Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning beshta muhim tashabbusidan biri kitobxonlikka, mutolaaga muhabbatni oshirish boʻlib, bu borada koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti Yoshlar ittifoqi kengashi qoshida maxsus “Yoshlar kutubxonasi” tashkil etildi.
Kitob – boylik, ilm insoniyat maʼnaviyatini yuksaltiradi, ruhiy ozuqa beradi. “Yoshlar kutubxonasi” talabalar mutolaasi uchun oʻziga xos hudud boʻlib, bunda badiiy mutolaa, ijod zavqi, maʼnaviy ehtiyojlar, ilm olish jarayonlari qizgʻin kechmoqda. Talabalar ustozlari hamda tengdoshlari dastxati tushirilgan, porloq tilak bitilgan kitoblarni maroq bilan oʻqimoqda.
Qolaversa, har haftada kitobxonlik aksiyalari, etyud shou, yosh dramaturg, ijodiy parvoz, mening kitobim kabi bir qator badiiy kechalar va uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Institut Yoshlar ittifoqi sardori B.Ubaydullayev hamda yetakchi K.Umarovlar barcha talabalarni kitobxonlik aksiyasiga chorlamoqda. Siz ham oʻz dastxatingiz tushirilgan kitoblar bilan ushbu aksiyada ishtirok eting va millat maʼnaviyati, yurt ravnaqi yoʻlida oʻz hissangizni qoʻshing! Zero, siz sovgʻa qilgan kitoblar kelajak yoshlarining maʼnaviy yuksalishida xizmat qilsin!
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi Matbuot kotibi