AROMATERAPIYa – xushboʻy iforlar bilan davolash

0
964
marta koʻrilgan.

Qadimdan xalqimiz xonadonlarida yotoqxona behi va olmalarni yotoqxona va mehmonxona tokchalariga terib qoʻyish urf boʻlgan. Ularni tinchlantiruvchi xususiyatga egaligini bilishgan.

Momolarimiz rayxonni quloqlariga ildirib yurishni xush koʻrishgan. Bu ham bejiz emas. Chunki u antiseptik xususiyatga ega boʻlib, turli xil hashoratlar hididan qochgan. Isiriqni taʼriflamasa ham boʻladi. Uning shifobaxsh xususiyatlarini barcha yaxshi biladi. Atrguldan xushboʻy murabbolar tayyorlashgan.

Qadimdan dunyodagi barcha halqlar turli hid va iforlar kishiga shifo bagʻishlashi va uning salomatlikka ijobiy taʼsiri haqida maʼlumotlarga ega boʻlishgan. Atrofimizda tasodifiy hidlar yoʻq, ularning har biri tanamiz yoki uning bir nechta aʼzosiga, shuningdek, kayfiyatimiz va salomatligimizga taʼsir qiladi. Baʼzi iforlar quvonchli holatlarga sabab boʻlsa, boshqasi tinch va xotirjam uxlashga koʻmak berishi bilan ahamiyatlidir. Alloma Abu Ali ibn Sino oʻz kitoblarida bular haqida batafsil yozib qoldirgan.

Darhaqiqat, ishdagi charchoqlar, bosh ogʻrigʻidan holi boʻlish, ertangi kun uchun kuch-quvvat yigʻishda xushboʻy iforlarning tutgan oʻrni oʻzgacha. Biz buni bir soʻz bilan – aromaterapiya deb ataymiz.

Aromaterapiya bilan davolash 3 guruhga boʻlinadi. Quyida ular bilan qisqacha tanishtiramiz.

Iforli vanna qabul qilish. Qadimdan issiq hammom qabul qilishda efir moyidan foydalanish anʼanasi mavjud. Efir moyini asal va sutning kosmetik aralashmasiga qoʻshishingiz mumkin. Bunday aromatik vannani qabul qilish 5 daqiqadan 30 daqiqagacha davom etadi. Uning turli foydali xususiyatlari bor. Masalan, bir necha tomchi mandarin moyi qoʻshib choʻmilish charchoqni bartaraf qiladi va kayfiyatni koʻtaradi.

 Xonani xushboʻylantirish. Xonani tez-tez iforli chiroqlar va shamlar yoki  yoqimli hidga ega tayoqchalar yordamida xushboʻylantirish mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, har narsada meʼyor boʻlgani maʼqul. Ulardan muntazam foydalanish, kam shamollatladigan xonalarda qoʻllash tavsiya etilmaydi. Har qanday iforli shamlar parafin va turli xildagi boʻyoqlar aralashmasidan tayyorlangani sababli ularning yonishi, tutashi jarayonida toksik (zaharli) moddalar – benzol va toluol moddalarining qismlari ajralib chiqadi. Bu esa astma, teri kasalliklari, ekzemaga sabab boʻlishi mumkin.

 Xushboʻy yogʻlar vositasida uqalash. Bu yoqimli va foydali davo sanaladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, efir moyidan   teriga moʻl surtib ishlatilsa,, allergiya ham chaqirishi mumkin.

Aromaterapiyani qoʻllashga qarshi koʻrsatmalar koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Bu borada, toʻgʻridan-toʻgʻri qarshi koʻrsatmalar mavjud emas. Ammo, allergik xastaliklar bilan ogʻrigan kishilar ifor tanlashda oʻta eʼtiborli boʻlishlari kerak. Sitrus mevalardan allergiyasi boʻlganlarga limon, mandarin, apelsin va greyfrut hamda bergamot ifori  tavsiya etilmaydi.

 Ifor tanlash katta ahamiyatga ega. Oʻzingiz uchun notanish boʻlgan iforli suyuqlikni xarid qilishda ehtiyot boʻling. Baʼzilari  bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishiga sabab boʻlishi ham mumkin. Chunki, odam organizmining har biri oʻziga xos.

Turli iforlar haridida ayniqsa, homilador va emizikli ayollar eʼtiborli boʻlgani maʼqul. Notoʻgʻri tanlangan mahsulot nojoʻya taʼsir etishi oqibatida homilador ayollarda qon ketishi, emizikli ayollarda esa bolada allergiyaning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Xushboʻy iforlardan foydalanganda farmatsevi va vrachlar bilan maslahatlashing, Ehtiyotkorlik bilan ishlating!

Bayram oqshomida xonadoningiz xushboʻy iforlarga, quchoq-quchoq anvoyi gullarga toʻlsin!

 Fazilat Saʼdullayeva, 1-Respublika tibbiyot kolleji katta oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.