Bahor kelishi bilan kunlarning uzayishi va ilishi, tabiatni uygʻonishi yaxshi kayfiyat, orzu va umidlarni oʻygʻotadi. Shu bilan birga bahor faqat xursandchilik emas, balki organizm kuchsizlanishi, charchashi, juda koʻp kasalliklarning kuchayishi davri hamdir.
Tirnoqlarning sinishi yoki “sochiqsimon” boʻlishi, terining qurishi, sochlarning toʻkilishi koʻpchilikda odatiy hollardan biri. Bularning hammasi vitaminlar yetishovchiligi — gipovitaminozning belgilaridir. Agar bu holat koʻproq davom etsa, yurak oʻynashi, paylarning tortishishi, nafas, oshqozon-ichak va boshqa kasalliklarning kuchayishi ham roʻy berishi mumkin. Qadimdan xalqimiz ilk bahor ayyomini “ilik uzildi”davri deb izohlaydi. Bahordagi vitaminlar taqchilligi holati, ayniqsa, yosh bolalar, homilador va emizikli ayollarga kuchli taʼsir qiladi. Bu holatni tibbiyot hodimlari bahor astenozi (kuchsizlanishi), yoki bahor gipovitaminoz stressi deb atashadi.
Vitaminlarning 40 dan ortiq turi boʻlib, ularning har biri oʻziga inson organizmiga oʻziga xos fiziologik taʼsirga ega.
Vitamin A. Uning yetishmasligidan shapkoʻrlik (qorakoʻrlik) kasalligi kelib chiqadi, bolalar boʻyi oʻsishdan qoladi. U qon hosil boʻlishini tezlashtiradi va oksidlanish jarayonlarida qatnashadi. Terining qurib, koʻchishi ham A vitaminning yetishmasligidan sodir boʻladi. Odam tez charchab, boʻshashadi. Bu vitamin sabzi, pomidor, chakanda (oblepixa), otquloq, chetan, itburun, bolgar kalampirda, naʼmatak, petrushka, baliq yogʻi, sariyogʻ, jigar, buyraklar hamda tuxumda koʻp miqdorda uchraydi.
Vitamin D. Bu vitamin organizmda kalsiy va fosfor almashinuvida faol qatnashadi. Vitamin D ning yetishmovchiligi tez charchash, boʻshashish, suyak va boʻgʻinlar ogʻrigʻining kuchayishi, diabet, gipertoniya va boshqa kasalliklarning kuchayishiga sabab boʻladi.
Uning yetishmasligidan bolalarda suyaklanish jarayoni buziladi, natijada raxit kasalligi kelib chiqadi, bunda oyoq suyaklari tana vazniga bardosh berolmasdan qiyshayib qoladi. Tanadagi boshqa suyaklarning rivojlanishi ham vitamin D yetishmasligi natijasida koʻngildagidek boʻlmaydi, bola yuqumli kasalliklarga tez beriluvchan, yaxshi uxlamaydigan, injiq boʻlib qoladi. Bu vitamin oʻsimlik mahsulotlarida juda kam boʻlib, hayvon mahsulotlaridan baliq yogʻi, sariyogʻ, tuxum sarigʻi, sut va dengiz mahsulotlarida koʻp boʻladi. D vitamin teriga quyosh nuri taʼsir etishi bilan sintezlanadi. Shuning uchun bolalarda qishda kuyosh nurining yetishmovchiligidan keyin bahor paytida ushbu vitaminga ehtiyoj ayniqsa koʻp seziladi.
Vitamin Ye. Vitamin Ye koʻpayish vitamini deb ham yuritiladi, chunki u pushtsizlik va bola boʻlmaslik holatlarini oldini olishda katta yordam beradi. U hujayralarga erkin radikallarning oʻtishini toʻxtatadi, yurak muskullari va tana muskullarining ishlashini yaxshilaydi. Vitamin Ye kamayganda organizmning umumiy zaiflashuvi bilan birga jinsiy kuchsizlanishi ham roʻy beradi. Bu vitamin asosan oʻsimlik mahsulotlarida uchraydi. Grechka, chakanda, ismaloq, yongʻoq, unib chiqadigan bugʻdoy, suli va boshqa donlarda ham u koʻp boʻladi.
Vitamin S. Bahorda bu vitaminning yetishmasligi tufayli umumiy darmonsizlik, milklarning qonashi, koʻruv qobiliyatining kamayishi roʻy beradi. S vitaminning tanqisligi kuchayib ketsa, singa kasalligi kuzatilib, bunda milklar yalligʻlanadi, tishlar tushib ketadi, tanada oqsillar almashinuvi buziladi, organizmning turli kasalliklarga beriluvchanligi kuchayadi. Bu vitamin mevalar va poliz mahsulotlarida, ayniqsa qora smorodina, itburun, ismaloq, tuzlangan karam, rediska, apelsin, limon, mandarin, chakanda, ukrop, petrushka, kashnichlarda koʻp boʻladi.
Vitamin V1 nerv tizimi ishi va uglevodlar almashinuvini yaxshilaydi. Uning ovqat tarkibida boʻlmasligi periferik asablarining yalligʻlanishi (polinevrit), yurak va hazm tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi. Yetishmasligidan tez charchashlik, lanjlik hollari kelib chiqadi. Boshoqli va dukkakli oʻsimliklarda, tuxum sarigʻi, achitqi, jigar, buyrak va yurak toʻqimalarida vitamin V1 koʻp boʻladi.
Vitamin V2 yetishmaganida odamda lab terisi zararlanadi, yorilib usti qoramtir poʻst bilan qoplanadi. Keyinchalik koʻz va tana terisining boshqa qismlari ham zararlanadi, teri poʻst tashlay boshlaydi, kamqonlik, nerv tizimi faoliyati buzilib, hushdan ketish hollari ham uchraydi, qon bosimi pasayib ketadi. Bu vitamin non, pomidor, sut mahsulotlarida, tuxum, jigar, goʻshtda koʻp uchraydi.
Vitamin V6 yetishmasa oqsil almashinuvi buziladi, muskullar kuchsizlanadi, tortishib qoladi, sochlar tushib ketadi, ishtaha yoʻqoladi. Vitamin V6 sholi kepagi, dukkaklilarda, karam, sabzi, jigar, goʻsht va buyraklarda koʻp boʻladi.
Vitamin V12 yetishmasligi kamqonlik kasalligiga olib keladi, ayniqsa qizil qon tanachalari — eritrotsitlar miqdori kamayib ketadi. Bu meʼda shilliq pardasida hosil boʻladigan vitamin boʻlib, baliq, jigar, buyraklarda koʻp uchraydi.
Vitamin RR yetishmasligidan ogʻizdan koʻproq soʻlak ajralishi va ich ketish hollari uchraydi, teri dagʻallashib qoladi. Agar ushbu vitamin yetishmasligi uzoq muddat davomida kuzatilsa, ruhiy kasalliklar kelib chiqadi. Ushbu darmondori sabzi, kartoshka, noʻxat, bugʻdoy va suli urugʻida, sut, goʻsht, jigarda uchraydi.
Yuqorida koʻrinib turibdiki, vitaminlar inson hayotida muxim ahamiyatga ega boʻlib, ayniqsa, bahor paytida organizmimizning ularga boʻlgan talabchanligi ortadi.
Insoniyat paydo boʻlganidan boshlab atrof-muhitdagi oʻsimliklarning mevalari, barglari, poyalari, turli xil jonzotlarning goʻshtlarini toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmol qilish bilan tirikchilik qilgan. Bunday ovqatlanish million yillar mobaynida davom etib, evolyusion nuqtai nazardan kishilarning qon-joniga singib ketgan. Natijada tanadagi barcha tiriklik jarayonlarining meʼyorida borishi aynan shunday ovqatlanishga, yaʼni «sogʻlom» ovqatlanishga moslashib borgan. Tabiiy yaʼni “tirik” taomlar (donlar, sabzavotlar, koʻkatlar va h.z.) tarkibi energetik qiymatga ega boʻlmasa-da, hayot uchun zaruriyat boʻlgan – vitaminlar va boshqa biologik faol hamda maʼdanli moddalar mavjud. Biroq, aksariyat qismi qovurish, qaynatish, bugʻlatish tufayli parchalanib ketadi, choʻkma holiga tushadi, bir soʻz bilan aytganda, bunday sharoitda ular oʻz kuchini yoʻqotadi. Qishda ham biz xoʻl sabzavot va mevalarni isteʼmol qilishga harakat qilamiz. Lekin isteʼmol qilgunga qadar, ular odatda koʻp saqlanadi, transportlanadi, saqlash uchun turli ishlovlarga duchor boʻladi, xullas, dasturxonimizga yetib kelguncha, bu meva va sabzavotlarning foydali xossalari kamayadi: vitaminlar miqdori kamayadi va biologik faol moddalarning strukturasi butunlay oʻzgaradi. Shuning uchun konservalangan, qoʻshimcha tozalangan va qoʻshimcha ishlov berilgan mahsulotlarni isteʼmol qilinishi ham, organizmni tiklay oluvchi energiyaning manbasi boʻla olmaydi.
Bahor faslida kundalik ovqat bilan birga vitaminlarga boy mahsulotlarni ayniqsa, koʻkatlar, sabzavotlarni yangi uzilgan holda isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Taomlar tayyorlashda, mahsulotlarga kamroq termik ishlov berish, yaʼni kamroq qaynatib va qovurib, imkoniyati boricha (70% gacha) xom isteʼmol qilish zarur.
Ayniqsa, dalalarda yangi unayotgan jagʻ-jagʻ, ismaloq, otquloq, yalpiz, beda, chumchuqkoʻz, momoqaymoq, qichitqi oʻt, zubturum, shoʻra, semizoʻt va boshqalardan tayyorlangan taomlar biz uchun qish oxiri va bahor boshlarida eng foydali oziqadir. Endigina nish urib chiqqan don mahsulotlari vitaminlar va boshqa biologik faol moddalar, biogen unsurlarga juda boy boʻladi. Tanani aytilgan moddalar bilan boyitishda undirilgan boʻgʻdoy, sulilardan salat va boshqa taomlarni tayyorlash bahordagi avitaminoz stressni oldini olishning eng qulay va arzon usulidir.
Bahorda kunda yogʻsiz goʻsht, tuxum, sut-qatiq va baliq mahsulotlarini isteʼmol qilish ham maqsadga muvofiq, chunki ular almashinmaydigan aminokislotalarga boy boʻlib, ularning bir nechtasi, hatto bittasi isteʼmol taomida boʻlmasa ham, oqsil taqchilligining kelib chiqishi muqarrar. Oqsillardan tashqari turli vitaminlar, magniy, kalsiy, yod va boshqa mineral unsurlarni tutuvchi oziqalarni (dengiz mahsulotlari, ismaloq, loviya, mosh, noʻhat, soya, bugʻdoy, arpa, tariq, makkajoʻxori, suli, yongoq, kartoshka va boshqalar)ni ovqat ratsioniga kiritilishi ham umumiy ahvolni yaxshilaydi.
Halqimiz ham qadim-qadimdan bahor paytida foydali oʻsimliklardan bir qancha taomlar tayyorlashni bilganlar va bu anʼana hozirgacha saqlanib kelmoqda. Bunday taomlar qatoriga koʻk chuchvara, koʻk somsa, koʻk manti, sumalak, xalim kabilarni misol qilib olishimiz mumkin. Bularning har biri darmondorilarga boy boʻlib, bular orasida ayniqsa, sumalak oʻzining toʻyimliligi, vitaminlarga boyligi, energetik oziq moddalarning koʻpligi bilan ajralib turadi.
Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sino «Ovqatni oʻylamasdan yeyaversang bir kuni u ham seni yeydi» deganlaridek, bahordagi yegan-ichganga beparvolik birinchi navbatda ish qobiliyati pasayish va salomatlikning kushandasidir. Shuning uchun bahorda oqilona ovqatlanish orqali asabiylashish, avitaminozlar va boshqa surunqali kasalliklardan eng arzon va oson yoʻl bilan muhofazalanish mumkin. Toʻgʻri mahsulot isteʼmol qilish natijasija vujudimiz koʻpgina zarur vitaminlar, biologik faol moddalar va biogen unsurlar bilan toʻliq taʼminlanadi, tanamiz doim sogʻ, kayfiyatimiz va mehnat unumdorligimiz yuqori boʻladi.
Qoʻchqarova Lyubov Salijanovna, Oʻzbekiston milliy universiteti professori, biologiya fanlar doktori