Behini xalqimiz qadim-qadimdan davo vositasi sifatida keng qoʻllashgan. Momolarimiz esa uni yotoqxonasining tokchalariga terib qoʻyishgan. Chunki, behi tushkunlikka qarshi va tabiiy tinchlantiruvchi vosita ham hisoblanadi.
Yangi uzilgan behini isteʼmol qilish biroz qiyin. Sababi uning mazasi taxir va oʻzi qattiqdir. Mevani ancha vaqtgacha saqlash mumkinligini hisobga olsak uni erta bahorda yeyish ancha foydali. Birinchidan, meva ancha yumshaydi, ikkinchidan esa uning hidi yanada xushboʻylashib ishtahani ochadi.
Shifobaxsh ushbu meva parhez tutuvchi insonlar uchun juda foydali. Behi tarkibida A, V1, V2, V6, S, Ye, RR vitaminlari va bir qator makro va mikroelementlar mavjud. Ayniqsa, kaliyga boy hamda olma va limon kislotasi ham mavjud.
Behi tarkibida koʻplab antioksidant moddalar mavjud, u saratonning oldini oladi. Bu meva tarkibidagi antioksidantlar askorbin kislotasidan ustun turadi. Ushbu meva viruslarga qarshi vosita boʻlib, gripp kasalligida samarali natija beradi.
Yapon olimlarining taʼkidlashicha ushbu mevaning meʼda yarasi kasalligini davolashda ham qoʻllash mumkin. Behini koʻp isteʼmol qilgan insonlarda koʻz va jigar kasalliklariga chalinish holatlari kuzatilmaydi.
Ushbu mevani koʻpchilik olma va nokning yaqin qarindoshi deb hisoblaydi. Lekin behi ularga nisbatan qattiq va taxirligi bilan ajralib turadi, buning natijasida esa hazm qilishda muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Behini qadim-qadimdan davo vositasi sifatida keng qoʻllashgan. Ichak faoliyatini yaxshilash va davolash maqsadida behi murabbosi va damlamasidan foydalanishgan. Bu mevaning foydali tarkibi taxikardiya (yurakning tez urishi), ich ketishi va gepatit (sariq) kasalligida yaxshi samara beradi. Behi mevasidan tayyorlangan damlamani esa kamqonlikda isteʼmol qilish mumkin. Damlamani tayyorlash uchun 10 gr. quritilgan mevaga 100 ml. qaynoq suv quyiladi va damlanadi. Ovqatlanishdan oldin 1 osh qoshiq miqdorida isteʼmol qilinadi.
Qadimda behi mevasini ich ketishga qarshi vosita sifatida qoʻllashgan. Chunki, uning tarkibida koʻp miqdorda pektin moddasi mavjud boʻlib, u organizmdagi salmoqli tuzni va radionuklid moddasini chiqarishni osonlashtiradi. Tarkibida pektin moddasining koʻpligi sababli behidan murabbo va marmelad tayyorlash uchun ajoyib xomashyo olinadi.
Mevaning urugʻi ham juda foydali. Behi urugʻi suv bilan aralashtirilganda shilliq modda hosil boʻladi, bu moddadan balgʻam koʻchirishda, yoʻtalga qarshi vosita sifatida, bronxit, gripp, OʻRVI (oʻtkir respirator virusli infeksiyalar)da qoʻllaniladi. Bu turdagi shilliq moddadan stomatologiyada gingvit, glossit va parodontozda foydalaniladi.
Behi bargidan qilingan tindirma (nastoyka) bronxial astma xuruji vaqtida yordam beradi. Bu tindirma uchun 5 dona behi bargini 200 ml. qaynagan suvga solinadi. Bu meva bargidan qilingan choy peshob haydovchi vosita hamda siydik pufagi kasalliklarida samarali natija beradi.
Choy tayyorlash uchun 1 osh qoshiq miqdorda quruq behi bargini va shuncha miqdorda urugʻini 200 ml qaynagan suvga solinadi va past olovda 5-6 daqiqa qaynatiladi. Sovutilgan choy suzgichdan oʻtkaziladi. Mazali boʻlishi uchun oz miqdorda asal qoʻshsa ham boʻladi. Kun davomida 1 osh qoshiqdan 3-4 marta isteʼmol qilinadi. Shuningdek, behidan tayyorlangan tindirma inson organizmida kislotaning oshib ketishiga yoʻl qoʻymaydi.
Tibet tibbiyotida ushbu mevadan organizmda qon aylanishi va moddalar almashinuvini yaxshilash hamda ortiqcha yogʻ moddalarini parchalash maqsadida foydalanishgan. Bu meva tarkibida 10 foizdan koʻp askorbin kislotasi, 5 foiz limon kislotasi, olma va boshqa kislotalar mavjud.
Pishib yetilgan behi tarkibida S vitamini va juda koʻp miqdorda kaliy, pektin, kalsiy, fosfor, natriy moddalari mavjud. Xalq tabobatida behidan oʻpka kasalligida ham foydalanishgan.
Fazilat SAʼDULLAYEVA, farmatsevt