Gʻilaylik kasalligi sabablari va uni oldini olish

0
232
marta koʻrilgan.

Ushbu kasallik boshidan lat eyish, bosh miya xastaliklari, ogʻir kechgan homiladorlikdan keyingi holat, sochning koʻzga tushib turishi, notoʻgʻri taqilgan koʻzoynak sabab boʻlishi mumkin. Homiladorlikning birinchi oylarida koʻz mushaklarining notoʻgʻri rivojlanishi, psixologik kasalliklar yoki bosh jarohatlanishi bolalarda gʻilaylik kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, nimadandir qattiq qoʻrqish sababli ushbu kasallikning kelib chiqish holatlari hayotda koʻplab uchraydi. Koʻz qiri bilan qiya qarash, qizamiq, qizilcha, gripp, difteriya (boʻgʻma) kabi infeksion kasalliklar yaxshi davolanmasa ham gʻilaylikka sabab boʻlishi mumkin. Uzoqni yoki yaqinni koʻrolmaslik, astigmatizm, anizometropiya kabi tugʻma koʻz kasalliklari sababli ham gʻilaylik kelib chiqishi ehtimoli bor.

KASALLIKNING OLDINI OLISH. Chaqaloqlarning belanchagi yoniga yorqin rangdagi oʻyinchoqlarni osadigan boʻlsangiz, albatta uning eʼtiborini tortadi va u oʻyinchoqqa uzoq vaqt tikilib qaraydi. Shuning uchun oʻyinchoqni karavotdan 50 sm. uzoqlikka ilish toʻgʻri boʻladi. Agar farzandingizda gʻilaylik xastaligi aniqlansa, oʻyinchoqlarni karavotning ikki tomoniga osib qoʻying. Shunda u ha deb toʻgʻriga qarayvermaydi. Mayda oʻyinchoqlarga ham yaqindan tikilish shu kasallikka sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun kattaroq hajmdagi oʻyinchoq sotib oling va uni farzandingizga yaqinlashtirmasdan uzoqroqdan qarating.

Ikki yoshdan toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalar rasm daftariga yoki kitobga juda yaqin masofadan tikilib chizayotgan, kitob oʻqiyotgan yoki televizor tomosha qilayotgan boʻlsa, uzoq masofada oʻtirishlarini uqtirish, hattoki, bir muddat televizor tomosha qilishni taʼqiqlab qoʻyish kerak boʻladi. Bu yoshdagi bolalarning koʻrish qobiliyati toʻgʻri rivojlanishi uchun naqsh ishlash sanʼati (mozaika), kaleydoskop, stol ustida futbol, xokkey va badminton oʻyinlari foydali hisoblanadi.

OVQATLANTIRISH. Bolalar A, Ye, S vitaminlariga boy taomlarni koʻproq isteʼmol qilishlariga eʼtibor berish kerak. Sabzi sharbatiga lavlagi va bodring sharbatini qoʻshib ichish tavsiya etiladi.

KOʻZ GIMNASTIKASI gʻilaylik kasalligida qoʻshimcha davo hisoblanadi. Quyidagi mashqlarni bajarib yurish bemorlar uchun samarali yordam beradi.

1-mashq. Oftobga teskari turgan holatda, bir tomonga koʻzni ogʻgdirib va uni ochiq qoldirib, toʻgʻriga qaragan koʻzni qoʻl bilan berkitiladi. Bosh koʻz ogʻgan tomonga oftob nurini tushirmasdan buriladi. Ushbu harakatlarni kamida 10 marta takrorlash tavsiya etiladi.

2-mashq. Boshingizni orqaga tashlagan holatda burningiz uchiga bir oz vaqt qarab turing. Agar bu mashqni yosh bola bajarayotgan boʻlsa, “tasavvur qil burningni uchida chivin turibdi”, deb bolangizni qiziqtiring.

3-mashq. Qoʻllaringizni oldinga uzating, keyin koʻrsatgich barmogʻingizni galma-galdan burningiz uchiga tekkazing. Nigohingizni qoʻllaringizga qarating. Mazkur mashqni tez-tez va uzoq vaqt takrorlang, toki koʻzingiz charchab koʻz yoshi chiqquncha.

4-mashq. Qoʻlingizga koʻrsatgich tayoqchaga oʻxshagan buyumni olib uni oldingizga joylashtiring. Shu buyum yordamida har tomonga betartib harakatlar qilib, koʻzingizni buyum uchiga qarating.

5-mashq. Kaftingiz bilan koʻzlaringizni mahkam yoping. Yorugʻlik tushmaganligini tekshirib koʻring. Qorongʻilikda koʻzingizni ochib turli buyum va narsalar shaklini tasavvuringizda chizing. Masalan: apelsin, gul, ilon, kvadrat va boshqalar.

Yuqorida qayd etilgan muolajalarni 1,5-2 yil muddatda taʼsiri sezilmasa, unda jarrohlik yoʻli bilan davolash amalga oshiriladi. Ammo, jarrohlik operatsiyasidan keyin ham ushbu gimnastikani qoʻllash lozim. Mashgʻulotlar koʻz faoliyatini meʼyoriga keltiradi.

Gʻilaylikni operatsiyasiz maxsus koʻzoynak taqish bilan ham tuzatish mumkin. Faqat shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilish lozim.

Tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova  tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.