Zaxmatkash, jonkuyar opa-singillar – Yangi Oʻzbekistonning oltin fondi

0
89
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasida keyingi yillarda  xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikka erishish borasida koʻplab ijobiy natijalarga erishildi. Buni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqini eshitganimizda yana bir karra his qildik.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining  bu yil yaʼni “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirilishiga oid davlat dasturi qabul qilindi. Ushbu hujjat keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan koʻplab takliflar asosida ishlab chiqilib, xalqona dasturga aylandi.

 Dasturda belgilangan barcha vazifalar inson omiliga qaratilgan. Chunki, u jamiyatimizning barcha qatlami hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini qonuniy himoya qilish, faolligini oshirish, iqtidorini yuzaga chiqarish, bandligini taʼminlashga oid bir qator vazifalar belgilangan. Masalan, dasturda oilaviy zoʻravonlik qurbonlariga nisbatan jabrlanuvchining talabiga koʻra, sud tomonidan nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishlarni soddalashtirilgan tartibda koʻrish va hal qiluv qarorini chiqarish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Mazkur oyning 11-22-mart kunlari AQSHning Nyu-York shahrida BMT Xotin-qizlar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasi boʻlib oʻtishi bnlgilangan edi. Ushbu tadbirning asosiy eʼtibori gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambagʻallikni bartaraf etish orqali xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilishi taʼkidlangandi.

Oʻzbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish va xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish borasida 5 yil davomida koʻplab ijobiy natijalarga erishganligini inobatga olgan holda BMTning Ayollar tashkiloti Markaziy Osiyo va Ozarbayjon uchun maslahatlashuvlarni aynan Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha taklifini bildirgandi. Mazkur maslahatlashuvlar joriy yilning 12-fevral kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati BMT Ayollar tashkiloti bilan hamkorlikda “Gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambagʻallikni bartaraf etish, institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash orqali barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida oʻtkazildi.

 Ushbu tadbir  Oʻzbekistonda oʻtkazilgani bejiz emas. Mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlar natijasida zarur tajriba va amaliyot toʻplandi, xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotda toʻliq va teng huquqli ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksida deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi boʻlishi zarurligi  mustahkamlab qoʻyilganida ushbu eʼtiborni yaqqol koʻrish mumkin. Natijada  2021 yilda Oʻzbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi.  Ushbu koʻrsatkich boʻyicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-oʻringa koʻtarildi.

Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi esa 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga yetgani ayniqsa eʼtiborlidir.

Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.

–  Soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobarga koʻpayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 ming nafardan oshdi. Birgina 2023 yilda 279 mingdan ziyod tadbirkorlik loyihalariga 13 trillion soʻmdan ortiq kredit, qariyb 57 ming nafar xotin-qizga salkam 300 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Eng asosiysi – 400 mingdan ortiq opa-singillarimiz ish bilan taʼminlandi.dedi mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu yilgi Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida.

Darhaqiqat, Vatanimiz va xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollarimizdan 17 nafari eng oliy mukofot – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Xotin-qizlarimiz orasida 5 nafar akademik, oliy taʼlim muassasalarining oʻzida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi faoliyat olib boryapti. Shuningdek, “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Xalq artisti”, “Xalq oʻqituvchisi” va boshqa faxriy unvonlarga sazovor ayollar mehnat qilmoqda.  Mamlakatimiz Prezidenti oʻtgan yilgi 8- mart munosabati bilan Oʻzbekiston  xotin – qizlariga tabrigida  “Bunday jonkuyar opa-singillarimizni Yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi”,– deya eʼtirof etganlari barcha ayollar uchun faxrdir.

 Oʻtgan yili Adliya vazirligi 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston qonunchiligida ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar koʻrsatib oʻtilgani boʻyicha maʼlumot berdi. Biz uni saytimizda ham chop etdik. Ushbu maʼlumotlarni bu yil ham saytimizga qoʻyamiz, ular bilan batafsil tanishish mumkin. Bugungi tilga olinayotgan yutuqlar ana shu  qonunchilikdagi huquq va imtiyozlarning samarasidir.

Ana shu imkoniyat va imtiyozlar  tufayli bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan boʻlsa, hozirgi vaqtda bu raqam qariyb 5 barobar  koʻpaydi, talabalar orasida qizlarning ulushi 50 foizga yetdi.

Yangi tartibga muvofiq, magistraturada oʻqiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlar uchun 68 milliard soʻmdan ziyod kontrakt pullari davlat tomonidan toʻlab berildi. 65 mingdan koʻproq talaba xotin-qizlarga 727 milliard soʻmga yaqin foizsiz taʼlim krediti ajratildi.

Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi boʻyicha besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlar oliygohlarga alohida kvota asosida oʻqishga qabul qilindi.

Endilikda jurnalistika sohasidagi raqamlarga eʼtibor bersak. Mustaqilligimiz arafasida respublikada  atigi 2 ta jurnalning bosh muharrirlari ayollar edi. Oʻzbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiya va fidoyi ijodkor Yayra  Saʼdullayeva. Hozir qirqdan ortiq gazeta va jurnal hamda internet nashrlarning bosh muharrirlari  ayollardir. ”Gulxan”, “Gʻuncha”, “Tong yulduzi”  kabi bolalarga atalgan gazeta-jurnallarning rahbarlari ayollardir. Shuningdek,  koʻpgina viloyat va tuman ommaviy axborot vositalariga  ham ayollar rahbarlik qilmoqdalar. Masalan, “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasining rahbari Soliyajon Raximberganova, Chinoz tuman gazetasi bosh muharriri Surayyo Axmedova, Surxondaryodagi «Ayol va zamon» nashri rahbari    Kamola Yusupova, Koʻshkoʻpir tuman gazetasi rahbari Mehribon Tillayeva shular jumlasidandir. Jumladan, oʻzim ham GUJUM.UZ internet nashrning rahbariman. Saytimiz bu yil yozda yetti yoshga toʻladi. Bularning bari mustaqil Vatanimiz, yangi Oʻzbekiston siyosati  sharofatidir.

Bu yilgi 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Prezident qarorida jurnalistika sohasida  ishlayotgan bir guruh  ijodkor ayollar ham  taqdirlandi. Ular safida  «Qoraqalpoq adabiyoti» gazetasi bosh muharriri Annaklicheva Gulistan Axmedovna «Mehnat shuhrati» ordeni bilan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi, jurnalist Axmedova Maxsuma Toʻxtamurodovna «Doʻstlik» ordeni bilan, «Gʻuncha» jurnali bosh muharriri Shamalikova Dilfuza Shayunusovna «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi. Shuningdek, ilmga, qonunchilikni rivojlantirishga munosib  hissa qoʻshib kelayotgan, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Xodjayeva Sayyora Ataxanovna «Doʻstlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Davlat mukofotiga munosib koʻrilgan, Yangi Oʻzbekistonning oltin fondi boʻlmish barcha ayollarni  saytimiz tahririyati nomidan muborakbod etamiz.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.