Zahro Hasanova: KITOB – SEN OSMONIMSAN!

0
506
marta koʻrilgan.
Zahro Hasanovani yosh kitobxonlar yaxshi bilishadi. Chunki uning sheʼrlari  tanlovlarda gʻoliblikka erishib, bolalarning yozgi oromgohlarida gimn sifatida yangragan.
Shoiraning  “Zukko alifbo”, “Kutilmagan sovgʻa”, “Topishmoq va tez aytishlar”, “Koʻzmunchogʻim” kabi kitoblaridagi ayrim hikoya va sheʼrlari maktab darsliklari  hamda maktabgacha taʼlim dasturlaridan joy olgan.
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida ijodkorning «Kitob – sen osmonimsan» deb nomlangan yana bir sheʼrlar toʻplami «Azmir nashr print» nashriyotida chop etildi. Mamlakatimiz rahbari bolalar adabiyoti haqida qaygʻurayotgan bir pallada begʻubor olam, ularning ruhiyati, kayfiyati aks etgan sheʼrlar jamlanmasi shunga javob boʻladi, deb oʻylaymiz.
Muallifning ushbu kitobidagi sheʼriy satrlardan jajji qalblarning shirin orzularini, tiniq fikrlari hamda begʻubor tuygʻulari ifodasini va bolalik suruurini his etasiz. Shoiraning sheʼrlarini oʻqigach, bolalar olamiga kirib, koʻnglingiz yorishadi, soʻzning sehrli olami bolaligingizga  qaytaradi.
Bolalarning sevimli shoirasi  ushbu kitobini poytaxtning Yunus Rajabiy nomidagi mahallada faoliyat boshlagan ochiq osmon ostidagi minikutubxonamizga ham armugʻon qildi. Tadbirda esa shoira  yetakchilik qilayotgan “Gulxan” jurnali kitobxonlar oʻrtasida talash boʻlib ketdi. Kitobga chanqoq yoshu kattani kuzatar ekanman, xalqimizning sheʼriyatga oshuftaligidan, kitobu jurnallarga chanqoqligidan faxrlandim. Kichkintoy kitobxonlarning qoʻlida  ochiq osmon ostidagi minikutubxonaning kitoblarini oʻqiyotganini koʻrganimda juda-juda xursand boʻlaman. Ular orasida Zahro Hasanovaning “Kitob – sen osmonimsan” sheʼrlar toʻplami ham kichkintoylarga nur ulashmoqda.
Raʼno ZARIPOVA, GUJUM.UZ cayti rahbari
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.