Mamlakatimizda mahallabay asosida ishlash bugungi kun talabi. Ziyolilarning mahalla ahli, ayniqsa yoshlari bilan uchrashuvlari bolalar uchun katta motivatsiya boʻladi. Ana shunday tadbirlar Urganch davlat universitetida anʼanaga aylangan.
Kuni kecha universitetning Fizika-matematika fakulteti “Axborot texnologiyalari” kafedrasi oʻqituvchisi Sh.Yusupov Shovot tumanining “Yangi Boʻrloq” mahallasida joylashgan 7-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida AKT toʻgaragi doirasida Informatika fanidan seminar oʻtkazdi. Ochiq muloqot asosida oʻtgan tadbir bolalarning bilmaganini soʻrab oʻrganishiga imkoniyat yaratdi.
Shuningdek, mahallaning uyushmagan yoshlari va maktabning yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida sportning voleybol, shaxmat va shashka turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi. Musobaqalarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Urganch davlat universiteti Matbuot xizmati