻzlarni, ehtiromni izhor etish uchun imkoniyat tugʻildi.
AOKA direktori A.Xodjayev va mutasaddi xodimlar ommaviy axborot vositalari sohasida uzoq yillar faoliyat yuritgan, koʻplab yetuk shogirdlarni kamol toptirgan faxriy jurnalistlarni qutlashdi. Ularning soha rivoji va jamiyat taraqqiyoti yoʻlidagi xizmatlarini alohida eʼtirof etib, milliy jurnalistikamiz takomillashuvida ustozlar tajribasi poydevor boʻlganini taʼkidlashdi.
Ulardan biri bayram arafasida yuz yosh bilan yuzlashgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Faridaxonim Usmonovadir.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida tahsil olgan ijodkor faoliyatini sobiq “Sovet Oʻzbekistoni” ( hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasida boshlagan. Undan soʻng uzoq yillar “Toshkent haqiqati”da bosh muharrir oʻrinbosari boʻlib ishladi. Umri davomida oʻz ustimda tinmay ishladi. Koʻplab shogirdlarga ustozlik qildi.
Farida Usmonova badiiy ijod bilan ham shugʻullandi. “Bahor malikasi”, “Mehri daryolar”, “Yaxshilik umri” deb nomlangan risolalar, “Dil faryodi” romani, “Onanoma”, “Hijron”, “Qiz kelin” kabi qissalar, “Sinov”, “Ona bagʻri”, “Choliqushi” dramalarini yozdi.
Ustoz ijodkorning oʻzbek matbuoti va adabiyoti rivojiga qoʻshgan xizmatlari inobatga olinib, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Onaxon jurnalistni gujum. uz sayti jamoasi ham bayram bilan qutlaydi.
gujum. uz