Zuhriddin Qodirov: “Ushbu gʻalabam biz yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi”

0
149
marta koʻrilgan.

Ayni kunlarda BAAning Dubay shahrida qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sablyachilar tantanali kutib olindi. 

Mustaqil Oʻzbekiston tarixida qilichbozlik boʻyicha birinchi jahon chempioni Zuhriddin Qodirovning natijasi Prezidentimiz tomonidan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Qahramonimiz tantanali kutib olish marosimi va davlat mukofotini qabul qilib olganidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:

“Bundan 7 yil oldin Toshkentda qilichbozlik boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati boʻlib oʻtganida ushbu sport turiga mehrim uygʻongan. Dunyoning eng kuchli qilichbozlari qanday bellashayotganini koʻrish katta zavq bergan. Shundan soʻng qilichbozlik zaliga borib, ushbu sport turi bilan shugʻullana boshladim. Qisqa vaqt ichida qilichbozlik oʻzidagi shijoat va joziba bilan meni oʻziga tortdi. Ayniqsa, sablya quroliga mehrim koʻproq tushdi va shu yoʻnalishda shugʻullana boshladim.

Yillar oʻtib yosh bolalar, soʻng oʻsmirlar oʻrtasidagi mamlakat chempionatida shohsupaga koʻtarildim. Prezidentimizning bizga dunyoning eng kuchli murabbiylarini olib kelgani biz yoshlarga yanada katta motivatsiya berdi. Vladimir Nazlimov kabi 3 karra Olimpiada va 10 karra jahon chempioni terma jamoada murabbiylik qilar ekan, kelajakda men ham ustozimiz kabi yuksak marralarni zabt etishimga ishonaman.

BAAda oʻtgan jahon chempionatida erishgan gʻalabam mening bu niyatim shunchaki xayoldagi orzu emas, uddalash mumkin boʻlgan vazifa ekanini koʻrsatdi. Musobaqada qilichbozlik sporti taraqqiy etgan Kanada, Misr, Vengriya, AQSH va Germaniyadan boʻlgan raqiblarimni magʻlubiyatga uchratishga erishdim. Bu gʻalabam davlatimizning biz yoshlarga sport bilan shugʻullanishimiz uchun yaratib berayotgan sharoitlarining samarasi. Shu oʻrinda tengdoshlarimga oʻzlari istagan sport turi bilan shugʻullanishlarini tavsiya qilaman. Zero, buning uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar bor.

Musobaqadan soʻng Ona vatanimizga qaytib kelganimizda bizni dastlab Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida, soʻng Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi binosida katta tantana bilan kutib olishdi. Ayniqsa, gʻalabam evaziga Prezidentimizning “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi Farmoni Sportni rivojlantirish vaziri tomonidan oʻqib eshittirilayotgan lahzalar hayotimning eng quvonchli onlari boʻldi.

Farmon oʻqilayotganda oldimda oʻtirgan onamga qarar ekanman, koʻzlaridan oqayotgan quvonch yoshlarini koʻrib, bu chempionlik yoʻlidagi barcha mashaqqatlar butunlay unutildi. Axir bir farzand uchun bundan ortiq yana qanday baxt boʻlishi mumkin?! Bu gʻalabamda ustozlarim qatori oilamning ham beqiyos oʻrni bor. Ularning qoʻllab-quvvatlashi menga har doim kuch bergan. Kelgusida Olimpiya oʻyinlarida ham gʻalaba qozonib, ota-onamni kechagidek dunyoning eng baxtli insonlari qilish niyatidaman va buning uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilishga vaʼda beraman».

Manbaa: Olympic.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.